Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini «yumshatmoqchi» - OAV
Jumladan, sanksiya ostidagi yuklarni tashuvchi kemalar uchun Yevropa portlariga kirishni taqiqlash taklifidan qisman voz kechilishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi 11-sanksiyalar paketiga kiritilishi taklif qilingan ayrim cheklovlarni qisman yumshatishi mumkin, deb xabar berdi Bloomberg.
Jumladan, Yevropa Ittifoqi sanksiya ostidagi yuklarni tashuvchi kemalar uchun Yevropa portlariga kirishni taqiqlash taklifidan qisman voz kechishi mumkin.
Manbalarning ta’kidlashicha, yuklarni kemadan kemaga ko‘chirish bo‘yicha taklif qilingan cheklovlar va navigatsiya tizimlarini o‘chirib qo‘yuvchi kemalarga qarshi sanksiyalar taxminan 30 kunga kechiktirilishi mumkin.
Yevropa Ittifoqining bir qancha a’zolari, jumladan Germaniya, sanksiyalar ro‘yxatiga mamlakatlarning kiritilishidan xavotirda va birinchi navbatda kompaniyalar ro‘yxatini tuzishni afzal ko‘rmoqda.
Ayni paytda Gretsiya va Vengriya talablari yuzasidan muzokaralar davom etmoqda. Afina va Budapesht o‘z kompaniyalarini Ukrainaning «urush homiylari» ro‘yxatidan olib tashlanishiga erishmoqchi. Ushbu ro‘yxatga Gretsiyaning beshta yuk tashish kompaniyasi va Vengriyaning OTP banki kiradi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 11-sanksiya paketida cheklovlari chetlab o‘tilishiga qarshi kurashmoqchi, dedi avvalroq Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen. Uning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlarni buzganlikda gumon qilinayotgan turli mamlakatlarning 90 dan ortiq kompaniyalari sanksiyalar ostida qolishi mumkin. Bundan oldin, may oyida fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqi Rossiya orqali uchinchi mamlakatlarga sanksiya qo‘yilgan tovarlar tranzitini taqiqlash imkoniyatini muhokama qilayotganini aytgandi.
Shu bilan birga, YeI 100 ga yaqin rossiyalik shaxslarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishni va yevropalik kompaniyalarning Rossiyani tark etishiga yordam berish uchun ayrim moliyaviy operatsiyalarga maxsus ruxsat berishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Mavzuga oid
17:53
O‘zbekiston oltin ishlab chiqaruvchi davlatlarning yetakchi o‘ntaligiga kirdi
21:00 / 12.11.2024
Rossiyada migrantlar uchun uy-joy ijarasi qoidalari kuchaytiriladi
18:09 / 12.11.2024
Polsha Bosh shtabi boshlig‘i Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
16:07 / 12.11.2024