Sport | 11:33 / 03.05.2023
27608
12 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» yana birinchi o‘rinda, «Real»da fiasko, «Barsa» rekordga yaqinlashmoqda. Yevropada kun o‘yinlari

Yevropa futbolida seshanba oqshomida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: Lempard faqat yutqazmoqda

APL. 34-tur
Arsenal — Chelsi 3:1
Gollar:
Edegor (18, 31), Jyezus (34) — Madueke (65).
Arsenal – Remsdeyl, Uayt, Gabriel (Holding, 85), Kiver, Zinchenko (Tirni, 73), Jaka, Jorjino (Parti, 86), Edegor, Saka (Nelson, 74), Trossard (Martinelli, 59), Jyezus.
Chelsi – Arrisabalaga, Aspilikueta, Silva, Fofana (Chaloba, 86), Chiluell, Kovachich, Kante, Fernandes (Mudrik, 71), Sterling (Gallaher, 71), Madueke (Ziyosh, 79), Obameyang (Haverts, 46).
Ogohlantirishlar: Kovachich (80), Gallaher (90+5). 

Bu derbi odatdagidek yorqin anshlag ostida kechishi mumkin edi, ammo Londonning bu ikki jamoasi barchasini o‘zi barbod qildi. «Chelsi» mavsumning katta qismini turnir jadvalining ikkinchi qismida o‘tkazmoqda, «kanonirlar» esa «Manchester Siti»ga yirik hisobda mag‘lub bo‘lib, amalda o‘z qo‘lidagi chempionlikni berib yubordi.

Ammo nyuans ham bor. Ko‘klar jamoasi o‘yini Frenk Lempard qaytganidan keyin yanada pasaydi va qatorasiga olti o‘yinda mag‘lub bo‘ldi, «Arsenal» esa baribir oxiriga qadar kurashmoqchi ekanini namoyish etdi. Va Mikel Arteta uchun bu holatdagi «Chelsi» muvaffaqiyatsiz seriyaga (=3-1) nuqta qo‘yish va 1 apreldan buyon ilk g‘alabaga erishish uchun ideal raqib bo‘lib chiqdi.

Mehmonlar bu o‘yinda nimadandir umid qilishi mumkinmidi? Nazariy jihatdan ha — agar hisob 1:0 ekanida Ramsdeyl Chiluellning ajoyib zarbasidan keyin undanda ajoyib seyv amalga oshirmaganida. Lekin maydonda turli darajadagi jamoalar o‘ynayotgani ko‘rinib turdi va Edegor ikkita qaytarib bo‘lmas zarbasi bilan dublni rasmiylashtirib, jamoaning gol+pas tizimida 20 ballik nuqtani zabt etgan uchinchi futbolchisiga aylandi – Saka va Gabriel Martinellidan keyin.

APLning hech bir jamoasi bunday ko‘rsatkich bilan (bir vaqtning o‘zida uch futbolchisidagi bunday sermahsullik) maqtana olmaydi. Bu ro‘yxatda Gabriel Jyezus ham bo‘lishi kerak edi, ammo u 2022 yilgi jahon chempionatida jarohat olgach, to‘rt oy maydonga tusha olmadi. Ushbu braziliyalik bu oqshomda baribir gol urib, so‘nggi uch mavsumda ilk bor gollari sonini 10 taga yetkazdi — u bu borada jamoadoshlari orasida to‘rtinchi ko‘rsatkichni qayd etib turibdi, bu ham (bir vaqtning o‘zida jamoaning to‘rt futbolchisi kamida 10 gol urishi) top-5 ligalardagi eng yaxshi ko‘rsatkich.

Qolaversa, Arteta jamoasi bir mavsumning o‘zida 10 ta derbida g‘alaba qozongan ilk jamoaga aylandi.

«Arsenal» kamida «Man Siti»ning bugungi o‘yini yakuniga qadar birinchi o‘ringa qaytdi. Ammo yana ikki ochkolik farq bilan ortda borayotgan «shaharliklar»da ikkita zaxira o‘yini bor. Tabiiyki, qizil-oqlar prinsipial raqiblaridan biri — «Vest Hem» bu o‘yinda yordam qo‘lini cho‘zishidan umid qiladi.

Ispaniya: Ter Shtegen devori

La Liga. 33-tur.
Barselona — Osasuna 1:0
Gol:
Alba (85). 
Barselona – ter Stegen, Kunde, Kristensen (Erik Garsiya, 52), Arauxo, Balde (Alba, 76), Buskets (Ferran Torres, 76), de Yong, Pedri, Gavi (Fati, 36), Rafinya (Dembele, 52), Levandovski.
Osasuna – Fernandes, Moreno, Unai Garsiya, Errando, Sanches, Torro (Xuan Krus, 59), Ruben Garsiya (Barxa, 46), Oros (Munyos, 46), Ibanes, Benito (Aridane, 70), Chimi Avila (Kike Garsiya, 59).
Chetlatish: Errando (26).

Birinchi bo‘lim ikki jamoa muxlislari uchun ham xursandchilik keltirmadi. O‘yindagi eng yorqin vaziyat — Pedri Baldening ideal uzatmasidan keyin darvozabon hududida turib to‘pni to‘rga kirita olmagani bo‘ldi. Eng yodda qolarlisi — darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan Pedriga shu kuni la ligada debyut qilgan Errando tomonidan fol ishlatilishi bo‘ldi, bu epizoddan keyin «Osasuna» o‘n kishi bo‘lib qoldi. Bunday fondagi eng qayg‘uli holat esa — Gavi jarohat olib, tanaffusga qadar ham o‘ynay olmagani bo‘ldi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limi esa butunlay boshqacha kechdi. Balki gap quyosh botganidadir, yaqinda Xavi muvaffaqiyatsiz o‘yindan keyin issiq havoni bahona qilgandi. Lekin so‘nggi haftalarda «Barselona»da vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha muammolar yaqqol yuzaga chiqmoqda. Frenki de Yong bir necha metr masofadan turib to‘pni darvozabonning o‘ziga tepdi, Dembele bo‘sh burchakka aniq zarba bera olmadi, Fati esa keraksiz vaziyatda to‘pga teginib, qulay pozitsiyada zarba berishga chog‘lanib turgan Pedriga xalaqit qildi...

Oxir-oqibat, Jordi Albaning yordamiga ehtiyoj sezildi, ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan himoyachi butsasining tashqi qismi bilan yaqin zarba berib, darvozabonni ilojsiz holatda qoldirdi va «Kamp Nou»dagi bayramni boshlab berdi. Undan tashqari Ter Shtegenni ham personal natijasi bilan tabriklash mumkin. Nemis darvozabon bir mavsumda 25 o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan holda, klub rekordini yangiladi. Ushbu darvozabon tufayli «Barsa» 11-bor 1:0 hisobini saqlab qoldi. Yana bir shunday g‘alabaga erishish bilan la ligada yangi rekord o‘rnatiladi. Chempionlikni rasmiylashtirish istiqbollari esa shu kuni keyinroq o‘tkazgan «Real»ga bog‘liq edi.

Real Sosedad — Real 2:0
Gollar:
Kubo (47), Barrenechea (85).
Real Sosedad – Remiro, Gorosabel (Elustondo, 63), Le Norman, Subeldiya (Pacheko, 64), Munyos, Kubo (Barrenechea, 74), Silva (Ilyarramendi, 89), Merino, Subimendi, Syorlot (Fernandes, 74), Oyarsabal.
Real – Kurtua, Karvahal, Ryudiger, Militao, Nacho, Kroos (Vaskes, 63), Sebalyos, Tchuameni, Asensio (Arribas, 82), Rodrigo, Mariano (Rodriges, 59).
Ogohlantirishlar: Gorosabel (22), Karvahal (53), Sebalyos (79), Nacho (87), Rodrigo (90+2).
Chetlatish: Karvahal (61).

Madridliklarni barselonaliklar chempionlikni qachon nishonlashi umuman qiziqtirmayapti. Karlo Anchelotti asosiy e’tiborni shanba kuni bo‘lib o‘tadigan Ispaniya Kubogi finalia qaratgan, shuning uchun, masalan, Benzema San-Sebastyanga olib ketilmadi ham. Modrich va Alaba jarohatlangan, Vinisius Junior va Kamavinga esa diskvalifikatsiya o‘tamoqda. Umuman, «Real»ning bu o‘yin uchun tarkibi optimaldagidan ancha yiroq edi. Shuning uchun jamoa o‘yinni ancha ehtiyotkorlik bilan olib bordi, lekin bu madridliklar darvozasi xavfsizligini ta’minlamasdi. Birinchi bo‘limda Kurtua David Silvaga qulay nuqtadan gol urishga imkon bermadi, Subimendining zarbasini esa darvoza to‘sini qaytardi.

Mehmonlar uchun muammo yetilib keldi va bu tanaffusdan keyin ro‘y berdi. Eder Militao Serlotning bosimi ostida xato qilib, to‘pni darvozabonga aniq qaytara olmadi, to‘p Kurtuaning oldidan o‘tib ketib bo‘sh darvoza qarshisidagi Kuboning oyog‘iga bordi. «Real»ning sobiq futbolchisi bu sovg‘adan foydalandi, Karvahal maydondan chetlatilgach, bir kishi kam bo‘lib qolgan madridliklarda esa javob qaytarishga kuch topilmadi. Qolaversa, Kuboning o‘rniga tushgan Brarranechea ham gol urib, hisobdagi farqni oshirdi.

Kataloniya poytaxtidagilar chempionlik bayramiga tayyorlanaversa bo‘ladi — 14 may kuni «Espanol»ga qarshi derbi. Ko‘k-anorranglilarning muqarrar chempionligidan tashqari, «Real Sosedad»ning muhim g‘alabasini ham e’tirof etish kerak. Basklarga to‘rtlikda qolish uchun va so‘nggi haftalarda juda kuchli o‘yin ko‘rsatayotgan «Villyarreal»ni masofada saqlash uchun bu ochkolar o‘ta zarur edi.

Germaniya: «Leypsig» — kubok jamoasi

Germaniya Kubogi. Yarimfinal
Frayburg — Leypsig 1:5
Gollar:
Gregorich (75) — Olmo (13), Henriks (14), Soboslai (37, 90+8 penalti), Nkunku (45+1).
Frayburg – Flekken, Sildiyya (Grifo, 20), Ginter, Kyubler, Linhart, Gyunter (Vayshaupt, 79), Hefler, Eggeshtayn (Kaytel, 46), Doan (Shallai, 46), Gregorich, Heler (Petersen, 76).
Leypsig – Blasvix, Henriks, Orban, Gvardiol, Halstenberg (Raum, 61), Laymer (Diallo, 87), Olmo (Klostermann, 61), Aydara, Soboslai, Verner (Poulsen, 79), Nkunku (Simakan, 61).
Ogohlantirishlar: Nkunku (60), Kyubler (68), Blasvix (69), Laymer (85), Shallai (90+4).
Chetlatish: Gvardiol (58).

Germaniya Kubogining birinchi yarimfinal o‘yinida kutilgan kurash ro‘y bermadi, «Frayburg» ikki daqiqa ichida ikki gol o‘tkazgach, o‘ziga kela olmadi. Yakunda «Leypsig» tanaffusga qadar o‘yin masalasini hal qildi (4:0), hisobdagi bunday ustunlikda ikkinchi bo‘limning katta qismini maydondan chetlatilgan Gvardiolasiz ham o‘tkazish qiyin bo‘lmadi. Seshanba oqshomida mehmonlar safida Dani Olmo asosiy ishni bajardi, u hisobni ochuvchi golni urishidan tashqari assistlar bo‘yicha het-trik qayd etdi.

Marko Roze jamoasi bu uchrashuvda bir o‘q bilan ikki quyonni urishdi. Birinchidan, Kubokning amaldagi sohibi qatorasiga uchinchi bor va so‘nggi olti yillikda to‘rtinchi bor finalga yo‘l olib, kubok jamoasi maqomini tasdiqladi. Ikkinchidan, «Leypsig» bundesliganing navbatdagi turi oldidan ruhiy ustunlikka ega bo‘lishdi, chunki bu jamoa shanba kuni Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashdagi muhim o‘yin uchun yana «Frayburg» maydoniga qaytadi.

Kun statistikasi

  • «Barselona» la liga va Yevropaning kuchli chempionatlaridagi quruq seriya bo‘yicha rekordni takrorlashi uchun bir o‘yin qoldi. Katalonlar bu turda «Chelsi»ning 2004/05 yillar mavsumidagi natijasi (25 quruq o‘yin) bilan tenglashib oldi, hozircha bu borada «Deportivo» tengsiz, ispanlar 1993/94 yillar mavsumida 26 o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.
  • «Elche» 5-bor Ispaniya oliy divizionini tark etadi. Jamoa segundadan qaytishi eng qisqa vaqt ichida ro‘y berishi o‘tgan asrda ro‘y bergan - ikki mavsumda (1971-1973).
  • Frenk Lempard «Everton» va «Chelsi» rahbarligida qatorasiga 10 o‘yinda yutqazdi.
  • Edegor bu mavsumdagi gollari sonini 14 taga yetkazib oldi. Norvegiyalik futbolchi yana bir gol bilan markaziy yarimhimoyachilar orasidagi klub rekordini takrorlaydi. Bu rekord 13 yil muqaddam Fabregas tomonidan o‘rnatilgan. APLda bu boradagi rekord Lempardga tegishli - u 2009/10 yillar mavsumida «Chelsi» safida 22 gol urgan.
  • «Frayburg» himoyachisi Gyunter kuboklarda 31-o‘yinini o‘tkazdi — bu klubning yangi rekordi.
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid