Jahon | 12:11 / 28.04.2023
8053
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: "Shimoliy oqim"da portlash bo‘lgan joy yaqinida Rossiya maxsus kemasi aniqlangan

Rossiyaning suvosti operatsiyalari uchun mo‘ljallangan SS-750 kemasi gaz quvurlaridagi portlashlardan bir necha kun oldin "Shimoliy oqimlar"ga yaqin joyda bo‘lgan, deb xabar beradi Daniyaning Information nashri.

Foto: Reuters

2022 yil sentabrida "Shimoliy oqim" va "Shimoliy oqim 2" quvurlarida ro‘y bergan portlashlardan to‘rt kun oldin voqea joyida Rossiyaning SS-750 maxsus kemasi kuzatilgan. Bu ma’lumotni Daniya qurolli kuchlari qo‘mondonligi tasdiqladi, deb xabar beradi Information nashri 28 aprel, juma kuni.

Qo‘mondonlikning ta’kidlashicha, 2022 yil 22 sentabr kuni Bornholm orolidan sharqda bo‘lgan Daniya patrul kemasi Rossiya kemasining 26 ta suratini olgan. Shu bilan birga, u tasvirlardan foydalanish imkonini taqdim etishdan bosh tortdi, chunki ular "razvedka xarakteriga ega" va "razvedka ishining bir qismidir".

SS-750 maxsus kemasi suv ostida ishlash uchun mo‘ljallangan va bortida AS-26 Priz tipidagi mini-suvosti kemasi mavjud.

"Yevropa" tahliliy markazi eksperti, Daniya harbiy razvedkasi sobiq zobiti Jyeykob Kaarsboning ta’kidlashicha, kema gaz quvurlarini portlatish bo‘yicha operatsiyani amalga oshirishga qodir. Shvetsiyada ham fuqarolik xizmatida, ham harbiy razvedkada ishlagan, Rossiya razvedka xizmatlari va Rossiya harbiylarining suvosti faoliyati haqida kitoblar yozgan tahlilchi Yoakim fon Braun ham shunday fikrda.

Shu bilan birga, mustaqil daniyalik tadqiqotchi Oliver Aleksandrning qayd etishicha, nazariy jihatdan kema boshqa sabablarga ko‘ra ham hududda bo‘lgan bo‘lishi mumkin. "Ammo o‘sha paytda bu yerda bo‘lganligi - o‘ziga xos jihat", dedi u.

Mavzuga oid