O‘zbekiston | 10:20 / 09.05.2023
10789
4 daqiqa o‘qiladi

"Prezident saylovini muddatidan ilgari o‘tkazish - islohotlarga mos ahamiyatli masala" - partiyalar rahbarlari va senatorlar saylov haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu to‘g‘risidagi farmonni davlat rahbari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 128-moddasida mamlakat prezidentiga berilgan vakolatdan foydalanib imzolagan.

8 maydan "Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi konstitutsiyaviy qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti muddatidan ilgari prezident saylovini tayinlagan taqdirda, saylov Saylov kodeksiga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkaziladi. 

O‘zbekistondagi qator siyosiy partiyalar rahbarlari, senatorlar, deputatlar muddatidan ilgari o‘tkaziladigan prezident saylovi haqida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

Senator Narimon Umarovning aytishicha, huquqiy davlat, birinchi navbatda, inson huquqlarini ta’minlash, huquqqa mos bo‘lgan qonunlarni ishlab chiqish, ularni amaliyotga o‘tkazishni nazarda tutadi.

"Bu ijro organlarining orasida, umuman, davlatga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Bugun prezidentimiz juda yaxshi fikr berdilar - prezident saylovini muddatidan ilgari o‘tkazish. Buning uchun hozirgi kunda islohotlarga mos ravishda bu jihatni juda ahamiyatli masala deb hisoblaymiz. Prezidentimiz yana bir tashabbus ko‘rsatishlari - Konstitutsiyani tezda amalga joriy qilish, xalqimiz bugungi hayotida o‘zgarish sezishi kerak", dedi u.

Shuningdek, O‘zLiDep raisi Aktam Hayitovga ko‘ra, prezident saylovini muddatidan ilgari o‘tkazish juda to‘g‘ri qarordir.

"Sababi, iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi ishlarning bir yo‘nalishda to‘g‘ri tashkil qilinishiga bog‘liq. Xalqimiz Konstitutsiyaviy referendum bilan amalga oshirilayotgan ishlarga muhim baho berib, o‘z ishonchini bildirdi. O‘zLiDep prezident saylovida o‘z ishtiroki bo‘yicha tegishli choralar ko‘radi", deydi Aktam Hayitov.

Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonovaning aytishicha, yangi Konstitutsiya qabul qilinishida barcha kerakli normalar nazarda tutilgan.

"Endi hammasi o‘zimizga bog‘liq. Davlat rahbari bizga xalqimiz bizni tushunishi uchun nima juda muhimligini bilishimiz uchun yo‘nalish berdi. Bu ular o‘zining barcha huquqlarini tushunishi, barcha kafolatlarini bilishi, bundan foydalana bilishi uchun ham muhimdir", dedi u.

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ham bu borada o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

"Referendum O‘zbekistonda yangi davr boshlanganining huquqiy asosi yaratilganiga yaqqol dalil. Xalqimizning juda katta qismi O‘zbekistondagi aynan shu o‘zgarishlarni ma’qullab berdi. Bu o‘z-o‘zidan mamlakat oldidagi mana shu vazifalarni bajarishning huquqiy asosini yaratish va ularni hal etishni talab qiladi. 

Referendumda xalq yangi Konstitutsiyani tasdiqladi va yangi huquqiy maydon yuzaga keldi. Davlat rahbari nuqtayi nazaridan, bugun prezident o‘z oldidagi uch yarim yillik muddatidan kechib, yangi prezidentlik saylovini e’lon qilishi bo‘yicha o‘z tashabbusi, taklifini kiritdi. Biz siyosiy partiya sifatida bu taklifni ma’qulladik", dedi Alisher Qodirov. 

Mavzuga oid