Ukraina qarshi hujumga qanday tayyorlanmoqda? Asosiy savollar
Kiyevga qanday qurollar kerak? Pentagondan maxfiy ma’lumotlar sizdirilishi rejalarga ta’sir qiladimi?
Ukraina rasmiylari 2022 yil oxiridan beri frontdagi qarshi hujum haqida gapirib kelmoqda. Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilovning ishontirishicha, Ukrainaning qarshi hujumi qayerda va qachon boshlanishini butun sayyora bo‘yicha faqat besh kishi bilmadi. Aprel oyi boshida AQSh razvedkasi va Pentagonning Ukraina va Rossiya armiyalarining hozirgi ahvoli haqida ma’lumot beruvchi maxfiy hujjatlari tarmoqlarda tarqalib ketdi. Haqiqiyligi to‘liq aniq bo‘lmagan ma’lumotlarda Ukraina qurolli kuchlarining hujumkor brigadalari 2023 yil 30 aprelgacha tuzilishi kerakligi ta’kidlangan.
«Ukrainskaya pravda» gazetasi jurnalistlari Ukraina hukumati va harbiy tuzilmalaridagi o‘nlab manbalar bilan suhbatlashgan va qarshi hujumga tayyorgarlik qanday olib borilayotgani, G‘arb qurollari ta’minoti va AQSh maxfiy hujjatlari oshkor etilishi hujumga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida ma’lumotlar to‘plagan.
Qarshi hujum qachon boshlanishi mumkin?
2023 yil fevral oyi boshida Ukraina harbiy-siyosiy rahbariyati vakillari tomonidan G7 diplomatlari uchun o‘tkazilgan yopiq brifinglarda qarshi hujum operatsiyasi boshlanadigan vaqt sifatida «aprel-may» oylari aytilgan. Bu haqda jurnalistlarga uchrashuvlarda ishtirok etgan diplomatik doiralardagi suhbatdoshlar xabar bergan.
Ammo hozir bu vaqt allaqachon «may-iyun» oylariga o‘zgargan. Buning sababi Kiyevga G‘arb qurol-yarog‘larini yetkazib berishdagi kechikishlardir. Shuningdek, suv toshqinlari bilan birga kelgan haddan tashqari nam ob-havo ham harbiy logistika va og‘ir texnikalar harakatini qiyinlashtirmoqda.
«Pentagondan sizdirilgan, qisman ishonchli bo‘lib ko‘rinayotgan hujjatlar qarshi hujumning to‘xtatilishiga olib kelmaydi. Bizning haqiqiy rejalarimiz haqida u yerda bir og‘iz ham so‘z aytilmagan», degan Ukraina xavfsizlik xizmatining yuqori martabali amaldori jurnalistlarga.
Ukraina harbiy rahbariyati vakillarining fikricha, maxfiy hujjatlar oshkor etilishi Moskva uchun emas, balki Vashington uchun foydaliroqdir. Bu ular keng ko‘lamli harbiy ma’lumotlarga egaligini ko‘rsatmoqda va ikki tomon ham jang maydonida urushni tugata olmasligiga ishora qilmoqda. Chunki urushayotgan tomonlarning hech biri strategik ustunlikka ega emas.
Ukraina qarshi hujumga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?
«Ukrainskaya pravda» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyi boshida Zelenskiyning ofisida yopiq yig‘ilish bo‘lib o‘tgan, unda qarshi hujum uchun tuzilgan yangi harbiy brigadalarni to‘ldirish uchun kuratorlar tayinlangan. Yig‘ilishga faqat eng ishonchli mansabdor shaxslar taklif etilgan, bular Ukraina prezidenti devoni boshlig‘i o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari, davlat banki va energetika sohasi top-menejyerlari, urush davrida o‘z samaradorligini ko‘rsatgan bir qancha vazirlar va deputatlar.
«Aslida, bu Zelenskiyning yaxshi ideyasi. Bu uning odamlari va ular harbiylarga tezkor yordam berishi mumkin. Shuningdek, prezident bu orqali brigadalar bilan boshqa to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa kanaliga ega bo‘ladi va hech bir harbiy yoki amaldor prezident devoniga muammo bor paytda hammasi joyida ekani haqida yolg‘on xabar bera olmaydi. Ko‘pgina amaldorlar va menejyerlar brigadalarga shu yerda va hozir kerak bo‘lgan ta’minot zanjirlarini qanday qilib to‘g‘ri va tezroq tashkil qilishni aniq biladi», deya tushuntirgan prezident jamoasidagi manba.
«Ukrainskaya pravda»ning yozishicha, Ukraina qurolli kuchlari va Milliy gvardiyaning kamida 16 ta brigadasi qarshi hujum operatsiyasiga tayyorlanmoqda. Bu taxminan 40-50 ming askar degani. «Meduza» nashri ma’lumotlariga ko‘ra esa, hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgan 22 ta brigadaning soni va nomlari ma’lum.
«Hujum gvardiyasi» deb nomlangan eng ko‘zga ko‘ringan to‘plam Milliy gvardiyaning yetti brigadasi («Bo‘ron», «Spartak», «Chervona Kalina», «Chegara», «Azov», «Qoratog‘», «Tavriya»), Davlat chegara xizmatining «Po‘lat chegara» nomli brigadasi hamda Ukraina Milliy politsiyasining «G‘azab» brigadasidan tashkil topgan.
«Ukrainskaya pravda» ma’lumotlariga ko‘ra, «Hujum gvardiyasi» brigadalari butkul yangidan tuzilmagan, balki mavjud jangovar bo‘linmalardan qayta tashkil qilingan. Masalan, «Chegara» va «Bo‘ron» brigadalari Severodonetsk, Lisichansk va Baxmutda mudofaa operatsiyalarida ishtirok etgan bo‘linmalar asosida tuzilgan.
«Bo‘ron» brigadasi batalonlaridan birining komandiri Konstantin Vaxromeyev jurnalistlarga uning bo‘linmasida yangi xizmatchilar atigi 20 foizni tashkil qilishini aytgan. Bo‘linmaning qolgan askarlari esa jangovar bo‘lmagan qismlardan o‘tkazilgan faol harbiy xizmatchilar va milliy gvardiyachilar. Vaxromeyevning bataloni 700 kishidan iborat bo‘lib, undan 400 nafari shturmchi piyodalar, qolgan 300 nafari esa artilleriyachilar va ta’minot bo‘linmalari a’zolaridir. Barcha harbiy xizmatchilar 45 kunlik tayyorgarlikdan o‘tadi. Harbiy shifokorlar, sapyorlar va serjantlar chet elda — Polsha, Buyuk Britaniya va Germaniyada tayyorlanadi.
«Biz hujumkor otryadlarga e’tibor qaratamiz. Chunki bizning vazifamiz ichkariga yorib kirish va dushmanga zarba berishdir. Ana o‘shanda Ukraina qurolli kuchlari ortimizdan kirib, mustahkam o‘rnashib oladi. Texnikalardan bizda zirhli transportyorlar va minomyotlar bor», deydi Vaxromeyev.
U o‘z bo‘linmasining tayyorgarligini 75 foizga baholagan. Komandirning so‘zlariga ko‘ra, oldinda hali bir oylik mashg‘ulotlar bor. Biroq, «Hujum gvardiyasi»ning ba’zi jangchilari allaqachon janglarda qatnashmoqda. Masalan, «Bo‘ron» brigadasi Luhansk oblastidagi front chizig‘ining bir qismini himoya qilyapti.
Ukraina qurolli kuchlarining yangi brigadalari esa, noldan va ortiqcha shovqinsiz tuzilmoqda. Pentagonning sizdirilgan ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari go‘yoki 12 ta yangi jangovar brigada tuzadi va ulardan to‘qqiztasi AQSh va NATO tomonidan o‘qitilib, qurol-yarog‘ bilan ta’minlanadi.
«To‘g‘risi, harakatdagi jangovar bo‘linmalarni olish, to‘ldirish, ularga yangi texnikalar berish, muvofiqlashtirish va ulardan haqiqiy zarbdor musht yasash yaxshiroq bo‘lardi. Bu mushtni har qanday yo‘nalishda samarali qo‘llash mumkin. Biz esa hozir nima qilyapmiz? Biz hujumga yangi bo‘linmalarni yubormoqdamiz. Ulardan ba’zilari albatta qurollarini tashlab, qochib ketadi, chunki ularning aksariyati ko‘chadan olib kelingan odamlar», degan shaxsi sir qolishini so‘ragan tajribali va nufuzli batalon komandirlaridan biri.
Qarshi hujum uchun Kiyevga qanday qurollar kerak?
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy dekabr oyida The Economist nashriga bergan intervyusida Ukraina armiyasiga qarshi hujum uchun 300 ta tank, 600-700 ta piyodalar jangovar mashinasi va 500 ta gaubitsa kerak bo‘lishini aytgandi. Biroz vaqt o‘tib, g‘arblik ittifoqchilari Ukrainaga tanklar va havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berilishini e’lon qildi. Samolyotlar yetkazib berish masalasi esa hozircha ochiqligicha qolmoqda.
«Ukrainskaya pravda» nashrining mamlakat qurolli kuchlaridagi qurol-yarog‘ betkazib berish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan suhbatdoshi yetkazib berilayotgan qurollarning sifatini asosiy muammo deb atagan.
«Siyosatchilar tomonidan e’lon qilish va real tayyorgarlik ikki xil narsa. Ularning texnikalari ham ko‘pincha ochiq osmon ostida saqlanadi va qog‘ozda ajoyib ko‘rinuvchi narsalar reallikda ancha boshqacharoq bo‘ladi. Shuning uchun ham yetkazib berish sekinlik bilan davom etmoqda», deydi u.
Kiyevga birinchi navbatda kerak bo‘luvchi qurollar quyidagilardir:
- 150 kilometrgacha uchuvchi GLSDB snaryadlari ega HIMARS qurilmalari;
- HARM radarga qarshi raketalari;
- havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun Patriot, NASAMS, IRIS-T raketalari;
- nishon olish to‘plamlariga ega JDAM bombalari;
- Abrams, Challenger, Leopard tanklari;
- Humvee zirhli avtomobillari;
- 155 millimetr kalibrli M777 gaubitsalari;
- 500 ming snaryad.
«Ukrainskaya pravda» nashrining aksariyat manbalari qarshi hujumni siyosiy maqsadlarga ko‘ra emas, balki Ukraina qurolli kuchlarining tayyorgarligiga qarab boshlash kerakligiga qo‘shilgan.
«Urushning borishiga siyosiy va diplomatik omillardan tortib, to‘g‘ri tuzilgan ta’minot zanjiri va shaxsiy tarkibning motivatsiyasigacha bo‘lgan bir qator omillar ta’sir qiladi. Agar bu omillarning barchasi to‘g‘ri amalga oshirilsa, muvaffaqiyat Ukraina qurolli kuchlari tomonida bo‘ladi», deydi nashrning Ukraina Bosh shtabidagi suhbatdoshlaridan biri.