Jahon | 19:03 / 02.06.2023
11582
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bilan urushda Rossiyaning ittifoqchisi emasmiz – Armaniston bosh vaziri

Shuningdek, bosh vazir Pashinyan Armaniston Rossiyaning ittifoqdoshi ekani haqida baralla aytilmagan bo‘lsa-da, bu hammaga sezilarli ekanini ta’kidladi.

Foto: AP

Armaniston Ukraina bilan urushda Rossiyaning ittifoqchisi emas. Bu haqda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Chexiyaning CNN Prima News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Siz bizni Rossiyaning ittifoqdoshi deb aytdingiz. Albatta, bu hech qachon ochiq aytilmagan, lekin menimcha, bu hammaga sezilarli. Biz Ukraina bilan urushda Rossiyaning ittifoqchisi emasmiz. Bu urush, bu mojaro haqidagi tasavvurimiz — xavotirli, chunki bu barcha munosabatlarimizga bevosita ta’sir qiladi», dedi bosh vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb Armaniston Rossiyaning ittifoqchisi ekanini payqayapti, Moskva esa Yerevan Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlamayotganini ko‘rmoqda.

«Demak, biz bu vaziyatda hech kimning ittifoqchisi emasmiz, ya’ni biz zaifmiz. Ko‘rinishidan, bu to‘qnashuvlarning barchasidan qochishning qandaydir yo‘li bor, lekin haqiqat shundaki, vaziyat qanchalik qiyin bo‘lsa, manyovr qilish uchun joy shunchalik kam bo‘ladi. Biz vaziyat bo‘yicha hech qanday fikrimiz yo‘qligi uchun emas, balki men aytganlarim tufayli qochyapmiz – bizning muammolarimiz ancha katta, ular boshqa masalalarni hal qilishda ko‘proq ishtirok etishimizga imkon bermaydi», dedi Pashinyan.

Pashinyanning ushbu intervyusi may oyida Chexiyaga tashrifi chog‘ida yozib olingan edi.

  • May oyida Pashinyan Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXShT) qo‘shma mashg‘ulotlarida qatnashishga hali qaror qilmaganini, chunki Yerevanda tashkilot «Armanistonni tark etayotgani» haqidagi taassurot paydo bo‘lganini aytdi. Uning tan olishicha, Armaniston KXShT a’zoligini tugatish yoki muzlatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
  • Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova shunday dedi: «Agar bu Armanistonning KXShTdan chiqishi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini oldinga surishga qaratilgan so‘z o‘yini bo‘lsa, menimcha, bu o‘yin qanchalik xavfli ekanini tushunish kerak».
  • Bunga javoban Pashinyan Rossiyada prezident va bosh vazir bilan suhbat qurishini, TIV vakili esa uning bayonotlariga izoh bera olmasligini aytdi.

Mavzuga oid