Jamiyat | 17:51 / 25.04.2023
19035
3 daqiqa o‘qiladi

Ikki el birdamligi ramzi: O‘sh shahrida “Bobur” nomli o‘zbek akamedik drama teatri ochildi

Ochilish marosimida O‘zbekiston tomonidan jamoatchilik faollari, san’atkorlar hamda hukumat vakillari ishtirok etdi.

Nafaqat poytaxt Toshkentdan madaniyat va san’at vakillari, balki Farg‘ona vodiysi viloyatlari teatrlari jamoalari hamda OAV xodimlaridan iborat katta delegatsiya “Do‘stlik” o‘tkazish punktida katta tantana bilan kutib olindi. Dastlab O‘sh shahri, “Sulaymon too” kompleksi va mahalliy muzeylar bilan tanishuv bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng har ikki tomon vakillari teatrning yangi binosi hovlisiga yig‘ildilar. Yuz yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan mazkur teatr uzoq yillar ta’mirtalab ahvolda bo‘lgan. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va zarur yordamni berishi tufayli teatr to‘liq rekonstruksiya qilindi va tomoshabinlarga taqdim etildi.

Ochilish marosimida ishtirok etgan Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov o‘z nutqida shunday dedi:

– Bu teatrda ulug‘ san’at darg‘alari faoliyat yuritishgan, repertuari ham juda boy. Men o‘zim san’atkor sifatida kamida besh marta bu teatr bag‘rida konsert berganman. Teatrning qayta ochilish marosimini mamlakatimiz oldida turgan katta tadbir – referendumdan keyin, may oylarida o‘tkazishni rejalashtirgandik. Ammo davlatimiz rahbari aynan hayit bayrami kunlarida bu dargoh Qirg‘iziston eliga, o‘shlik qadrdonlarimizga o‘ziga xos tuhfa bo‘lishi zarurligini tayinladilar. Shu bois bugun go‘zal tantanada yig‘ilib turibmiz. Istagimiz, bu madaniyat maskani yana asrlar davomida shu ikki qardosh xalqqa xizmat qilsin.

O‘zbek milliy akademik drama teatri rahbari Yodgor Sa’diyev so‘zga chiqarkan kelgusidagi hamkorlik haqida to‘xtalib o‘tdi:

– Bu teatr ayanchli sharoitda ishlab turgan paytlari kelib, yuragimiz ezilib duolar qilganmiz, yorug‘ kunlar kelishiga ishonganmiz. Bugun yaratganning o‘zi shu kunlarga yetkazdi. Endi biz bu teatr jamoasini tinch qo‘ymaymiz, doimiy hamkorlik o‘rnatamiz. Bular bizga borishadi, biz tez-tez kelib turamiz va ijodimizdan muxlislarni bahramand qilamiz. Bir so‘z bilan aytganda O‘shdagi “Bobur” nomli akamedik drama teatri Toshkentdagi milliy akademik drama teatrining ukasi deyish mumkin.  

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, konsert dasturlari, tabriklar hamda teatrning ramziy ochilish marosimidan so‘ng O‘zbekiston va Qirg‘iziston teatr aktyorlarining hamkorlikda tayyorlangan, Zahiriddan Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Ayrolik” spektakli namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid