Rossiyaning chegara hududlarida evakuatsiya, Kiyevdagi vayrongarchiliklar. Urush suratlari
Ukrainada urushning 462-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Davlat dumasiga sudlangan shaxslar bilan harbiy shartnomalar tuzishga ruxsat beruvchi qonun loyihasi kiritildi. Deputatlar buni «shartnoma asosida harbiy xizmat o‘tashni istovchi fuqarolar orasida shartnoma tuzish taqiqlangan qatlam ko‘pchilikni tashkil etayotgani» bilan izohlagan.
- Krasnodar o‘lkasida dronlar ikkita neftni qayta ishlovchi zavodga — Afipskiy va Ilskiy zavodlariga hujum uyushtirdi. Hech kim jabrlanmagan.
- Belgorod oblasti rahbari Vyacheslav Gladkov Belgorod oblastining chegara hududlari o‘qqa tutilishi kuchayishi munosabati bilan Shebekino va Grayvoron shahar okruglaridan bolalar evakuatsiya qilinishi boshlanganini e’lon qildi.
- Urushga qarshiligini bildirish uchun 2022 yil 14 iyunida Krasnodarda FXX binosiga Molotov kokteylini uloqtirgan Igor Paskar sakkiz yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
- Davlat dumasining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi fan nomzodlari va fan doktorlari uchun safarbarlikni kechiktirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamadi. Xulosada aytilishicha, «fuqaroning ilmiy darajaga ega bo‘lishi uning ilmiy tadqiqotlarda bevosita ishtirok etishini anglatmaydi», muhim sohalarda ishlovchi mutaxassislar esa zarurat bo‘lganda imtiyozga ega bo‘lishi mumkin.
- AQSh Ukrainaga 300 mln dollar miqdoridagi yangi harbiy yordam paketi ajratadi, bu paket Patriot tizimlari uchun raketalar, Stinger ko‘chma raketa komplekslari, Avenger havo hujumidan mudofaa tizimlari, shuningdek radar boshqaruviga ega «havo-havo» tipidagi AIM-7 raketalarini o‘z ichiga oladi. Bu Amerikaning hozirgi ma’muriyati tomonidan Ukrainaga ajratilayotgan 39-paket bo‘lmoqda.
Kiyevga tungi hujumlardan keyingi vayrongarchiliklar
May oyi oxirida qatorasiga uch kun davomida Rossiya qo‘shini Kiyevni o‘qqa tutdi. Ukraina hukumati 28 mayga o‘tar kechasi amalga oshirilgan dronlar hujumini bosqin boshidan buyon eng «keng ko‘lamlisi» deb atadi — Ukraina qurolli kuchlari 50 dan ortiq dronni urib tushirgan. Parchalar tushishi oqibatida tinch aholi vakillaridan bir kishi halok bo‘lgan.
Shahar 29 may kuni o‘qqa tutilishi vaqtida havo hujumidan mudofaa tizimlari rossiyaliklarning barcha 40 raketa va dronlarini urib tushirgan, 30 mayga o‘tar kechasi — 31 drondan 29 tasi urilgan. So‘nggi hujum vaqtida bir ayol halok bo‘lgan.
Quyida Kiyevning bu zarbalardan keyingi manzaralari.
Belgorod oblastida evakuatsiya qilinayotgan bolalar
31 may kuni Belgorod oblastining Shebekino va Grayvoron shahar okruglaridan bolalarni evakuatsiya qilish boshlandi. Belgorod oblasti rahbariyati davomli hujumlardan keyin shunday qarorga kelgan, Rossiya tomoni bunda Ukraina qurolli kuchlarini ayblamoqda (Kiyevdagilar hujumlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqadorligini rad etmoqda).
Shebekino o‘qqa tutilishi oqibatlari
Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkovga ko‘ra, 31 mayga o‘tar kechasi Rossiya va Ukraina chegarasidagi Shebekino shahri o‘qqa tutildi. Binolar va avtomobillar shikastlangan, tinch aholi vakillaridan to‘rt kishi yaralangan, qurbonlar yo‘q. Quyida zarba oqibatlari aks etgan suratlar.
Luhansk oblastida Karpati posyolkasi o‘qqa tutilishi oqibatlari
Anneksiya qilingan «LXR» rasmiylariga ko‘ra, 31 may kuni ukrain qo‘shini HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan Luhanskdan 45 kilometr g‘arbda joylashgan Karpati posyolkasini o‘qqa tutdi. Besh kishi halok bo‘lib, 19 kishi yaralangan.
Avdiyivka yaqinidagi ukrain artilleriyachilari
Avdyiivka — anneksiya qilingan Donetsk atrofidagi shahar bo‘lib, u hamon Ukraina qurolli kuchlari nazoratida qolmoqda. Shahar uchun jang keng ko‘lamli bosqin boshidan buyon davom etmoqda — 2023 yil qishda va bahorda Rossiya armiyasi Avdiyivkani yarimqurshov holatiga tushirdi. RF mudofaa vazirligi 31 may kuni shahar atrofida Donetsk yo‘nalishidagi eng shiddatli janglar olib borilayotganini xabar qildi.
Quyida Ukraina qurolli kuchlari 55-alohida artilleriya brigadasi jangchilari oldingi chiziqda qanday jang qilayotgani aks etgan suratlar.
Volodimir Zelenskiy Kiyevdagi Bolalar huquqlarini himoya qilish markazida
1 iyun arafasida Volodimir Zelenskiy Kiyevda Bolalar huquqlarini himoya qilish markazini ochib berdi — bu markaz Rossiyaning ukrain bolalariga qarshi jinoyatlariga qarshi kurashishi ko‘zda tutilgan. Ochilish marosimida prezident Bring Kids Back UA harakat rejasi bilan tanishdi, unga ko‘ra, hukumat, xorijiy hukumatlar va xalqaro tashkilotlar Rossiya tomonidan olib ketilgan bolalarni qaytarish ustida ish olib borishi kerak. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha 371 nafar bolani qaytarishga muvaffaq bo‘lingan.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024