Jahon | 23:12 / 08.05.2023
18118
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar doirasida bir qator texnologiyalarni eksport qilishni taqiqlashi mumkin 

Shuningdek, Xitoy, BAA, Eron, Armaniston va O‘zbekistonning 35 ta tuzilmasi Rossiyaga tovarlar yetkazib berilishi munosabati bilan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.  

Foto: Genya Savilov/AFP/Getty Images

Yevropa Ittifoqi ma’muriyati Rossiyaga qarshi yangi 11-sanksiya paketi doirasida ayrim texnologiyalarni eksport qilishni va ma’lum intellektual mulk obektlaridan foydalanishni taqiqlashni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi. 

«Takliflar sanksiya ro‘yxatiga 70 ga yaqin shaxs va 30 ga yaqin kompaniyani kiritish, intellektual mulk huquqi bo‘yicha tovarlar va ularni ishlab chiqarish litsenziyalariga nisbatan cheklovlarni kengaytirishni o‘z ichiga oladi», deyiladi agentlik xabarida. 

Shuningdek, cheklovlar ommaviy axborot vositalari, jumladan RT Balkan va Rossiya razvedka hamjamiyatini muhim texnologiya va dasturiy ta’minot bilan ta’minlay oladigan IT-kompaniyalariga ham ta’sir qilishi kerak.  

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi neftni dengizda kemadan kemaga quyish va Yevropa Ittifoqi portlariga kemalarning kirishini taqiqlash bilan bog‘liq qoidalarni keskinlashtirmoqchi. 

Bloomberg avvalroq YeI ko‘plab tovarlarning Rossiya orqali tranzitini taqiqlash, transponderlarni o‘chirib qo‘yuvchi kemalarga cheklovlar, shuningdek, sanksiyalardan qochishga yordam beradigan uchinchi davlatlarga qarshi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan mexanizm ishlab chiqilgani haqida xabar bergan edi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mexanizm tasdiqlansa, YeI ikkita ro‘yxat tuzadi – Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan uchinchi davlatlar va yetkazib berish taqiqlangan tovarlar. 

Tashabbusning dastlabki maqsadi uchinchi davlatlarni Rossiyaga yordam berishdan qaytarishdir. 

Bundan tashqari, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Armaniston va O‘zbekistonning 35 ta tuzilmasi Rossiyaga tovarlar yetkazib berilishi munosabati bilan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. 

Xabarda bu O‘zbekistonning qaysi tuzilmasi ekani keltirilmagan. 

Dushanba kuni Yevropa Komissiyasi (YeK) matbuot kotibi Erik Mamer Yevropa Ittifoqi Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarning 11-paketi bo‘yicha takliflar yuborganini aytdi. 

Mavzuga oid