Erdo‘g‘an saylov arafasida ommaviy chiqishlarini bekor qildi. U bilan nima bo‘lmoqda?
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 25 aprel oqshomida, jonli efirdagi intervyusi vaqtida og‘rib qolganidan keyin ketma-ket ikkinchi kun barcha saylovoldi chiqishlarini bekor qildi.
Bularning barchasi 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan parlament va prezidentlik saylovlariga bir necha hafta qolganida sodir bo‘lmoqda. Ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatmoqdaki, prezidentlik uchun raqobat juda qizg‘in kechadi va prezident Erdo‘g‘an hokimiyatga kelganidan yigirma yil o‘tib saylovlarda ilk bor yutqazishi mumkin.
27 aprel kuni Turkiya prezidentining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi direktori Faxriddin Oltin prezidentning ommaviy chiqishlari shifokor maslahati bilan bekor qilinganiga qaramay, prezident sog‘lig‘ida muammolar borligi haqidagi ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni rad etdi.
Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri ham shu kuni prezident sog‘lig‘iga to‘xtalib o‘tdi.
«Men uni bugun ertalab ko‘rdim. U yaxshi. U yuqtirgan infeksiyaning oqibatlari kamaygan», deya SSV rahbari Faxriddin Xo‘janing so‘zlaridan iqtibos keltirgan mahalliy nashrlar.
O‘zi nima bo‘ldi?
Efirdagi uzilish
25 aprel kuni kechqurun Erdo‘g‘an Turkiya telekanallaridan biriga intervyu berdi. Bu prezident saylovi arafasida odatiy hol. To‘g‘ri, translatsiya rejalashtirilganidan bir yarim soat kechroq boshlandi, biroq avvaliga bu hech kimda shubha uyg‘otmadi.
Ammo boshlovchining navbatdagi savolidan keyin biroz to‘xtash yuz berdi. Kamera intervyu oluvchiga qaratildi va tomoshabinlar o‘sha paytda Erdo‘g‘an bilan nima sodir bo‘layotganini ko‘rmadi. Ammo efirda uzilish borligi aniq edi va kadr ortidan og‘ringan tovushlar eshitildi. Jonli efir to‘xtab, reklama roliklari boshlanib ketdi.
Efir 20 daqiqadan so‘ng qayta tiklandi. Erdo‘g‘an endi bemalol gapirdi va «qorni qattiq og‘riyotgani» hamda «hatto dasturni bekor qilish haqida o‘ylagani»ni aytdi.
Intervyu shundan keyin ham davom etdi, lekin 12 daqiqadan keyin tugadi.
Turkiyaning 69 yoshli prezidenti yuragi bilan bog‘liq muammolarning kuchayishi fonida yurak xurujiga (infarkt) uchragan bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘ldi. Rasmiylar bu taxminlar noto‘g‘ri ekani, aslida prezident oshqozon grippi bilan kasallangani, hozirda ahvoli yaxshiligi haqida tezlik bilan xabar berishdi.
Biroq 26 aprel kuniga rejalashtirilgan bir necha tashviqot tadbirlari, shuningdek, shu kuni to‘rtta telekanal tomonidan efirga uzatilishi kerak bo‘lgan katta intervyu bekor qilindi.
Shuningdek, Erdo‘g‘an uzoq kutilgan, Turkiyaning birinchi atom elektr stansiyasi — «Oqquyu» ochilishiga ham kelmaydigan bo‘ldi. Bu Rossiya va Turkiyaning qo‘shma loyihasi hisoblanadi.
Ushbu ochilish marosimida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham videoaloqa orqali ishtirok etishi haqida oldindan xabar berilgandi. Ammo Erdo‘g‘an shaxsan ishtirok etishni rejalashtirgandi. Keyinroq u ham videoformat orqali ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi. Ammo bu yerda barchasi silliq kechmadi.
«Oqquyu»ning ochilishi Anqara vaqti bilan soat 13:30 ga belgilangan edi, biroq u bir necha soatga kechiktirildi.
Kun davomida Erdo‘g‘an Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazgani xabar qilindi. TRT Haber telekanaliga ko‘ra, tomonlar Ukrainadagi urush va «g‘alla kelishuvi»ni muhokama qilgan.
Keyin esa Erdo‘g‘an va Putin videoaloqa orqali «Oqquyu» AESga yadro yoqilg‘isini yetkazib berish marosimida ishtirok etayotgani aks etgan videolar namoyish etildi.
Foto va videolarda u ancha toliqqani ko‘rinib turadi.
Muxolifat yetakchilari, jumladan, uning saylovdagi asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li ham Erdo‘g‘anga tezroq tuzalib ketishini tilagan.
G‘alaba qozonish imkoniyati
BBC muxbiri Olga Prosvirova sharhi
Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu uning saylovlardagi imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi dargumon. Uning tarafdorlari «oshqozon grippi»dan qo‘rqmaydi, balki buni prezident ma’muriyati ko‘rsatishni xohlagandek qabul qiladi: Erdo‘g‘an qattiq mehnat qilmoqda, mamlakat kelajagi haqida tinmay qayg‘uryapti va hatto o‘z sog‘lig‘ini ham unutmoqda.
To‘g‘ri, Erdo‘g‘anning g‘alaba qozonish imkoniyatlari haqida gapirishga hali erta. Uning reytingi hamon yuqori, ammo raqibi Qilichdoro‘g‘lining reytingidan past.
Buning sabablari ko‘p, lekin eng asosiylaridan biri – iqtisodiy inqiroz bo‘lib, mutaxassislar buni haqli ravishda inson tomonidan yaratilgan inqiroz deb ataydi. Ushbu inqiroz Erdo‘g‘an iqtisodiy siyosatining to‘g‘ridan to‘g‘ri natijasidir. To‘g‘rirog‘i, uning pul-kredit siyosati borasidagi o‘ziga xos qarashlari oqibati. Uning o‘ziga xos iqtisodiy siyosati Turkiyada transport va oziq-ovqat kabi zaruriy mahsulotlar narxini oshirib yubordi.
Va keyin oldini olish mumkin bo‘lmagan hodisa — dahshatli zilzila sodir bo‘ldi. O‘n minglab odamlar halok bo‘ldi, milliondan ortiq kishi boshpanasiz qoldi. Erdo‘g‘an va uning tarafdorlari halokat uchun javobgarlikni qurilish kompaniyalariga yuklashga harakat qildi. Ular halokat juda jiddiy bo‘lganiga quruvchilar zarur standartlarga rioya qilmaganini sabab qilib ko‘rsatdi.
Ba’zilar, asosan Erdo‘g‘anning ashaddiy tarafdorlari bunday tushuntirishlarni qabul qildi. Lekin sodir bo‘lgan voqealarda hukumatni ayblayotganlar ulushi ancha ko‘proq. Muxolifat ham korrupsiya va sifatsiz qurilish standartlariga yo‘l qo‘ygani uchun hukumatni aybladi.
Zilzila tufayli Turkiya ko‘rgan zarar, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 100 milliard dollardan oshadi.
Prezidentlik poygasida kim g‘alaba qozonishi va parlamentda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritishidan qat’i nazar, Turkiyani qiyin kunlar kutmoqda. Zilzila oqibatlari va mamlakatdagi iqtisodiy muammolarni hisobga olgan holda Turkiya, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun ko‘plab sohalarda tub islohotlarga muhtoj.
Mavzuga oid
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
09:50 / 04.11.2024
Turkiya TIV rahbari: Ukraina yaxlitligi tinchlikning shartidir
10:30 / 02.11.2024
Lavrov Turkiyani Ukrainaga qurol yetkazib bergani uchun tanqid qildi
22:06 / 01.11.2024