Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI Kosovodagi zo‘ravonlikni qoraladi va vaziyatni yumshatishga chaqirdi
Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Borrel Zvechandagi KFOR tinchlikparvar kuchlari yaralangan to‘qnashuvlarni dahshatli deb atadi. Bryussel tomonlarni zudlik bilan keskinlikni kamaytirishga chaqirdi.
Yevropa Ittifoqi Kosovo shimolidagi Zvechan shahrida sodir bo‘lgan "dahshatga soluvchi zo‘ravonlik"ni "eng qattiq so‘zlar bilan" qoralaydi. Bu haqda 30 may, seshanbaga o‘tar kechasi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Twitter’da yozdi. “KFOR (NATO boshchiligidagi xalqaro tinchlikparvarlik missiyasi), ommaviy axborot vositalari vakillari, tinch aholi va politsiyaga qarshi zo‘ravonlik harakatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, - dedi u.
"Yevropa Ittifoqi Kosovo hukumati va namoyishchilarni vaziyatni zudlik bilan va so‘zsiz yumshatishga chaqiradi. Biz tomonlardan mas’uliyat bilan harakat qilishlarini va muloqot orqali siyosiy yechim topishlarini kutamiz", deb yozdi Borrel.
Bir necha soat oldin Germaniya Tashqi ishlar vazirligi ham Kosovo shimolidagi keskinlikni kamaytirishga chaqirib, Zvechan va boshqa shaharlarda sodir etilgan zo‘ravonlik harakatlarini "qabul qilib bo‘lmaydigan" deb atagan edi. Berlin Belgrad va Prishtinani vaziyatni yumshatish va Yevropa Ittifoqi shafeligida fevral va mart oylarida erishilgan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishda muzokaralar olib borishga chaqirdi.
Kosovo shimolidagi ma’muriy binolarga etnik serblar tomonidan uyushtirilgan hujumlar natijasida kamida 50 nafar namoyishchi va KFOR tinchlikparvar missiyasining 25 nafarga yaqin vakili jarohatlangan. KFOR qo‘shimcha kuchlari respublika shimoliga, jumladan Zvechan shahriga jo‘natildi, u yerda 26 may kuni serblar yangi merni shahar meriyasiga kuzatib borayotgan politsiyaga hujum qildi. Kosovo huquq-tartibot xodimlari namoyishchilarga qarata ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. KFOR kuchlari politsiyaga ma’muriyat binosini qo‘riqlashda yordam berishda davom etadi.
Mavzuga oid
08:53 / 23.06.2026
Starmer iste’fosidan so‘ng YeI – Buyuk Britaniya sammiti qoldirildi
08:58 / 19.06.2026
Orbansiz sammit: YeI Ukraina bo‘yicha yagona pozitsiyaga keldi
08:22 / 19.06.2026
Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ilk bor bir yilga uzaytirdi
09:45 / 16.06.2026