London Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi
86 nafar jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan cheklov choralari qo‘llanilgan. Ular orasida banklar, «Rosatom»ga aloqador tashkilotlar, transport kompaniyalari, harbiy-sanoat kompleksi korxonalari bor.
Britaniya 19 may, juma kuni Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi. Ro‘yxatlardan 86 nafar jismoniy va yuridik shaxs joy olgan. Hukumat press-relizida ta’kidlanganidek, yangi sanksiyalar ilg‘or harbiy texnologiyalar va Rossiyaning «qolgan daromad manbalari»ga qaratilgan.
Xususan, Rossiyaning beshta kredit tashkiloti sanksiyalar ostida qoldi - Tinkoff Bank, Rosbank, «Dom.RF», Butunrossiya mintaqaviy taraqqiyot banki va Metallinvestbank. Yangi sanksiyalar paketi, Londonga ko‘ra, «Rossiyani jahon moliya tizimidan yanada yakkalab qo‘yadi».
«Rosatom» bilan bog‘liq to‘qqizta tashkilot ham cheklov choralariga duchor bo‘ldi. Ular orasida UMATEX (Rossiyada uglerod asosidagi kompozit materiallarning eng yirik ishlab chiqaruvchisi) va Troitsk innovatsiyalar va termoyadroviy tadqiqotlar instituti bor (TRINITI, lazer texnologiyalari bilan shug‘ullanadi).
Sanksiyalar, Britaniya hukumatiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotlari uchun «strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sektorda asosiy rol o‘ynashda davom etayotgan» kompaniyalarga ham ta’sir qiladi. Ular orasida «Severstal», AFK «Sistema», «Polyus», Magnitogorsk temir-po‘lat zavodi, TMK, OMK, Chelyabinsk temir-po‘lat zavodi («Mechel» guruhi) va Rossiya mis kompaniyasi, Bryansk mashinasozlik zavodi, «Motovilixinskiye zavody» kompaniyasi bor.
Shuningdek, transport xizmatlari bilan bog‘liq 24 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan cheklov choralari joriy etildi. Ro‘yxatga Pawell Shipping Co va Davlat don operatori (Zaporijjya viloyatining Rossiya nazoratidagi qismida tashkil etilgan davlat don kompaniyasi) kiradi. Buyuk Britaniya ularni «Ukraina donini tizimli o‘g‘irlash»da aybladi. Shuningdek, Rossiyaning oltita yuk tashish kompaniyasiga, jumladan, Britaniya hukumati ishini «Sovkomflot» bilan bog‘laydigan Sun Ship Management kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy etildi. FESCO transport guruhi ham endi cheklov choralari ostida.
Sanksiyalar ostida qolgan shaxslar orasida Rossiya mis kompaniyasi asoschisi Igor Altushkin, «Kalashnikov» konserni bosh direktori Vladimir Lepin, Zaporijjya atom elektr stansiyasi rahbari Oleg Romanenko, «Gazprom neft» direktorlar kengashining 13 nafar a’zosi, «Transneft» direktorlar kengashining besh a’zosi, «Gosudarstvennyy zernovoy operator» davlat unitar korxonasi rahbari Nikita Busela bor.
Mavzuga oid
21:00 / 12.11.2024
Rossiyada migrantlar uchun uy-joy ijarasi qoidalari kuchaytiriladi
18:09 / 12.11.2024
Polsha Bosh shtabi boshlig‘i Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
16:07 / 12.11.2024
Greenpeace: NATO harbiy jihatdan Rossiyadan sezilarli darajada ustundir
14:14 / 12.11.2024