Boks. Jalolov Konkabayevni mag‘lub etdi, o‘zbekistonlik 11 bokschidan 9 nafari JCh-2023 medalini naqd qildi
Toshkentda boks bo‘yicha jahon chempionatining 10-kun bahslari o‘tkazildi. Chorshanba kungi chorakfinallarda muxlislarning asosiy e’tibori o‘zbekistonlik charmqo‘lqop ustalari ishtirokidagi 11ta chorakfinal jangiga qaratildi.
Kunning vakillarimiz ishtirokidagi dastlabki jangida Hasanboy Do‘smatov yaponiyalik jahon chempioni Tomoya Tsuboini mag‘lub etib, yarimfinalchiga aylandi. Rio-2016 Olimpiadasi g‘olibining omadli startidan so‘ng Abdumalik Xalokov, Ruslan Abdullayev, Saidjamshid Jafarov, Lazizbek Mullojonov, Oybek Jo‘rayev, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, A’loxon Abdullayev ham g‘alabaga erishib, yarimfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. E’tiborlisi, Mullojonov kubalik Rio-2016 Olimpiadasi g‘olibi va 4 karra jahon chempioni Sezar La Kruzni mag‘lub etishga erishdi.
Chorakfinalga qadar o‘zbekistonlik ikki bokschi turnir bilan xayrlashgan bo‘lsa, 10 may kuni ularning soni 4 nafarga yetdi. -60 kg vazn toifasida Mujibillo Tursunov chorakfinalda rossiyalik Vsevolod Shumkovga mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, -86 kg vazn toifasida Shohjahon Abdullayev Ozarboyjon vakili Alfonso Domingezga mag‘lub bo‘lib, turnir bilan yarimfinal ostonasida xayrlashdi.
Chorakfinalning asosiy afishasi eng og‘ir vazn toifasidagi Bahodir Jalolovning qozog‘istonlik prinsipial raqibi Qamshibek Konkabayevga qarshi jangi edi. «Humo arena»da minglab muxlislar qarshisida o‘tgan to‘qnashuvda 28 yoshli o‘zbekistonlik Tokio-2020 Olimpiadasi g‘olibi 31 yoshli qozog‘istonlik raqibidan ustun ekanligini yana bir karra isbotlay oldi – 5:0.
Eslatib o‘tamiz, Konkabayev Bolgariyada o‘tgan Stranja-2023 turnirida Jalolovga qarshi ringga ko‘tarilishdan bosh tortgandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasining 9 nafar bokschisi yarimfinalga yo‘llanma olib, 9ta medal va eng kamida 50 ming AQSh dollaridan mukofot pulini naqd qilishdi.
Ma’lumot uchun, 11 may turnirda dam olish kuni bo‘ladi. Yarimfinal janglari 12 may kuni, final bahslari 13-14 may kunlariga belgilangan.
JCh-2023, chorakfinallar. O‘zbekistonlik bokschilarning 10 may kungi natijalari:
-51 kg: Hasanboy Do‘smatov – Tomoya Tsuboi (Yaponiya) – 4:3, g‘alaba.
-57 kg: Abdumalik Xalokov – Ishish Yusuf (Iordaniya) – 5:0, g‘alaba.
-63,5 kg: Ruslan Abdullayev – Lounes Xamraoui (Fransiya) – 4:1, g‘alaba.
-71 kg: Saidjamshid Jafarov – Igor Sviridchenkov (Rossiya) – 5:0, g‘alaba.
-92 kg Lazizbek Mullojonov – Sezar La Kruz (Kuba) – 4:1, g‘alaba.
-54 kg: Oybek Jo‘rayev – Gabriel Eskobar (Ispaniya) – 5:0, g‘alaba.
-60 kg: Mujibillo Tursunov – Vsevolod Shumkov (Rossiya) – 3:4, mag‘lubiyat.
-67 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev – Roniel Iglesias (Kuba) – 4:3, g‘alaba.
-75 kg: A’loxon Abdullayev – Filip Akilov (Vengriya) – 5:0, g‘alaba.
-86 kg: Shohjahon Abdullayev – Alfonso Domingez (Ozarboyjon) – 2:6, mag‘lubiyat.
+92 kg: Bahodir Jalolov – Qamshibek Konkabayev (Qozog‘iston) – 5:0, g‘alaba.
Mavzuga oid
17:23 / 04.11.2024
O‘zbekiston – World Boxing tashkiloti a’zosiga aylandi
09:34 / 03.11.2024
Bektemir Meliqo‘ziyev og‘ir kechgan jangda ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozondi
10:17 / 09.10.2024
Isroil Madrimovning keyingi raqibi va jang sanasi ma’lum qilindi
20:10 / 02.10.2024