Oxirgi kunlarda kuzatilayotgan bir holat Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi aholi e’tiborini tortdi. Shahardagi asosiy xiyobon bo‘lmish Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ining Samarqand davlat universiteti bilan tutash qismi avtomashinalarga to‘lgan.

Xiyobonning barcha kirish qismlarida mashina kirishiga to‘sqinlik qiluvchi maxsus to‘siqlar turadi. Jumladan, SamDU bilan tutashgan kirish joyida ham. Ammo bu to‘siqlar bir muddat olib qo‘yilayotgan ko‘rinadi, chunki xiyobon ichida juda ko‘p mashina qo‘yilgan.

Xiyobonga mashina qo‘yishga kim ruxsat bergani, to‘siqlarni kim olib qo‘yayotgani ma’lum emas. Har holda kimdir ruxsat bermasa, bunchalik ko‘p mashina o‘zboshimchalik bilan shahardagi asosiy xiyobon ichiga kirib olishi qiyin. Mashinalar xiyobonning markazigacha terib qo‘yilgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: shahardagi bexavotir piyoda yurish, xordiq chiqarish mumkin bo‘lgan kam sonli joylardan birini avtoturargohga aylantirishga kim yo‘l qo‘ygan? Bu holat birinchi marta sodir bo‘lmayotganidan shunday xulosaga kelish mumkin: yoki mahalliy hokimlik shahardagi bosh xiyobonni avtoturargohga aylantirishga ruxsat bergan yoki hokimlik shaharliklarning hordiq chiqarishi mumkin bo‘lgan sanoqli joylardan biri «stoyanka»ga aylanishiga shunchaki befarq.

Shundog‘am velosiped, elektr samokat va yana boshqa turdagi ulovlarning pulli ijarasi yo‘lga qo‘yilganidan keyin xiyobon hududida bemalol piyoda yurish qiyin bo‘lib qolgandi.

Shu o‘rinda oxirgi vaqtlarda Samarqand shahri borgan sari odamlar uchun emas, mashinalar uchun qulaylashtirib borilayotgani achinarli holat ekanini aytib o‘tish kerak. Bunga bir necha misol keltirish mumkin. Masalan, «Dinamo» stadioni ro‘parasida uzoq yillardan buyon piyodalar o‘tish yo‘lagi bor edi. Ikki oy oldin yo‘lak borligini bildiruvchi belgi olib tashlandi, yo‘lakning ikki boshi va o‘rtasiga to‘siq qo‘yildi. Odamlar esa sal nariroqdagi nobop yerosti yo‘lidan o‘tishga qaysidir ma’noda majburlandi.