Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI parlamenti Ukraina bilan savdoni liberallashtirishni ma’qulladi
Yevroparlament deputatlari Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasida amaldagi bojsiz rejim yana bir yil davom etishini qo‘llab-quvvatladi.
9 may, seshanba kuni Strasburgda Yevroparlament Yevropa Ittifoqining Ukraina mahsulotlariga import bojlarini 6 iyundan boshlab yana bir yilga vaqtinchalik bekor qilishni ma’qulladi. Ukraina bilan bojsiz rejimning davom etishi uchun 537 deputat ovoz berdi, 42 nafari qarshi chiqdi, 38 nafari betaraf qoldi. Endi bu qaror Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
2022 yilda urush davrida Ukraina iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropa Ittifoqi barcha Ukraina tovarlarini import qilishdagi savdo to‘siqlarini olib tashladi. Soddalashtirilgan savdo rejimi bir yil muddatga joriy etildi, bu muddat 5 iyunda tugaydi.
Shu bilan birga, may oyining boshidan beri Yevropa Ittifoqining beshta davlatida - Bolgariya, Vengriya, Polsha, Ruminiya va Slovakiyada Ukrainadan to‘rtta qishloq xo‘jaligi mahsuloti - bug‘doy, makkajo‘xori, raps va kungaboqar urug‘larini import qilish bo‘yicha favqulodda vaqtinchalik choralar ko‘rilmoqda. Bu bozorlarning Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘lib ketgani tufayli joriy qilinyapti.
Ushbu mamlakatlarga tovarlarni olib kirish 2023 yil 5 iyungacha taqiqlangan, ammo Yevropa Komissiyasi 5 iyundan keyin qo‘shimcha cheklovlarga tayyor, chunki istisno vaziyat saqlanib qoladi. Bryussel bu borada shunday bayonot berdi: "Bu choralar istisno holatlarni hisobga olgan holda zarur. Yevropa Ittifoqiga a’zo beshta davlat duch keladigan jiddiy logistika muammolari ham nazarda tutilgan".
Bu davlatlar orqali Ukraina tovarlarining tranziti davom etishi mumkin.