Jahon | 23:21 / 27.04.2023
17988
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarolari Sudandan evakuatsiya qilindi 

Mamlakatda qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan vaziyatda Saudiya Arabistoni ko‘plab odamlarni olib chiqishga ko‘mak berdi. 

Foto: Reuters

Turli davlatlarning 200 dan ortiq fuqarosi 26 aprel kuni Sudandan evakuatsiya qilindi va Jidda shahriga yetkazildi. Bu haqda Saudiya Arabistoni matbuot agentligiga (SPA) tayanib Al Arabiya xabar berdi. 

Saudiya Arabistoni yordami bilan Sudandan evakuatsiya qilinganlar orasida Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh, O‘zbekiston, Yaman, Singapur, Kamboja, Malayziya va Pokiston fuqarolari borligi aytilmoqda. 

Evakuatsiya qilingan O‘zbekiston fuqarolari soni va ismi-sharifi xabarda keltirilmagan. 

SPA ma’lumotlariga ko‘ra, evakuatsiya qilinganlar HMS Abha kemasida Jiddaga yetkazilgan va Qirollik «ularni o‘z mamlakatlariga jo‘nab ketishga tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha ehtiyojlarini ta’minlaydi». 

Qayd qilinishicha, evakuatsiya boshlanganidan beri Sudandan taxminan 2351 kishi, shu jumladan Saudiya Arabistonining 119 nafar fuqarosi va 67 davlatning 2232 nafar fuqarosi olib chiqilgan. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, Sudanda 15 aprelda boshlangan mojaroda kamida 459 kishi halok bo‘lgan, 4 mingdan ortig‘i jarohatlangan. 

Mamlakatda armiya qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burxonga sodiq qo‘shinlar va uning sobiq o‘rinbosari, tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlariga (RSF) qo‘mondonlik qilgan raqibi Muhammad Hamdan Daglo o‘rtasida janglar bo‘lib o‘tmoqda. 

Mavzuga oid