Jahon | 18:17 / 25.09.2025
12909
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston parlamenti o‘zini o‘zi tarqatib yubordi

Bunga parlament va prezidentlik saylovlari orasidagi vaqt juda qisqaligi sabab qilib ko‘rsatildi. Qarorni 89 deputatdan 84 nafari yoqladi, hech kim qarshi ovoz bermadi.

Foto: Videodan kadr

Qirg‘izistonning Jogorku Kenesh (parlament) deputatlari 24 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda «VII chaqiriq Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshining o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi.

Deputat Ulan Primov o‘z ma’ruzasida tashabbusning sabablarini - ketma-ket ikkita keng ko‘lamli saylov kampaniyasini o‘tkazishdagi murakkablik va xatarlarni sanab o‘tdi. Uning eslatishicha, reja bo‘yicha 2026 yil noyabr oyida parlament saylovlari, 2027 yil yanvar oyida esa prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tishi kerak.

Majlisda qatnashgan 89 nafar deputatdan 84 nafari qarorni yoqladi, hech kim qarshi ovoz bermadi.

Shundan so‘ng, Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek uulu so‘zga chiqib, o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risidagi qaror parlament tomonidan mustaqil qabul qilingani va tashqi bosim natijasi emasligini aytdi. Spikerning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak yangi saylovlar «poraxo‘rliksiz, qo‘rqitishsiz va ma’muriy aralashuvlarsiz, shuningdek, adolatli va ochiq o‘tishi» kerak.

Yangi tarkib saylangunga qadar Jogorku Kenesh o‘z vakolatlarini saqlab qoladi va favqulodda vaziyatlarda yig‘ilishi mumkin bo‘ladi.

Endi Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov besh kun ichida muddatidan oldin saylovlarni tasdiqlashi kerak.

Mavzuga oid