Jahon | 23:53 / 26.04.2023
17970
2 daqiqa o‘qiladi

«Bu yaxshi» - AQSh Zelenskiy va Si o‘rtasidagi suhbatga munosabat bildirdi 

Qo‘shma Shtatlar agar Rossiya Ukrainadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqsa, urush «darhol» tugatilishi mumkinligiga ishora qildi. 

Foto: AFP

AQSh Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Xitoy rahbari Si Jinping o‘rtasidagi telefon suhbatini olqishladi. 

«Biz buni yaxshi deb hisoblaymiz. Endi bu qandaydir mazmunli tinchlik uchun harakat, reja yoki taklifga olib keladimi, buni hozircha bilmaymiz», dedi Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha vakili Jon Kirbi. 

«Biz uzoq vaqtdan buyon bu urush tugashini xohlayotganimizni aytmoqdamiz», dedi u va agar Rossiya Ukrainadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqsa, «darhol» tugatilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. 

«Agar muzokaralar orqali tinchlik o‘rnatiladigan bo‘lsa, oldin prezident Zelenskiy bunga tayyor bo‘lishi, buni kuchli pozitsiyadan amalga oshirishi kerak. Biz adolatli tinchlikka erishish uchun har qanday sa’y-harakatlarni albatta olqishlaymiz, agar bu tinchlik adolatli, barqaror va ishonchli bo‘lsa. Agar ukrainaliklar va prezident Zelenskiy shaxsan bunga harakat qilmasa va qo‘llab-quvvatlamasa, u barqaror yoki ishonchli bo‘lmaydi», dedi Kirbi. 

26 aprel kuni Volodimir Zelenskiy va Si Jinping telefon orqali muloqot qildi. Suhbatdan keyin Zelenskiy hududiy kompromiss evaziga tinchlik o‘rnatib bo‘lmasligini aytdi. Zelenskiyning matbuot kotibi esa Ukraina va Xitoy tinchlik rejalarining «kesishish nuqtalari» borligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid