Jahon | 09:43 / 06.05.2023
9423
3 daqiqa o‘qiladi

“G‘alla bitimi” bo‘yicha navbatdagi muzokaralar to‘xtab qoldi

Ukraina, Rossiya, Turkiya va BMT Ukraina g‘allasini tashish uchun yangi kemalarga ruxsat berish bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi, deya xabar qildi BMT Bosh kotibi rasmiy vakili o‘rinbosari Farhan Haq jurnalistlarga. 

Foto: Shutterstock

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, avval ruxsat berilgan kemalarni har kuni tekshirish davom etmoqda. 

Avvalroq Rossiya, agar o‘z g‘alla va o‘g‘itlarini eksport qilish bilan bog‘liq bir qator talablar bajarilmasa, “g‘alla bitimi”ni 18 maydan keyin uzaytirmaslik bilan tahdid qilgan edi.

G7 davlatlari Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali eksport qilish bo‘yicha muhim kelishuvni "uzaytirish, to‘liq amalga oshirish va kengaytirish"ga chaqirgandi. Bu haqda 23 aprel kuni Yaponiyaning Miyazaki shahrida bo‘lib o‘tgan "Katta yettilik" a’zo mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlari yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha kommyunikega tayanib, Reuters agentligi xabar berdi.

Hujjatda, shuningdek, "oziq-ovqatdan beqarorlik vositasi va geosiyosiy majburlash vositasi sifatida foydalanishga" urinayotgan Rossiyaning pozitsiyasi ham qoralanadi. G7 davlatlarining hamjihatlikda harakat qilish va "Rossiyaning oziq-ovqat "militarizatsiyasidan" eng ko‘p jabr ko‘rganlarni qo‘llab-quvvatlash"ga qat’iyligi tasdiqlandi.

Bundan tashqari, kommyunikeda G7'ga a’zo mamlakatlar Ukrainani tiklash va rekonstruksiya qilish, jumladan, qishloq xo‘jaligi yerlarini minalardan tozalash va qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini tiklash sohasida ekspertiza taqdim etish orqali qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklari e’lon qilingan.

Moskva, Rossiya nuqtayi nazaridan, 18 mayda tugaydigan “g‘alla bitimi”ning uzaytirilishini muammoli deb atagan edi. Rossiya Federatsiyasi o‘zi tomonidan qo‘yilgan barcha shartlarni bajarishni talab qildi. Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Vershininning so‘zlariga ko‘ra, hozircha hech qanday natija ko‘rinmayapti, kelishuvni Rossiya manfaatlariga, shuningdek, jahonda global oziq-ovqat xavfsizligiga zarar yetkazadigan tarzda amalga oshirishni davom ettirish mumkin emas.

Mavzuga oid