Jahon | 08:48 / 20.04.2023
6154
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya rossiyaliklarning aktivlarini muzlatish guruhiga kirmaydi

Ukrainada urush boshlanganidan beri Shveytsariya Rossiyaning 7,5 milliard frank qiymatidagi aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Biroq, Bern Rossiyaning xususiy mulklarini musodara qilishdan bosh tortyapti, chunki bu mavjud huquqiy tartibni buzadi.

Foto: EPA

Shveytsariya hozirda Rossiya fuqarolarining aktivlarini muzlatish bo‘yicha xalqaro REPO (Russian Elites, Proxies and Oligarchs) ishchi guruhiga qo‘shilish niyatida emas. Bu haqda 19 aprel, chorshanba kuni mamlakat Iqtisodiyot, ta’lim va fan federal boshqarmasi ma’lum qildi. Biroq, Bern kelajakda ushbu guruh ishida ishtirok etishi mumkinligini tan oldi.

«Shveytsariya REPO ishchi guruhiga rasman qo‘shilish zaruriyatini ko‘rmayapti. Agar kelajakdagi a’zolik Shveytsariya manfaatlariga mos keladigan bo‘lsa, Federal kengash vaziyatni qayta ko‘rib chiqishi mumkin», — deyiladi bayonotda.

Ukrainaga bo‘lgan tajovuz munosabati bilan sanksiyalar ostida qolgan rossiyaliklarning aktivlarini qidirish va muzlatish bo‘yicha REPO ishchi guruhi 2022 yil mart oyida AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan tuzilgan, keyinchalik unga G7 barcha a’zo davlatlari kirdi.

2023 yil aprel oyi o‘rtalarida G7 Shveytsariyaga Rossiyaning sanksiyalangan aktivlarini bloklash bo‘yicha faoliyatini tanqid qilib, maktub yo‘lladi. G7 maktubida Shveytsariyaning sanksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini ta’kidladi, ammo ularni chetlab o‘tishga qarshi kurashda qat’iyroq siyosat zarurligini bildirdi.

Mavzuga oid