Sport | 13:51 / 27.04.2023
36822
22 daqiqa o‘qiladi

Angliyada chempionlik intrigasi o‘ldirildi, Ispaniyada «Barsa» ham yutqazdi. Yevropada kun o‘yinlari

Yevropa futbolida chorshanba oqshomida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: CATHERINE IVILL/GETTY IMAGES

Gvardiola jamoasi oltin o‘yinda g‘alaba qozondi, barchasi Holandning superrekordi bilan yakunlandi.

APL. 33-tur
Manchester Siti — Arsenal 4:1

Gollar: De Bryuyne (7, 54), Stounz (45+1), Holand (90+4) — Holding (86).
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Stounz, Diash, Akanji, Gundo‘g‘an (Mahrez, 72), de Bryuyne (Alvares, 80), Rodri, Grilish (Foden, 87), Silva, Holand.
Arsenal – Remsdeyl, Uayt, Holding, Gabriel, Zinchenko, Jaka (Jorjino, 60), Parti, Edegor (Smit-Rou, 71), Saka (Nelson, 80), Martinelli (Trossar, 60), Jyezus (Nketia, 80).
Ogohlantirishlar: Diash (45), Grilish (75), Parti (76), Rodri (88).

Eng yaxshilar jangi

«Arsenal» va «Manchester Siti» bir necha oydan buyon APL chempionligi uchun kurashdagi asosiy ikki da’vogar sifatida ko‘riladi, ammo «shaharliklar» faqat so‘nggi haftalarda turnir jadvalida peshqadamga yaqinlashib oldi. Bu o‘yin oldidan paradoksal vaziyat yuzaga keldi: «Arsenal» besh ochkolik farq bilan oldinda joylashgan, ammo yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha «shaharliklar»ning vaziyati yaxshiroq edi, chunki jamoada ikkita zaxira o‘yini bor. Shuning uchun «Etihad»dagi o‘yinda mezbonlarni emas, londonliklarni faqat g‘alaba qoniqtirardi.

Undan ham ajablanarlisi, sobiq rahbarining jamoasiga qarshi Mikel Arteta hech qanday global yangilik o‘ylab topmadi: «Arsenal» mutlaqo kutilmagan tarkibda maydonga tushdi. Boshlang‘ich tarkibdagi asosiy va yagona o‘zgarish — o‘tgan turda «Sauthempton»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan Jakaning maydonga qaytishi bo‘ldi.

Ammo bu ispaniyalik mutaxassis «Siti»ga umuman tayyorlanmaganini anglatmaydi. Aksincha: «Arsenal» tuzilmasi o‘zgardi va futbolchilar shunday tizildiki, maydonning alohida uchastkalarida, ayniqsa pressing chog‘ida son jihatdan ustunlikka erishish mumkin edi. Bu model ish berishi mumkin edi, agar Gvardiola ham taktik o‘zgarishlarga qo‘l urmaganida.

Pepdan syurpriz

2023 yilgi «Manchester Siti» nimasi bilan ajralib turadi? Birinchi navbatda, albatta, Holandning anomal samaradorligi bilan. Ikkinchisi — qanot himoyachilaridan qaysi birigadir harakatlantiruvchi rol berilishi: Stouns, Ake, Lyuis yoki Akanji doimiy ravishda hujum boshlanishida qanotdan tayanch zonaga o‘tadi, «shaharliklar» sxemasi 3-2-5 ko‘rinishida transformatsiya bo‘ladi. «Siti» bu yildagi har bir o‘yinda shunday tryukni amalga oshirdi va barcha bunga ko‘nikdi. Arteta jamoasini raqibning aynan shunday taktikasiga tayyorlagandi.

Gvardiola esa shunday bo‘lishini bilardi va bunday taktikadan voz kechdi.«Siti»ning barcha to‘rt himoyachisi to‘p darvozadan o‘yinga kiritilayotganida o‘z pozitsiyalarida qolishdi va o‘z o‘zidan «Arsenal» forvardlarini chalkashtirib yubordi. Bunday sxema mezbonlarga kengroq o‘ynash va mehmonlarning tajovuzkor bosimidan osonlik bilan chiqib ketish imkonini berardi. Natijada londonliklar oldingi chiziqda hech qanday ustunlikka ega bo‘la olmadi.

Albatta, «Siti» futbolchilari ham odatiy pressingni unutmagan «Arsenal» bunga ham tayyor emasdek ko‘rindi. O‘yin boshlanganidan ko‘p o‘tmay Arteta gol o‘tkazib yuborishga yaqin keldi va futbolchilar juda asabiy ko‘rinardi. De Bryuynening goli o‘yinning mantig‘idan kelib chiqdi, garchi u faqat yettinchi daqiqaga kelib urilgan bo‘lsa ham.

Remsdeylning seyvlari

«Siti»ning birinchi samarali hujumi Gvardiola bu o‘yin uchun taktikani qanday o‘zgartirgani haqidagi illyustratsiya vazifasini o‘tadi — mezbonlar yuqori pressingdan xotirjamlik bilan chiqishdi va «Arsenal»ni jazolashdi. Klassika: raqibga uning jarima maydonida bosim qilinganida, ortda bo‘sh zonalar paydo bo‘lishi muqarrar. «Siti» esa bundan foydalandi — Holand va De Bryuyne ishtirokidagi tezkor qarshi hujum hisob ochilishi bilan yakunlandi.

«Shaharliklar» uchun barchasi ideal kechdi, goldan keyin ular sur’atni tushirishdi ham. «Arsenal» esa bo‘lim davomida o‘yinni qayta qurishga urindi, ammo o‘xshamadi. Londonliklar har safar bir xil xatoni takrorlayverishdi — ortda juda ko‘p teshiklar yuzaga keldi va «Siti» mamnuniyat bilan bu joylardan hujumga o‘tib ketaverdi. Bernardu Silva qulay vaziyatdan foydalana olmadi, De Bryuyne tanaffusga qadar dublni rasmiylashtirishi mumkin edi. Holand esa het-trik imkoniga ega edi, ammo o‘zida vaziyatlardan foydalanishda muammolar ham bo‘lishini ko‘rsatib berdi.

Birinchi bo‘lim oxirigacha Remsdeyl «Arsenal»ni o‘yinda qoldirdi — «kanonirlar» darvozaboni shu kuni jamoa safidagi eng yaxshi futbolchi edi. Himoya pozitsiyalarni yo‘qotgan chiziqni ushlay olmaganida, hujumchilar esa oldinda nimadir o‘ylab topishga behuda urinayotganida, Remsdeyl Holand va uning sheriklari yo‘lini to‘sib chiqdi. Ammo birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda «Arsenal» darvozaboni ham, bosh hakam Maykl Oliver ham ojiz qoldi — u avvaliga ofsayd qayd etgandi, ammo VAR aralashuvidan keyin Uayt darvoza chizig‘iga Stounsdan ko‘ra bir necha millimetrga yaqinroq bo‘lgani oydinlashdi — 2:0.

Holandning uzoq kutilgan goli

Arteta tanaffusda futbolchilarni almashtirmadi va bekor qildi. «Siti» esa og‘riqli nuqtalarga bosim qilishda davom etdi, Holand esa dunyoga u Remsdeylga yakkama-yakka vaziyatlarni boy beradigan futbolchi ekanini ko‘rsatishda davom etdi. Ammo norvegiyalik hujumchi gol ura olmasa ham, foydali harakatlar amalga oshirdi — 54-daqiqada aynan Erling yana bir bor De Bryuynega assistentlik qildi. Bu safar gol «Arsenal» yetakchisi Martin Edegorning to‘p yo‘qotishi tufayli sodir bo‘ldi, bu vaziyatda «Siti» pressing ham qilmayotgandi.

Hisob 3:0 ko‘rinishiga kelgach, amalda barcha masala hal bo‘ldi. «Siti» haddan tashqari kuchli edi, hisob esa maydondagi voqealarni ideal darajada aks ettirardi. Arteta, albatta, qator almashtirishlar amalga oshirdi, ammo bu kuchlar muvozanatiga deyarli ta’sir ko‘rsatmadi. Oxir-oqibat futbolchilarning asablari dosh bermay qoldi: 75-daqiqada Grilish va Parti mushtlashib ketishiga bir baxya qoldi va ularning ikkisiga ham sariq kartochkalar ko‘rsatildi.

«Arsenal» baribir bitta gol bilan javob qaytara oldi. Qizig‘i, uni markaziy himoyachi Holding jarima maydoni chizig‘i atrofidan yo‘llagan zarbasi bilan urdi — bu oqshom mehmonlarga aynan shunday nostandart yurishlar yetishmayotgandi.

Ammo yakuniy so‘zni baribir chempionlar aytishdi: Holand o‘yindagi so‘nggi zarbasi bilan nihoyat darvozaga yo‘l topdi va yakuniy hisobni o‘rnatdi. Bu uning APLdagi rekord darajadagi 33-goli bo‘ldi. APLda 38 turlik taqvim boshlanganidan buyon hech bir futbolchi buncha gol ura olmagandi. Mavsum 42 turdan iborat bo‘lgan davrda Endi Koul va Alan Shirer 34 tadan gol urishgan, Holandda esa bu rekordni ham yangilash uchun hali yetti o‘yin bor.

4:1 — «Siti» hamon turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda, ammo endi ularga yana chempion bo‘lishga hech narsa to‘sqinlik qila olmasligi tayin. Endi mavsum boshida bo‘lgani kabi hech kim qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda g‘alaba qozona olmagan «Arsenal»ni chempionlikka da’vogar sifatida ko‘rmayapti. Lekin jamoa 2016/17 yillar mavsumidan buyon ilk bor YeChLda o‘ynashi aniq bo‘ldi.

«Liverpul» yevrokubok uchun kurashda, «Chelsi» cho‘kmoqda

Vest Hem — Liverpul 1:2
Gollar:
Paketa (12) — Gakpo (18), Matip (67). 
Vest Hem – Fabianski, Tsoufal, Zuma, Agerd, Kressuell, Souchek, Rays, Paketa, Benrahma (Korne, 70), Bouen, Antonio (Ingz, 70).
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, Matip, van Deyk, Roberson, Henderson (Alkantara, 59), Fabino, Jons (Milner, 84), Saloh, Jota (Dias, 59), Gakpo (Nunes, 78).

«Vest Hem» ham, «Liverpul» ham so‘nggi vaqtlarda hujumkor o‘yin namoyish etmoqda, shuning uchun o‘yin starti voqealarga boy bo‘lgani hech kimni ajablantirmadi. Raqiblar bir-birining darvozasi tomon uzoq masofalardan zarbalar yo‘lladi. Gakpo pastki burchakni aniq nishonga olib, hisobni tenglashtirganidan so‘ng Aleksandr-Arnold o‘z odatiga ko‘ra APLning eng yaxshi assistentlari ro‘yxati boshiga chiqdi. Undagi golli uzatmalar soni yettitaga yetdi, shundan beshtasi aprel oyida amalga oshirilgan. Bu bir oy uchun hisoblanganda, klubning yangi rekordi bo‘ldi.

Ammo o‘yin davomida Aleksandr-Arnold assistentlar ro‘yxatidagi yetakchilikni boy berdi, ammo bu uni ranjitmagani aniq. Roberson burchakdan uzatgan to‘p golga aylangach, shotlandiyalik himoyachidagi assistlar soni sakkiztaga yetdi. Uning uzatmasini esa boshqa bir himoyachi darvozaga yo‘lladi — Matip to‘pni to‘sin ostidan kiritib, jamoasi g‘alabasini ta’minladi. Bu g‘alaba evaziga «Liverpul» joriy mavsumda ilk bor safar o‘yinlarida birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborgan holda g‘alabaga erishdi. Endi Yurgen Klopp jamoasi yevrokubokka yo‘llanma beruvchi beshinchi o‘rinni egallab turgan «Aston Villa»dan yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha yaxshiroq vaziyatda. Bu — jamoaning eng yaqin oriyentiri. Jamoa shu ruhda davom etsa, YeChLga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurashishi ham mumkin.

Chelsi — Brentford 0:2
Gollar:
Aspilikueta (37, avtogol), Mbeumo (78). 
Chelsi – Arrisabalaga, Aspilikueta (Obameyang, 46), Silva, Chaloba, Fofana, Chiluell, Kovachich, Kante, Gallaher (Mudrik, 46), Fernandes (Felish, 79), Sterling (Madueke, 79).
Brentford – Rayya, Roerslev, Yorgensen, Mi, Pinnok, Genri (Xiki, 90+1), Yyensen (Baptist, 62), Yanelt, Oneka (Damsgor, 62), Vissa (Mbeumo, 62), Touni (Shade, 83).
Ogohlantirishlar: Yyensen (46), Fofana (72), Genri (73).

Grem Potterni Unai Emeri kelgach butunlay boshqacha o‘yin ko‘rsata boshlagan «Aston Villa»ga uyda mag‘lub bo‘linganidan keyin ishdan bo‘shatishgandi. Lekin Birminghemdagilar mavsum o‘rtasida tizimli qaror qabul qilgandi, «Chelsi» rahbari Todd Boelining bu qarori ham tushunarsiz bo‘ldi. U Frenk Lempardni «Stemford Brij» vaqtincha murabbiy sifatida qaytarib, u sehrli tayoqcha bilan barchasini o‘zgartirishini kutganmidi?

Amalda butunlay teskarisi bo‘ldi. Faqat bir o‘yinda vaqtincha murabbiy sifatida ishlagan Bruno Saltori «Liverpul»ga qarshi durang qayd etgandi — bu jamoaning so‘nggi vaqtlardagi nisbatan eng kuchli o‘yini bo‘lib qoldi. Lempard davri esa — to‘lig‘icha qora chiziqdan iborat. Ko‘klar bu turga qatorasiga to‘rt o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan holda yetib kelishdi, navbatdagi o‘yin ham Aspilikuetaning avtogoli bilan davom etdi.

«Bu «Chelsi»ning aprel oyidagi ikkinchi goli» — ijtimoiy tarmoqlarda shunday zaharxanda qilishdi. Lempard ilojsizlikdan hatto Obameyangning borligini eslab qoldi va ikkinchi bo‘lim boshida himoya vakillari sonini qisqartirib, uni maydonga tashladi. Ammo jamoa xayoli «Barselona»da bo‘lgan, yanvar oyida esa yevrokubok zayavkasidan chetda qoldirilgan hamda nafsoniyatiga zarba berilgan gabonlik hujumchidan gol kutishga haqlimi? Umuman olganda, mo‘jiza sodir bo‘lmadi va ko‘klar qatorasiga beshinchi o‘yinda yutqazishdi — bunaqasi o‘ttiz yildan buyon kuzatilmagandi.

Ispaniya: «Rayo» «Barsa» uchun dahshatli tush, «Atletiko»ning g‘alabali yubileyi

Atletiko — Malorka 3:1
Gollar:
De Paul (45+2), Morata (47), Karrasko (77) — Nastasich (20).
Atletiko – Grbich, Molina, Ximenes, Ermoso, Vitsel, Karrasko, Koke (Kondogbia, 79), De Paul (Saul, 63), Lemar (Barrios, 63), Grizmann, Morata (Korrea, 79).
Malorka – Raykovich, Maffeo, Nastasich (Sanches, 46), Hajikadunich, Kopete, Kosta, Dani Rodriges, Morlanes (Ndiayye, 56), Baba, Anxel Rodriges (Li Kan In, 56), Prats (Muriki, 55).

Dam olish kunlarida «Barselona»ga qarshi o‘yinga qadar «Atletiko» 13 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etgandi, ammo endi madridliklarda muvaffaqiyatsiz seriya boshlanadigandek ko‘ringandi. Bu o‘yinda maydon egalarri juda tez gol o‘tkazib yuborishdi, «Malorka» bosh bilan urilgan gollar soni bo‘yicha «Sevilya» bilan tenglashib oldi (10 tadan). Shundan keyin vaziyatlarni ko‘kka sovurishi bosqichi boshlandi. Arbitr 11 metrlik nuqtani ko‘rsatganida ham «matraschilar»ga bu mavsumda ilk bor penalti ijro etish imkoniyati nasib qilmadi, videotakror bosh hakamning xatosini to‘g‘riladi.

Ammo Diyego Simeone jamoasi shu kuni 120 yilligini nishonlayotganini eslab qoldi va birinchi bo‘lim oxirida va ikkinchi bo‘lim boshidagi gollar bilan o‘yinda burilish yasadi. Tanaffus arafasida mehmonlar himoyachilarining ketma-ket xatolaridan keyin darvozabon to‘pni qaytargandi, amm Grizmann to‘xtab qolmadi va De Paul uchun gol tashkillashtirib berdi. Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan Morata  Molinaning qanotdan uzatmasidan keyin boshi bilan ideal zarba berdi. Milliy chempionatda uch yildan buyon «ikkinchi qavat»dan gol urmagan forvard «Malorka» himoyachisi Nastasich majburan almashtirilganidan maksimal darajada foyda chiqarib oldi.

Nihoyat qarshi hujumda yakkama-yakka holatga chiqib ketgan Ferreyra-Karrasko darvozabonni aldab o‘tib uchinchi golni urdi va o‘yinga amalda nuqta qo‘ydi. Bu epizod ham la liganing eng yaxshi assistenti (10) Grizmanning sa’y-harakatlari bilan yuzaga keldi. Ayni vaqtda fransuz — joriy chempionatda gollari va golli uzatmalari soni ikkita raqamda ifodalanishi bilan maqtana oladigan yagona futbolchi bo‘lib turibdi. Antuan saviyadagi farqni ko‘rsatmoqda, uning jamoasi esa endi «Real»ni atigi ikki ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda.

Rayo Valekano — Barselona 2:1
Gollar:
A.Garsiya (19), F.Garsiya (53) — Levandovski (83).
Rayo Valekano – Dimitriyevski, Baliu, Lejyen, Katena, Fran Garsiya, Palason, Alvaro Garsiya (Salvi Sanches, 80), Unai Lopes (Chavarriya, 80), Oskar Valentin (Mumin, 89), Trexo (Siss, 63), Kamelo (de Tomas, 89).
Barselona – ter Stegen, Kunde, Alonso (Alba, 57), Arauxo, Balde, de Yong (Garsiya, 79), Pedri (Kessie, 68), Gavi (Torre, 79), Rafinya, Torres (Fati, 57), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Balde (32), Alba (34), Gavi (36), Rafinya (61), Dimitriyevski (90).

Agar «Atletiko» «Kamp Nou»da 17 yildan buyon g‘alaba qozona olmayotgan va o‘tgan turda ham shu statistikani buzmagan bo‘lsa, «Rayo Valekano» — Xavi uchun haqiqiy bosh og‘rig‘idir. Ko‘k-anorranglilar Madrid chekkasidan bo‘lgan ushbu jamoaga so‘nggi bor 2021 yil yanvarida gol urgandi. Ammo bu Ispaniya Kubogida bo‘lgandi, chempionatda esa «asalarilar» ikki bor 1:0 hisobida g‘alaba qozongan va joriy mavsumning birinchi davrasidagi o‘yinda golsiz durangni saqlab qolishgan.

Uydagi o‘yinda esa «Rayo» ilk daqiqalardan g‘alaba uchun maydonga tushganini ko‘rsata boshladi. O‘tgan yil aprelida ham «Barsa» darvozasini ishg‘ol etgan va birinchi davrada «Real»ga ham gol urgan Alvaro Garsiyaning bu o‘yindagi golidan avval ham Ter Shtegen jamoani qiyin vaziyatda qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Darvoza ishg‘ol etilganiga qadar ham mezbonlar muayyan raqibga ideal darajada tayyorlanishganini namoyish etishdi. O‘ziga xos usuli bilan raqibni to‘xtatishga uringan Gavining qarshiligini aytarli his qilmagan Kamelo osonlik bilan sherigini golli vaziyatga chiqardi. Ikkinchi bo‘lim boshida de Yongning maydon markazidagi xatosidan keyin mezbonlar ikkinchi golni ham urishdi. Markazda oldinga qochib ketgan Fran Garsiya «Real»ga o‘tishi haqidagi gaplar bejiz emasligini isbotladi.

«Asalarilar»ning darvozasi esa o‘yin oxiriga qadar yaxshi qo‘riqlandi, ammo oxirgi dekadada Levandovski baribir imkon topdi, u birinchi bo‘limda Dimitriyevski bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmagandi. Qolgan vaqt ichida mehmonlar ikkinchi golni ura olishmadi va mag‘lubiyatga uchrashdi. Shunga qaramay «Barsa» asosiy ta’qibchisidan 11 ochkolik farq bilan ortda bormoqda.

Italiya: Indzagi — pley-off qiroli

Italiya Kubogi. Yarimfinal, javob o‘yini
Inter — Yuventus 1:0
Gol:
Dimarko (15). 
Inter – Onana, Dumfris, Darmian, Acherbi, Bastoni, Dimarko (Gozens, 78), Mxitaryan, Chalxono‘g‘li (Galyardini, 82), Barella (Brozovich, 68), Jyeko (Lukaku, 68), Martines (Korrea, 78).
Yuventus – Perin, De Shilo, Bonuchchi (Danilo, 68), Aleks Sandro, Bremer, Kostich (Milik, 46), Di Mariya, Rabio, Lokatelli (Paredes, 63), Miretti (Pogba, 79), Kiyeza.
Ogohlantirishlar: Lokatelli (59), Mxitaryan (90).
Birinchi o‘yin — 1:1.

Yarimfinalning Turinda kechgan birinchi o‘yini oxirida janjal yuzaga kelgan, darvozabon Handanovich, shuningdek o‘yindagi gollarga mualliflik qilgan Lukaku va Kuadrado qizil kartochka olishgandi. Bu o‘yingacha «Inter» darvozasiga Onana qaytdi va «neradzurri»ning birinchi raqamli darvozaboni mehmonlardagi kam sonli imkoniyatlardan gol urilishi ehtimolini nolga tushirdi.

Birinchi bo‘limda gol o‘tkazib yuborilgach, Massimiliano Allegri o‘yinga o‘zgartirishlar kiritishga kirishdi, ikkinchi bo‘lim boshida maydonda Milik qiyofasida ikkinchi klassik markaziy forvard paydo bo‘ldi. Ammo u ham, Vlahovich ham «Inter» safida mavsumdagi beshinchi golini urgan himoyachi Dimarkoga javob qaytara olishmadi. Aksincha, mezbonlar ustunlikni oshirishi mumkin edi, ammo Jyekoning goli ofsayd tufayli bekor qilindi, Mxitaryanning zarbasini Perin qaytardi, Martines qanotdan darvozabon hududiga uzatilgan to‘pga yetib kela olmadi.

Simone Indzagi pley-off o‘yinlari bo‘yicha mutaxassis ekanini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi. Ichki chempionatdagi muvaffaqiyatsizliklar uchun tanqidlarga nishon bo‘lgan ushbu mutaxassis Chempionlar ligasida ham, Italiya Kubogida ham o‘zini ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili «Inter» «Keksa sinora»ni finalda mag‘lub etgandi (4:2). Endi esa — tarixda ilk bor yarimfinaldagi «derbi Italiya»da g‘olib chiqdi, jamoa bungacha bu bosqichda azaliy raqibiga barcha beshta duelni boy bergandi. «Neradzurri» ushbu turnirdagi so‘nggi raqibni payshanba kuni «Kremoneze» va «Fiorentina» jamoalari o‘rtasidagi ikkinchi yarimfinal o‘yinidan keyin bilib oladi. Ammo finalga bu jamoalardan qaysi biri chiqmasin, favorit ayon.

Kun statistikasi

  • APLning joriy mavsumida 11 nafar darvozabon penalti qaytargan, «Brayton»da esa ikki darvozabon ham — Sanches va Stil bunga erishgan, ularning ikkinchisi chorshanba oqshomida «Nottinghem»ga qarshi o‘yinda o‘zini ko‘rsatdi, ammo o‘yinni qutqara olmadi.
  • De Bryuyne APLdagi gollari sonini 64 taga yetkazdi va «Manchester Siti»ning eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida Yaya Tureni ortda qoldirib, uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Belgiyalik futbolchi uchun «Arsenal» sevimli raqib — u sakkiz bor ushbu jamoa darvozasiga gol kiritgan, boshqa istalgan raqibga ko‘pi bilan 5 ta urgan.
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid