Jahon | 09:45 / 27.05.2023
9463
2 daqiqa o‘qiladi

Polshada Rossiya ta’siriga qarshi kurash bo‘yicha qonun loyihasi ma’qullandi

Polsha Rossiyaning 2007 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan ta’siri holatlarini tekshirish niyatida. Tanqidchilarning fikricha, hukmron partiya qonun yordamida siyosiy raqiblarini yo‘q qilmoqchi.

Foto: AP

Polsha Seymi 2007 yildan 2022 yilgacha Rossiyaning mamlakat ichki xavfsizligiga ta’sirini tekshirish uchun davlat komissiyasini tuzish to‘g‘risidagi munozarali qonun loyihasini ma’qulladi. 26 may, juma kuni parlament quyi palatasining 234 nafar deputati qonun loyihasini qabul qilish uchun ovoz berdi, 219 nafari qarshi chiqdi, yana biri betaraf qoldi. Qonun kuchga kirishi uchun uni hali Polsha prezidenti Anjyey Duda imzolashi kerak.

Qonun loyihasida, xususan, to‘qqiz a’zodan iborat komissiya o‘zi aybdor deb bilgan har qanday siyosatchiga mablag‘ taqsimoti bilan bog‘liq davlat lavozimlarini o‘n yil davomida egallashni taqiqlashi mumkinligi ko‘zda tutilgan. Komissiya rahbarini bosh vazir Mateush Moravetskiy tayinlaydi.

Muxolifat bu qarorni qoralab, uni siyosatchilarni sudyaga aylantiruvchi “konstitutsiyaviy davlat to‘ntarishi” deb atadi. Tanqidchilarning fikricha, ushbu qonun yordamida hukmron “Qonun va adolat” partiyasi milliy konservatorlari kuzgi parlament saylovlarida asosiy raqib – liberal muxolifat yetakchisi, sobiq bosh vazir Donald Tuskni yo‘q qilishga intilmoqda. “Ushbu qonunning maqsadi - Tuskni siyosatdan haydash”, dedi “Fuqarolik platformasi” partiyasi bosh kotibi Marchin Kirvinskiy.

Yevropa kengashining sobiq raisi Donald Tusk 2007 yildan 2014 yilgacha Polsha bosh vaziri lavozimida ishlagan. Konservatorlar uni boshqa narsalar qatori, Rossiya bilan norentabel gaz shartnomalarini imzolaganlikda ayblamoqda. Tusk “Qonun va adolat” rahbari Yaroslav Kachinskiyning asosiy siyosiy raqibi sanaladi. Sobiq bosh vazir Polshaning eng yirik muxolifat partiyasi - liberal-konservativ “Fuqarolik platformasi”ni boshqaradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid