Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya tergovchilari Ukraina «Shimoliy oqim»dagi portlashga aloqadorligiga dalillar to‘pladi
Bu esa Berlin kelgusida ham Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini qiyinlashtiradi.
2022 yil sentabr oyida «Shimoliy oqim» gaz quvurlarida ro‘y bergan portlash ishi Potsdamdagi Germaniya federal politsiyasi tomonidan tekshirilmoqda. The Wall Street Journal manbalarga tayanib, nemis tergovchilari jamoasi uch yil davomida qanday qilib dalillar to‘plagani hamda 2025 yil avgust va sentabr oylarida hibsga olingani ma’lum bo‘lgan ikki gumonlanuvchi qanday topilgani haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ulardan biri – nemis tergovchilari Polshada topgan ukrainalik g‘avvos. Gap, aftidan, 2025 yil sentabr oyi oxirida qo‘lga olingan Vladimir Juravlyov haqida ketmoqda (WSJ matnida ukrainalik g‘avvosning ismi aytilmagan, ammo tafsilotlar allaqachon ma’lum bo‘lgan faktlarga mos keladi). WSJ nashri yozishicha, nemis tergovchilarining asosiy dalili Germaniyadagi tezlikni nazorat qilish kamerasi tomonidan olingan kichik oq-qora fotosurat bo‘lgan – unda gumonlanuvchining yuzi ko‘rinib qolgan, keyinchalik u kimligini aniqlashga muvaffaq bo‘lingan.
Biroq Polsha Juravlyovni Germaniyaga topshirmadi – bu so‘rovni ko‘rib chiqqan sud uni ekstraditsiya qilishni rad etgan. Polsha bosh vaziri Donald Tusk ekstraditsiya «Polsha davlat manfaatlariga javob bermasligi»ni aytdi. «Shimoliy oqim»dagi portlashlarga izoh berarkan, Tusk shunday qo‘shimcha qildi: «Muammo gaz quvuri portlatilganida emas. Muammo u qurilganida».
WSJ nashri yozishicha, Polshada qo‘lga olingan g‘avvos oxir-oqibat Varshavadagi Ukraina harbiy attashesi boshqaruvidagi diplomatik raqamli qora BMW mashinasida Ukrainaga olib ketilgan (bu qachon sodir bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan). Ukrainaning yuqori martabali mulozimining so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Polsha rasmiylaridan ogohlantirish olganidan keyin shunday yo‘l tutgan. Ukraina hukumati izoh berishdan bosh tortdi.
- 2022 yil 26 sentabrga o‘tar kechasi Daniyaning Boltiq dengizidagi Bornholm oroli yaqinida «Shimoliy oqim – 1» va «Shimoliy oqim – 2» gaz quvurlarida portlashlar sodir bo‘lgandi. Portlashlar oqibatida gaz quvurlarining to‘rtta tarmog‘idan uchtasi shikastlangan. The Wall Street Journal gazetasi operatsiyani 2022 yil may oyida bir guruh ukrainalik ofitserlar ishlab chiqqanini aniqladi. Volodimir Zelenskiy dastlab rejani ma’qullagan, biroq bundan xabar topgan Markaziy razvedka boshqarmasi undan operatsiyani bekor qilishni so‘ragan. Zelenskiy tayyorgarlikni to‘xtatishni talab qiladi, biroq o‘sha paytda Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni bo‘lgan Valeriy Zalujniy buyruqni e’tiborsiz qoldiradi.
Yana bir gumonlanuvchi Italiyada qo‘lga olinadi – bu WSJ jurnalistlari Ukraina qurolli kuchlarining iste’fodagi kapitani deb atagan ukrainalik Sergey Kuznetsov. Dastlab nemis tergovchilarida faqat pasportdagi surat va soxta ism bo‘lgan. Yig‘ilishlardan birida kimdir so‘raydi: «Ukrainaliklar dam olish uchun qayerlarga borishadi?» Shundan so‘ng tergovchilar Yevropa Ittifoqi chegaralarini tekshirish va ma’lumot to‘plashni boshlaydi – va tez orada «do‘stona mamlakat chegara politsiyasi»dan Kuznetsovning haqiqiy pasport ma’lumotlari olinadi. Germaniya politsiyasi uning pasportiga «shovqinsiz ogohlantirish» deb ataladigan narsani qo‘yadi (bu odam Yevropa Ittifoqi chegarasini kesib o‘tganida ishlaydi) va 13 avgust kuni Kuznetsov Polshaga kirgani haqida ma’lumot olinadi. Keyin u yo‘l to‘lovlari va mehmonxonalarni band qilish tizimlari ma’lumotlaridan foydalangan holda Chexiya va Italiya bo‘ylab kuzatib boriladi va 21 avgust kuni Italiyaning Rimini viloyatida qo‘lga olinadi.
WSJ manbalariga ko‘ra, Germaniya hukumati «Shimoliy oqim» gaz quvurini portlatish ishi bo‘yicha jami yetti kishi - Ukraina qurolli kuchlari maxsus bo‘linmasining uch nafar jangchisi va to‘rt nafar g‘avvosni hibsga olishga order bergan. Gumonlanuvchilarning ismlari aytilmagan. WSJ suhbatdoshlariga ko‘ra, Germaniya politsiyasi va prokuraturasi ukrainaliklar guruhi Ukraina qurolli kuchlarining o‘sha paytdagi bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning bevosita rahbarligida gaz quvurini portlatish bo‘yicha operatsiyani qanday amalga oshirgani haqida «aniq tasavvur» hosil qilgan.
Sergey Kuznetsov Italiyada qo‘lga olinganidan so‘ng, nemis tergovchilari tergov yakuniga yetayotgani va u Germaniya sudida ko‘rib chiqilishiga umid qilib, «bayram qilishgan». Dekabr oyiga qadar Italiya sudi Kuznetsovni ekstraditsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak va nemis politsiyasi uni olib ketish uchun alohida samolyot tayyorlab qo‘ygan.
Biroq, WSJ yozishicha, bu Germaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan «shubhali g‘alaba» bo‘lishi mumkin. Germaniya kansleri Fridrix Mers ham siyosiy bosimni boshdan kechirmoqda, muxolifat undan Kiyevni moliyalashtirishni to‘xtatishni talab qilmoqda. WSJ’ning kansler atrofidagi manbalariga ko‘ra, hukumat vaziyatdan chiqib keta oladi, nemis jamiyati esa «hujum ortida Kiyev turgani haqidagi fikrga allaqachon ko‘nikib bo‘lgan». Shunga qaramay, agar nemis tergovchilari Ukrainaga qarshi bunday kuchli ayblov qo‘ymaganida, Germaniya gaz quvuridagi portlashlarning diplomatik oqibatlarini yengib o‘tishi osonroq bo‘lardi, deya ta’kidlaydi WSJ suhbatdoshlari.
Mavzuga oid
16:13 / 22.06.2026
Ukraina Voronejdagi mudofaa zavodiga hujum qildi – fotolar
10:35 / 22.06.2026
Ukraina Germaniya ishlab chiqarayotgan 600 ta raketaga buyurtma berdi
10:15 / 22.06.2026
Germaniyada ishlashni istovchilar uchun yangi dasturlar ishga tushirildi
11:35 / 21.06.2026