O‘zbekiston | 21:45 / 23.05.2023
10964
2 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi 

Prezident huzurida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati ko‘rib chiqildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy muassasalar va davlat idoralarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. 

Davlat rahbarining shu yil 16 fevraldagi qarori bilan bu boradagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha dastur qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, joriy yilda ijtimoiy soha va davlat idoralarida 220 megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatish ko‘zda tutilgan. 

Yig‘ilishda mutasaddilar ,bu boradagi ishlarning ijrosi yuzasidan axborot berdi. 

Qayd etilishicha, bugungi kunda 107 megavatt quyosh panellari o‘rnatilgan. Yirik davlat kompaniyalarida ish yaxshi ketmoqda. Lekin ijtimoiy muassasalarda natijalar hali yetarli emas. 

Masalan, oliy o‘quv yurti binolarida 36 foiz, maktablarda 33 foiz, tibbiyot muassasalarida 28 foiz panellar o‘rnatilgan. Hududlar bo‘yicha olganda, respublikada bu ko‘rsatkich qariyb 50 foizga yetgan. Ammo Toshkent shahrida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish darajasi rejaga nisbatan 26 foizni tashkil etmoqda. 

Prezident bu borada hali imkoniyatlar ko‘pligini ta’kidlab, ishlarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

2023 yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yaqinda prezidentning Xitoyga davlat tashrifi doirasida 4,4 milliard dollarlik, jami quvvati 4,8 gigavattga teng 11 ta quyosh va shamol stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Yig‘ilishda mazkur kelishuvlar ijrosini tashkil etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid