Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ilm-fan va innovatsiyalar kengashi turli ilmiy loyihalarni ko‘rib chiqib, ularga pul ajratish yoki rad qilish uchun qaror qabul qiladi. 2021 yil oktyabr oyida biolog olim Erkin Kurganov hamrahbarligida topshirilgan loyiha oradan 1,5 yil o‘tib rad qilingan. Olim Kun.uz’ga murojaat qilib, vazirlik kengashi loyihalarni ko‘rib chiqishda sustkashlik qilayotganidan norozi ekanini bildirdi.

Rad qilingan loyiha

Erkin Kurganov hamrahbarligidagi loyiha “Qandli diabetda va toksik gepatitda hujayra bioenergetikasi hamda hajm boshqarilishi buzilishlarining biofizik mexanizmlari hamda ularning farmakologik korreksiyasi” deb nomlanadi.

Olimning tushuntirishicha, loyiha qandli diabetga qarshi, zamonaviy va nojo‘ya ta’siri kam yoki yo‘q bo‘lgan dori vositalarini topish uchun asos bo‘lishi mumkin.

“Buning uchun kasallikning patogenez mexanizmlarini aniqlash, moddalarni organizmdagi hujayra hajm boshqarilishi va mitoxondriyadagi o‘zgarishlarga ta’sirini eng avvalo molekulyar darajada o‘rganish kerak bo‘ladi. Bu ishlarni fundamental tadqiqotlar doirasida amalga oshirish lozim”, — deydi biolog.

Hujayra hajm boshqarilishini akademik Ravshan Sobirov yo‘lga qo‘ygan. Ta’kidlanishicha, loyiha ham hujayra hajm boshqarilishining kasalliklarda roli bormi, agar bo‘lsa, keyinchalik shu orqali bu kasalliklarni davolasa bo‘ladimi, degan maqsadda topshirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qandli diabet bilan dunyoda 573 million, O‘zbekistonda esa 250 mingga yaqin odamlar kasallangan. Jigar kasalliklari (gepatit ham shunga kiradi) bilan esa dunyoda yiliga 355 million odam xastalanadi.

Loyiha nega rad etildi?

Olimlarning bu loyihasi 2021 yil 15 oktyabrda Innovatsion rivojlanish vazirligiga (hozir bu vazirlik Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tarkibida agentlik sifatida faoliyat yurityapti) topshirilgan. Ilmiy texnik kengashda 2022 yil 2 aprelda, Hay’atda esa 2023 yilning 10 mayida ko‘rib chiqilgan. Erkin Kurganov jarayonning aynan shu joyidan noroziligi, ya’ni loyihalarni ko‘rib chiqish uchun aniq dedlayn yo‘qligi, bo‘lsa ham unga rioya qilishmayotgani olimlar ishini orqaga tortayotganini aytdi.

Loyihani uzoq vaqt ko‘rib chiqishganiga ham chidadik, lekin eng yomoni, Hay’atgacha kelgan loyihani Hay’atning o‘zida himoya qilishga yo‘l berishmadi. Oldin Hay’at raisi Ibrohim Abdurahmonovning o‘zi edi va u loyihalarning juda yaxshi farqiga borar va ichiga kirardi. Past ball olgan loyihalarni ham yaxshi bo‘lsa, Hay’atda himoya qilishga ruxsat berib, isbotlay olsa moliyalashtirishga imkon berardi