Jahon | 23:36 / 28.04.2023
13848
3 daqiqa o‘qiladi

IHeS Rossiyaga 2008 yilgi urushdan jabr ko‘rgan gruziyaliklarga tovon to‘lash majburiyatini yukladi

Gruziya fuqarolariga 129 million yevrodan ortiq tovon puli to‘lanishi shart. Ammo Rossiya IHeS qarorlarini tan olmaydi. 

Foto: picture-alliance/epa/M. Shipenkov

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) qaroriga ko‘ra, Rossiya 2008 yilda Rossiya-Gruziya urushida jabr ko‘rgan Gruziya fuqarolariga 129 million yevrodan ortiq tovon puli to‘lashi shart. 

Bu Gruziya rasmiylarining Rossiyaga qarshi da’vosining ikkinchi qismi bo‘yicha chiqarilgan hukm. Gruziya Rossiya tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining 41-moddasiga asosan tovon puli talab qilgan edi. Da’vo bo‘yicha asosiy qaror 2021 yilda chiqarilgan. 

Qarorda kamida 50 nafar tinch aholining o‘limi uchun 3,2 million yevro to‘lanishi kerakligi aytilgan. O‘zboshimchalik bilan hibsga olingan va qadr-qimmatni kamsituvchi xatti-harakatlarga uchragan 116 fuqaroga jami 2,7 million yevro miqdorida tovon to‘lanishi belgilangan. Bundan tashqari, Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarga qaytishiga to‘sqinlik qilingan Gruziya fuqarolariga 115 million yevro, Rossiya tomoni o‘lim holatlari yuzasidan yetarlicha tergov olib bormaganligi sababli jabr ko‘rgan 142 nafar shaxsga 8,2 million yevro tovon puli hisoblangan. 

2022 yilda Rossiya Yevropa Kengashidan chiqarib yuborildi. Shundan so‘ng Rossiya hukumati 2022 yil 15 martdan keyin qabul qilingan IHeS qarorlari bo‘yicha to‘lovlarni to‘xtatishini ma’lum qildi. 

2023 yil fevral oyida Putin Rossiyada Yevropa Kengashining xalqaro shartnomalarini, shu jumladan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasini bekor qiluvchi qonunni imzoladi. 

Biroq, IHeS ta’kidlaganidek, bu qonun Yevropa Kengashidan chiqishdan oldingi davrda qilingan harakatlarga taalluqli emas va mamlakatni konvensiya qoidalariga rioya qilish majburiyatidan ozod etmaydi. 

Janubiy Osetiya va Abxaziya Gruziya SSR tarkibiga kirgan. 1990 yillar boshida ular o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Gruziya hamon bu hududlarni o‘ziniki deb biladi. 2008 yilda bu hududlarga rus qo‘shinlari kiritildi va qisqa muddatli harbiy harakatlar sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng, Rossiya rahbariyati ularning mustaqilligini tan oldi. Gruziya esa ularga Rossiya tomonidan bosib olingan hududlar maqomini berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid