Amnesty International xalqaro huquqni himoya qilish tashkiloti falastinliklarga nisbatan zulm qilinayotgani to‘g‘risidagi hisobotni e’lon qildi. Unda aytilishicha, Isroil siyosiy tizimi bir etnik guruhning ikkinchisi ustidan, ushbu holatda «isroillik yahudiylar manfaatlari uchun falastinliklarni ezish va ular ustidan hukmronlik qilish» asosiga qurilgan.

«Aparteid» termini ko‘pincha XX asrning ikkinchi yarmida JAR va Namibiyadagi qora tanli aholining kamsitilishiga nisbatan qo‘llanadi. O‘shanda qit’aning tub aholi vakillari hukmron oq tanlilardan alohida yashashga majburlangan va ularning huquqlari sezilarli darajada cheklangan. Bu xalqaro huquqqa zid bo‘lib, insoniyatga qarshi jinoyat deb hisoblanadi.

Isroil tashqi ishlar vazirligi huquq himoyachilarining hisobotiga javoban undagi «barcha asossiz ayblovlarni qat’iyan rad etishi»ni bildirdi. Vazirlik vakili Amnesty International tashkilotini «Isroilga qarshi bo‘lgan taniqli tashkilotlarning yolg‘on, nomunosib va asossiz iddaolari»ni tarqatishda aybladi.

«Ushbu hisobot Isroilning yahudiy xalqining milliy davlati ko‘rinishida mavjud bo‘lish huquqini inkor qiladi. Hisobotning ekstremistik tili va undagi tarixiy kontekstning buzib ko‘rsatilishi Isroilni yovuz ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lib, antisemitizm oloviga moy sepadi», - deyiladi Isroil TIV bayonotida.

Huquq himoyachilari Xalqaro jinoyat sudini «Isroildagi insoniyatga qarshi jinoyatlar va aparteidni zudlik bilan ko‘rib chiqish»ga chaqirmoqda. Bunday siyosat yuritish uchta xalqaro shartnoma, jumladan BMTning 1973 yilda imzolangan aparteid jinoyatlarining oldini olish va bunday jinoyatlar uchun jazolash to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasida taqiqlangan.

Konvensiyada aparteid termini «bir irqiy guruhdagi odamlarning boshqa irqiy guruhdagilar ustidan hukmronlik o‘rnatish maqsadida amalga oshirilgan g‘ayriinsoniy harakatlar» deb ifodalangan.

JARdagi aparteid qanday ko‘rinishda bo‘lgan?

Foto: Getty Images
  • JARdagi aparteid siyosati oq tanli mustamlakachilar avlodlarining 1948 yildan 1991 yilgacha hukmronlik qilgan JAR milliy partiyasi tomonidan joriy etilgan.
  • Partiya siyosati oq tanlilarning ustunligi tamoyilini institutsional shaklda mustahkamlab qo‘ygan. 
  • Qora tanli odamlarga saylovlarda ovoz berish taqiqlangan.