Statistikaga ko‘ra, har kuni o‘rtacha 4,7 mlrd dona, bir oyda esa 143 mlrd dona surat olinadi. Har bir foydalanuvchining gadjetida o‘rtacha 2,1 mingtacha surat saqlanadi.
Suratga tushish shunchalik qulay va cheksiz bo‘lib ketganki, endi oldingiday alohida fotoalbomlar qilish ham urfdan qolyapti. Odamlar buning o‘rniga rasmlarini shunchaki elektron saqlashni afzal ko‘ryapti. Suratkashlik hammaning o‘ziga qolib, albomlar ham tayyorlanmayapti.
Qog‘oz albomlar kerakmi?
“Suratlarni elektron saqlash qulaymi yoki qog‘oz variantda albomlarga joylab saqlashni ham yodingizdan chiqarmaysizmi?” degan mazmunda bergan savolimizga ayrimlar suratlarni faqat elektron saqlayotganini va bu qulay ekanini, ayrimlar esa hali ham albom tutish odatidan voz kechmaganini bildirdi.
“Men tug‘ilgan kun yoki to‘ylardagi suratlardan hech bo‘lmasa bittasini ishlatib albomga solib qo‘yaman. Qolgani elektron tursa ham, hech bo‘lmasa bitta rasmni chop etish odatim bor”.
“Albomlar kerak. Men o‘zim albomga bundan 9 yil oldin rasm solgandim oxirgi marta. Lekin o‘sha fotoalbomni har safar ochganimda boshqacha hislarni sezaman. Telefondagi rasmlarga kam qarayman. Albom arxiv bo‘lib qoladi va undagi suratlar gadjetdagilariga nisbatan yo‘qolish xavfi kamroq”.
“Bitta zo‘r rasmim bor edi. Kompyuterimda saqlardim. Kompyuterim buzilib qolganda ustaga tuzatishga berganimda ichidagi bor-budini o‘chirib yuborgan. Shunda suratlarni chiqarib qo‘yish kerak ekan degan fikrga kelganman”.
“Fotoalbomlar kerakmas. Birinchidan, ortiqcha xarajat, ikkinchidan, albomlar chang bosib turadi qaysidir joyda. Qurilmalarni esa o‘zingiz bilan olib yurishingiz va istalgan payti rasmlarni ochib tomosha qilishingiz mumkin”.
“Hech bo‘lmasa, xotiralarni eslab maza qilish uchun ham oilaviy fotoalbomlarni saqlab qolish kerak. Texnologiya ichidagi suratlar bu kayfiyatni bermaydi”.
Javoblardan aksar odam fotoalbomlar yo‘q bo‘lib ketmasligini xohlashini, lekin o‘zlari kamdan kam suratlarni chop etib albomda saqlashlarini tushunish mumkin.
Ilk fotoalbomlar qachondan paydo bo‘lgan?
Dastlabki fotoalbomlar shunchaki rasmlar kolleksiyasi emas, tadqiqot obekti bo‘lgan. 1830-40-yillarda ixtirochilar o‘zlarining kundaliklarini yuritishadi va ularga o‘tkazgan tajribalari suratlarini ham joylab borishgan. Bunday kundaliklarni ham dastlabki albomlar sifatida atash mumkin. Lekin bunday albomlar oshkor qilinmagan, sababi maxfiy ma’lumot hisoblangan.

























