Jahon | 11:03 / 23.05.2023
6000
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh F-16 haqida: harbiy operatsiyalar bo‘yicha qaror Kiyev tomonidan qabul qilinadi

Ukraina F-16'dan foydalangan holda harbiy operatsiyalar o‘tkazish bo‘yicha qarorlarni o‘zi qabul qiladi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti vakili aytib o‘tdi.

Foto: Omar Marques/Getty Images

“Biz ukrainaliklarga Ukraina chegaralaridan tashqaridagi hujumlar Amerikaning F-16 qiruvchilaridan foydalangan holda amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymasligimizni yoki buni rag‘batlantirmasligimizni juda aniq aytdik”, dedi AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Metyu Miller brifingda. U 22 may kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan tadbirda Kiyevga berilgan Amerika qurollaridan Rossiya hududiga hujum qilish uchun foydalanish imkoniyati haqidagi savolga javob qaytardi.

“Ammo men bir qadam orqaga chekinish va barchaga eslatish muhim deb o‘ylayman: bu urushni aynan Rossiya boshladi va tinch aholiga – maktablar, shifoxonalar, fuqarolik infratuzilmasi obektlariga Rossiya hujum qilishda davom etyapti. Demak, ukrainaliklarning o‘zi harbiy amaliyotlarini qanday o‘tkazishni hal qilishi lozim. Ammo bu urushda tajovuzkor - aynan Rossiya”, - dedi u.

Avvalroq Miller xuddi shu savolga javob berar ekan, AQSh prezidenti Jo Baydenning Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari yaqin oylarda ukrainalik uchuvchilarni F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishga o‘rgatishni boshlashi haqidagi va’dasini eslatib o‘tgandi.

Bundan oldin Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Ukraina yaqin orada F-16 qiruvchi samolyotlarini olishiga umid bildirdi. 

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari kengashining Bryusseldagi yig‘ilishi oldidan u Kiyevga zamonaviy qiruvchi samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha koalitsiya tuzish qarorini olqishladi va ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash boshlanganini aytdi, deb yozadi «Ukrinform» o‘z muxbiriga tayanib.

AQSh prezidenti Jo Bayden 19 may kuni Yaponiyaning Xiroshima shahrida bo‘lib o‘tgan G7 yetakchilari sammitida Vashington ukrainalik uchuvchilarni AQShda ishlab chiqarilgan F-16 qiruvchi samolyotlarida o‘qitish rejalarini qo‘llab-quvvatlashi haqida ma’lum qildi. 

CNN va AFP ta’kidlashicha, uchuvchilar o‘qitilayotgan vaqtda Ukraina samolyotni qachon qabul qilishi, shuningdek, uni kim va qancha qiruvchi bilan ta’minlashi haqida qarorlar qabul qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid