Jahon | 19:22 / 21.04.2023
10622
2 daqiqa o‘qiladi

NATO a’zolari Ukrainani alyansga qabul qilinishiga rozi - Stoltenberg

Ammo tashkilot Ukrainaning a’zo bo‘lishi uchun «yo‘l xaritasi» yoki muddat belgilamagan.

Foto: Reuters

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg tashkilotning barcha a’zolari Ukrainani «oxir-oqibat» alyansga a’zo bo‘lishiga rozi ekanini aytdi. Uning so‘zlaridan Reuters iqtibos keltirdi.

NATO yetakchilari 2008 yilda Ukraina qachonlardir alyansga qo‘shilishi haqida va’da berishgan va Stoltenberg buni 2022 yilning fevralidan beri takrorlab keladi. Ammo tashkilot Ukrainaning a’zo bo‘lishi uchun «yo‘l xaritasi» yoki muddat belgilamagan.

Yaqinda Stoltenberg Kiyevga tashrif buyurib, «Ukrainaning qonuniy o‘rni Yevro-Atlantika oilasida» ekanini e’lon qildi va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga iyul oyida Vilnyusda o‘tkaziladigan NATO sammitiga taklifnoma topshirdi.

Bunga javoban Zelenskiy NATO Ukrainaga alyansga qo‘shilish uchun «munosib siyosiy taklif» yuborishi kerakligini aytdi. «Ukraina arizamiz ma’qullanishi uchun hamma narsani qildi», dedi u.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Stoltenbergning Kiyevga tashrifi munosabati bilan Ukrainaning Shimoliy Atlantika alyansiga kirishi mumkinligi haqida shunday dedi: «Kreml bunday istiqbollarni baholamaydi».

Shu bilan birga, u Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga yo‘l qo‘ymaslik, albatta, Rossiyaning Ukrainadagi urushi maqsadlaridan biri ekanini ta’kidladi. «Chunki aks holda bu mamlakatimiz uchun, uning xavfsizligi uchun jiddiy xatar tug‘diradi», deb tushuntirdi u.

Mavzuga oid