Sport | 03:39 / 10.05.2023
40765
8 daqiqa o‘qiladi

Anchelotti vs Gvardiola: YeChL finalchisi masalasi Manchesterda hal qilinadi

«Real» va «Manchester Siti» o‘rtasida «Santyago Bernabeu»da kechgan birinchi yarimfinal uchrashuvida g‘olib aniqlanmadi (1:1).

Foto: AFP

YeChL. Yarimfinal
Birinchi o‘yin
Real — Manchester Siti 1:1

9 may, «Santyago Bernabeu»
Gollar: Vinisius (36) — de Bryuyne (67).
Real – Kurtua, Karvaxal, Alaba, Ryudiger, Kamavinga, Modrich (Nacho, 87), Kroos (Tchuameni, 84), Valverde, Vinisius, Rodrigo (Asensio, 81), Benzema.
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Diash, Akanji, Stounz, Gundo‘g‘an, de Bryuyne, Grilish, Silva, Rodri, Holand.
Ogohlantirishlar: Kroos (45+3), Gundo‘g‘an (71), Kamavinga (79), Silva (86).

Chempionlar ligasi yarimfinalida qatorasiga ikkinchi mavsum «Real» va «Manchester Siti» to‘qnashmoqda. O‘tgan yilgi o‘yinlar shedevr maqomiga to‘la mos bo‘lgandi, javob o‘yini esa yevrokuboklar tarixidagi top-o‘yinlar qatoridan joy olgandi. Albatta, futbol muxlislari o‘sha jangni unutmagan: 90-daqiqaga qadar Pep Gvardiola shogirdlari o‘zini qanoatlantiruvchi 1:0 hisobini ushlab turishgan (birinchi uchrashuvda 4:3), ammo qolgan vaqtda «Real» ikki gol urib, o‘yinni overtaymlarga o‘tkazgan va qo‘shimcha bo‘limlarda final yo‘llanmasini rasmiylashtirgandi.

Bu safar ham ushbu qarama-qarshilik yonishini kutishgandi va birinchi o‘yin ham muxlislar ishonchini oqladi. Lekin taqvim kuchlar nisbatiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi — o‘tgan yil bahoridagidan farqli ravishda, hozir birinchi o‘yin Madridda bo‘lib o‘tdi.

Murabbiylar kutilgan boshlang‘ich tarkibni tanlashdi. Ikki jamoada ham faqat himoyachilar pozitsiyasida yo‘qotish bor edi — Eder Militaoda sariq kartochkalar soni ko‘payib ketgan, Ake esa jarohat olgan. Qolgan pozitsiyalarda hech qanday katta syurprizlar kutishga hojat yo‘q edi. Gvardiola hatto Stouns oldinroqqa chiqib o‘ynashiga asoslangan odatiy gibrid sxemani saqlab qoldi. Ammo Karlo Anchelotti hayron qoldira oldi — ijrochilar tanlovi bilan emas, taktika bilan.

Begona maydonda «Real» ko‘p hollarda to‘pni raqibga berib o‘ynaydi, ammo «Santyago Bernabeu»da madridliklar deyarli hamisha mezbonlarga xos o‘ynashga harakat qilishadi. Ammo «Manchester Siti» bilan o‘yin kutilmaganda juda passiv boshlandi. Dastlabki 15 daqiqalikda mehmonlar raqib jarima maydonida to‘pga teginish bo‘yicha 14:0, to‘pga egalik bo‘yicha 73 ga 27 foiz nisbatida qaymoqranglilarni ortda qoldirishdi.

Inglizlar jamoasi barcha jabhalarda ustunlik qildi va tez-tez zarbalar berdi: De Bryuyne, Rodri va Holand (ikki marta) o‘yinning dastlabki qismida darvoza sohasi tomon aniq zarba berishdi, lekin bu zarbalardan birortasini yuz foiz golga tortadigan vaziyat deb ham bo‘lmasdi. «Siti» futbolchilari go‘yoki o‘lchab ko‘ra boshlashdi va doimo shunday vaziyatlar bo‘lishini taxmin qilishdi.

Ammo keyinroq ma’lum bo‘lishicha, «Real» shunchaki raqibning hushyorligini susaytirishni maqsad qilgandi. Ma’lum vaqtni kutish bilan o‘tkazgach, mezbonlar qarshi hujumlar bilan «Siti»ni qiynay boshladi. «Real» o‘yin oldidan maydonning barcha nuqtalarida kuchli pressing o‘tkazishni mashq qilgani ko‘rinib turardi va bu asta-sekin o‘z mevasini bera boshladi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Rodri Vinisiusning bosimi ostida o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida xato qildi, ammo Diash so‘nggi lahzada Benzemaga uzatmani darvozaga yo‘llashga to‘sqinlik qilishga ulgurdi.

O‘tgan yevrokubok mavsumi barchani «Real»ni hech qachon barvaqt hisobdan chiqarmaslikka o‘rgatgan. Birinchi bo‘lim vaqtida bu haqda gap bo‘lishi mumkin emas, ammo baribir bu 45 daqiqalik ko‘p narsani ko‘rsatib turardi: uning katta qismini madridliklar to‘psiz o‘tkazishdi va ko‘p vaqtgacha darvoza tomon biror marta zarba berilmadi, ammo ispan prujinasi kerakli vaqtda ochildi va raqibga zarba berdi. «Real»ning bu goli qarshi hujumda urilmadi, Kamavinga tezlik olib oldinga tashlandi va Vinisiusni to‘p bilan ta’minladi.

Tanaffusga qadar nafaqat futbolchilar, balki portugaliyalik arbitr Artur Diash ham diqqat markazida bo‘ldi, u bir necha vaziyatlarda bahsli qarorlar chiqardi, ko‘proq «Real» foydasiga. Ijtimoiy tarmoqlarda «Siti»ning ko‘plab muxlislari norozilik bildirishdi, lekin ular ko‘proq gol o‘tkazilganidan xafa edi. Birinchi bo‘limning ikkinchi qismida mehmonlar tashabbusni boy berib qo‘yishdi, ayniqsa Holand hafsalani pir qildi — umuman, Ryudiger ushbu norvegiyalik hujumchiga o‘yin oxiriga qadar o‘yin bermadi.

Ammo «Siti» gol urishning boshqv yo‘lini topdi. Tanaffusdan keyin o‘yin keskin o‘zgardi: ataylabmi yoki yo‘q, ammo Gvardiola to‘pni Anchelotti jamoasiga topshirdi, ammo mezbonlar bundan foyda chiqara olishmadi. «Real» xuddiki bu o‘yinda birinchi raqamda o‘ynashga tayyor emasdek edi — ko‘proq zarba bera boshlashdi, ammo ko‘pincha zarbalar xato ketardi.

Mehmonlar esa maydondagi kartina o‘zgarishiga moslashishdi va yaxshi vaziyatlar yarata boshlashdi. Ayniqsa De Bryuyne faol edi — u tanaffusdan qaytilganidan o‘n daqiqa o‘tib ikki bor Kurtua qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etishga yaqin keldi, ammo vatandoshi uning og‘ir zarbalarini bartaraf eta oldi. Lekin uchinchi urinishda Kevinga Tibo ham dosh bera olmadi — «Real» to‘pni o‘z jarima maydoniga yaqin hududda yo‘qotishi golga olib keldi.

Madridliklar, albatta, taslim bo‘lishmadi. Bu jamoaga bu tushuncha umuman begona. Ikkinchi bo‘limda «Qirollik klubi» berilgan barcha vazifalarni ham uddalay olmadi, ammo o‘yinning yakuniy qismi ularning hujumlari bilan o‘tdi: Benzema bosh bilan yaxshi zarba berdi va Edersonni seyv qilishga majbur etdi, zaxiradan tushgan Tchuamenida ham oxirgi daqiqalarda imkoniyat bo‘ldi — Ederson yana o‘z o‘rnida edi.

Muxlislar boshqa gol ko‘rishmadi va endi bu qarama-qarshilik taqdiri 17 may kuni Manchesterda hal bo‘ladi. Bu o‘yinda esa yana kutilmagan hodisalar ro‘y berishi mumkin.

Mavzuga oid