Jahon | 21:50 / 24.05.2023
22870
7 daqiqa o‘qiladi

«O‘lib-tirilgan» Jorj Soros. Mashhur va ziddiyatli milliarder, «buzg‘unchi», «rangli inqilob homiysi»

Jorj Soros nomini siyosiy mavzudagi tortishuvlarda tez-tez eshitib qolamiz. «Sorosdan pul oladigan», «Soros homiylik qilgan» degan ayblovlar ham quloqqa chalinadi.

Foto: Bloomberg

2023 yil may oyida Sorosning nomi OAVda sarlavhalarga chiqdi: mashhur milliarder vafot etgani ma’lum qilindi. Amerikalik tadbirkorni xushlamaydiganlar xursand bo‘lib ulgurmasdan, Sorosning o‘zi Twitter'da tirikligini yozdi.

Aslini olganda, uning o‘lganiga ko‘pchilik ishonib ham bo‘lgandi, chunki milliarder hozirda naq 92 yoshni «urib qo‘ygan».

Xo‘sh, Jorj Soros o‘zi kim?

Natsistlardan qo‘rqish sabab vujudga kelgan nom

Jorj Soros 1930 yilda Vengriyada, yahudiy oilasida dunyoga kelgan. 1936 yilda oila natsistlar ta’qibidan qo‘rqib g‘irt vengercha familiya — Shorosh (Soros)ni tanlaydi. Jorjning otasi Birinchi jahon urushi qatnashchisi bo‘lgan, yolg‘iz akasi Pol injyener edi.

Jorj 1947 yilda Buyuk Britaniyaga o‘qishga boradi, tirikchilik yo‘lida turli ishlarni qiladi. Hatto basseynda qutqaruvchi bo‘lib ham ishlaydi. Keyinroq bank sohasiga ishga o‘tadi.

Nihoyat, Soros 1956 yilda AQSh tuprog‘iga qadam qo‘ydi. U Uoll-stritda kichik brokerlik firmasiga ega bo‘lgan do‘stining otasiga «orqa qilib» kelgandi.

70-yillar boshida Soros Yevropa fond birjalariga ixtisoslashgan holda ishlay boshlaydi. Uddaburon treyder 1980 yildayoq 100 million dollar ishlab topadi. 1992 yilda ingliz funtining nemis markasiga nisbatan qadrsizlashuvi Sorosga bir milliard dollardan oshiq mablag‘ olib keladi.

«Ochiq jamiyat» fondi va inqiloblar

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, konspirolog siyosatdonlar jahondagi inqiloblar, ko‘tarilishlar va demokratiya uchun namoyishlarni Soros nomi bilan bog‘lashadi.

Ularning iddaolariga ko‘ra, milliarder tashkil etgan «Ochiq jamiyat» fondlar tarmog‘i ana shunday faoliyatga yo‘naltirilgan. Bu tashkilot grantlar, xayriya mablag‘lari evaziga turli kasb egalari va loyihalarga homiylik qiladi.

Jumladan, Soros fondi 90-yillarda 33 mingdan oshiq rossiyalik olimning tadqiqotlari uchun grantlar ajratgan. 2015 yilda esa fond Rossiyada «istalmagan tashkilotlar» ro‘yxatidan joy oladi.

1989 yilda Sharqiy Yevropada kommunistik rejimlar qulashi, 2003 yilda Gruziyada yuz bergan «atirgul inqilobi»da Soros asosiy rolda ko‘riladi. Ammo milliarder matbuotni voqealarni shishirib ko‘rsatishda ayblab chiqqan.

AQShda esa qahramonimiz demokratlarni faol qo‘llab keladi. Hatto 2004 yilda Jorj Bush prezidentlikda qolmasligi uchun targ‘ibotda 27 million dollarning bahridan o‘tadi. Lekin mablag‘lar osmonga uchib, Bush prezidentlikda qoladi.

Soros 2016 yilda Hillari Klintonni faol qo‘llab, Donald Trampni xushlamasligini ochiq bayon etgan.

Putin va Si haqida Soros nima degan?

Jorj Soros avtoritar rahbarlar uchun mutlaqo qarama-qarshi shaxs edi va siyosiy liderlar uni xushlamagan.

Jumladan, Soros 2005 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘sha paytdagi Ukraina prezidenti Leonid Kuchmaga inqilob sabab ko‘chaga chiqqanlarga o‘t ochishni maslahat berganini aytadi va Kreml xo‘jayinini keskin tanqid qiladi.

2018 yilda Donald Tramp bilan uchrashgan Putin esa Sorosni esga oladi: «Bizni saylovlarga aralashishda ayblashyapti... Masalan, Soros hammaning ishiga aralashadi. Xo‘sh, bu AQSh davlati pozitsiyasimi? Yo‘q, bu faqat bir shaxs», deydi Putin.

2022 yil martida Project Syndicate uchun yozgan maqolasida Soros Putinni uchinchi jahon urushini boshlaganlikda ayblab chiqdi. Uning nishonida XXR raisi Si Tszinpin ham tushdi: milliarderga ko‘ra, Ukrainaga hujum 2022 yil fevralidagi o‘zaro uchrashuvlarda «pishitib» olingan.

Bungacha ham Soros Xitoyning jig‘iga tegishga ulgurgandi: u Si Jinpingni «ochiq jamiyatlarning eng xavfli raqibi» deya atagandi. XXR TIV rasmiy vakili Xua Chunin esa Sorosning gapi «hatto raddiyaga ham arzimasligini» aytib javob qaytargan. Soros Xitoyga avtoritar, lekin «texnologik jihatdan eng boy, eng kuchli va eng ilg‘ordir» deb ta’rif beradi.

Erdo‘g‘an xushlamagan milliarder

Afsuski, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham Jorj Sorosni mutlaqo yoqtirgan emas.

2021 yilda AQSh, Germaniya, Fransiya, Kanada, Niderlandiya, Daniya, Shvetsiya, Norvegiya, Finlandiya va Yangi Zelandiya elchilari qo‘shma bayonot e’lon qilgan, unda Turkiya hukumatidan filantrop Usmon Kavalani ozod etishni so‘raydi.

Mazkur bayonot Erdo‘g‘anning qahriga uchraydi.

«Kavala degan odam – Sorosning Turkiyadagi filialidir! O‘n elchi tashqi ishlar vazirligidan uning kechirilishini so‘ramoqda. Qanday yuzsizlik!» deydi Erdo‘g‘an mitinglarning birida.

Soros va Markaziy Osiyo

Ziddiyatli milliarder uchun Markaziy Osiyo begona mintaqa emas. Ammo ushbu mintaqa siyosatdonlari va jamoatchiligi uni yoqlagan deb ham ayta olmaymiz.

2005 yilda sodir bo‘lgan Andijon voqealarida Soros O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovni tanqid qiladi va uni oddiy aholiga o‘t ochishda ayblaydi.

Milliarderga tegishli fond Markaziy Osiyoda nisbatan demokratik sifatida ko‘riladigan Qirg‘izistonda faoliyat yuritadi. 2003 yilda qirg‘iz hukumatini Sorosni uchinchi darajali “Manas” ordeni bilan mukofotlaydi.

Hatto milliarder 2014 yilda ushbu Markaziy Osiyo davlatiga tashrif ham buyuradi. Sorosning ushbu qadami mamlakatdagi rossiyaparastlarda chuqur tashvish uyg‘otgan va bir necha norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tadi.

Qisqa raqamlar:

— Sorosning ayni damda boyligi 8,3 milliard dollar atrofida baholanadi;

— 2017 yilda Soros «Ochiq jamiyat» fondiga 18 mlrd dollar o‘tkazadi;

— 2019 yil sentabriga kelib uning jami xayriya ishlari 32 mlrd dollar miqdorida baholanadi.

Sorosga 2018 yilda suiqasd qilinadi: u yashaydigan qarorgohga pochta orqali portlovchi qurilma yuboriladi, lekin Jorj tirik qoladi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid