O‘zbekiston | 12:32 / 24.05.2023
13859
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazildi

O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi o‘tkazish punktlari yuk mashinalarining ko‘pligi sababli kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazildi. Bu haqda Qozog‘iston Moliya vazirligining Davlat daromadlari qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Kun.uz

Unga ko‘ra, muammoli hududlar ro‘yxati tuzilib, tomonlar chegarada mashinalar to‘planib qolishining muammoli jihatlarini zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar kompleksini ko‘rgan.

«Transport oqimlari qayta taqsimlandi (katta hajm rekonstruksiya qilingan «B.Qo‘nisboyev» nazorat-o‘tkazish punktiga yo‘naltirildi), nazorat-o‘tkazish punktlari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazildi, bojxona postlari chegaradan transport vositalari o‘tishini nazorat qilish ishlarini tezlashtirish maqsadida qo‘shimcha xodimlar bilan ta’minlandi. Davlat daromadlari qo‘mitasining bosh dispetcherlik boshqarmasi tovarlarni chiqarish bo‘yicha tun-u kunlik ish rejimiga o‘tdi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston ikki yo‘nalishda tovarlar va transport vositalarini qabul qilish sonini ko‘paytirish va chegarada nazorat operatsiyalarini o‘tkazishni tezlashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi. 

«Ishchi guruh yaqin kunlarda har ikki tomonning barcha nazorat punktlari ishini tekshiradi. Hukumat topshiriqlari ijrosi doirasida O‘zbekiston bilan chegaradagi o‘tkazish punktlarida tovarlar va texnikalarni o‘tkazish hajmini oshirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi», — deyiladi qo‘mita xabarida. 

Shuningdek, may oyida mavsumiy davr boshlanishi bilan O‘zbekistondan Qozog‘istonga meva-sabzavot eksporti, jumladan, Rossiyaga tranzit yo‘l bilan olib o‘tish hajmi oshishi eslatildi. Ayni paytda Turkiston viloyatidagi uchta bojxona postiga kuniga o‘rtacha 900-1000 yuk avtomobili kelmoqda. 

 

Mavzuga oid