O‘zbekiston | 13:13 / 30.05.2023
9278
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi uy-joy sotib olgan aholiga QQSning yarmi qaytarib berilishi rejalashtirilyapti 

O‘zbekistonda xususiylashtirish dasturi doirasida davlat ulushi mavjud korxonalar 6 barobarga kamayadi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, 17 turdagi davlat monopoliyasi bekor qilinib, ularga xususiy sektor keng jalb etiladi. “Umuman, kelgusi yillarda faqat magistral energiya va transport tarmoqlari, davlat boshqaruvi va xavfsizligi bilan bog‘liq sohalar davlat tasarrufida qoladi”, dedi u.

Ma’lum qilinishicha, 2030 yilga qadar iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish asosiy maqsad bo‘ladi.

Rasmiy sektor – nolegal faoliyatdan afzal va manfaatli bo‘lishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Soliq tizimini soddalashtirish va barcha tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Kelgusi yillarda biznes uchun qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma va mol-mulk soliq stavkalari oshirilmasligi qat’iy kafolatlanadi. Shuningdek, 2024 yildan boshlab yangi uy-joy sotib olgan aholiga qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi qaytarib beriladi. Uy-joy xaridi aholiga arzonroq tushadi va qurilishdagi hisob-kitoblar shaffof bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotgan fermerlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi qaytariladi.

“Biz ijtimoiy himoyani soliq siyosati orqali ham kuchaytiramiz. Bu borada, yoshlarni ishga olgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliqni qaytarib berishni joriy qilgan edik. Endi, ijtimoiy reyestrga kiritilgan aholini ishga olgan korxonalarga xodimining daromad solig‘i ham qaytarib beriladi. Biz sohani to‘liq raqamlashtirish orqali, vaqtida soliq to‘layotgan korxonalarda qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish muddatini bir kun etib belgilaymiz. Bunday korxonalarda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi va davlat xaridlarida ustunlik beriladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishlariga mos holda rivojlantirish, tuproq va yaylovlarda degradatsiyaning oldini olish bo‘yicha Milliy dastur qabul qilinadi. Agrar sohaga jami 15 milliard dollar investitsiyalar jalb etiladi.

Mavzuga oid