O‘zbekiston | 20:54 / 05.06.2023
11228
15 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo va Bryussel: hamkorlik qaysi bosqichda?

2 iyun kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-ota shahrida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» sammiti bo‘lib o‘tdi. Kun.uz bu ikki muhim mintaqa munosabatlarining o‘tmishi va buguni haqida siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Ra’no To‘ychiyeva bilan suhbatlashdi.

— Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligini qanday davrlarga bo‘lish mumkin?

— Ikki mintaqa munosabatlari rivojlanish tendensiyalariga asoslanadigan bo‘lsak, shartli ravishda 3 bosqichdan iborat asosiy davrlarga bo‘lib sharhlagan ma’qul deb bilaman.

1-bosqichni Yevropa Ittifoqi (YeI) va Markaziy Osiyo (MO) o‘rtasida rasman diplomatik munosabatlar hamda strategik sheriklik aloqalari o‘rnatilgan 1994 yildan 2007 yilgacha belgilab olsak, bu davr YeIning MOga yangi imkoniyatlar mintaqasi sifatida qarashi bilan shakllandi. Bu yillar qaysidir ma’noda ikki mintaqa uchun ham bir-birining imkoniyatlari hamda o‘zaro xayrixohlik kayfiyatini o‘rganish davri bo‘ldi, deb aytish mumkin. Xususan, YeI MO mamlakatlari bilan yo‘lga qo‘yilajak dastlabki hamkorlik yo‘nalishlarini belgiladi.

2-bosqich 2007-2019 yillarni o‘z ichiga olib, bunda boshqa tashqi yirik kuchlar qatorida, YeI ham MO mintaqasiga qulay, erkin va istiqbolli raqobat maydoni sifatida qaradi. Endi munosabatlar o‘zining yangi bosqichiga ko‘tarilganida YeI uchun MO mintaqasi bilan ish olib borishda aniq bir strategiyaga ehtiyoj tug‘ildi. YeIning MO uchun yangi strategiyasi 2007 yilda qabul qilinib, “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo: yangi hamkorlik amalda” deb nomlandi. 12 yil davomida amal qilgan mazkur hujjat YeIning MO bilan ko‘plab sohalar bo‘yicha hamkorligini mustahkamlashga xizmat qildi.

Ko‘plab ekspertlar va mutaxassislar tomonidan ushbu strategiya “Yordam strategiyasi” deb ham nomlandi. Sababi, bu davrda MOning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda YeIning roli mustahkamlanib bordi.

Bu davrda Yevropa Ittifoqi demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimi majburiyatlarini amalga oshirishda hamkorlik hamda transmintaqaviy ekologik muammolarni hal etish, migratsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashdi. Farovonlik yo‘lidagi hamkorlik esa sog‘lom va ochiq investitsiya muhitini, raqobatbardosh xususiy sektorni yaratishga, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlik, tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ichki savdo va investitsiyalar bo‘yicha tarkibiy cheklovlarni bartaraf etish nazarda tutildi.

3-bosqich bu – eng yangi, ya’ni 2019 yildan bugungi kungacha bo‘lgan davrni qamrab olib, endi MO o‘zining yirik hamkorlari, jumladan, YeI uchun ham nufuz uchun kurash maydoniga aylandi. Shunga ko‘ra, 2019 yilda Bryusselda YeIning 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan MO bilan hamkorlikning yangi strategiyasi qabul qilindi va bu strategiya “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo: hamkorlikni mustahkamlashdagi yangi imkoniyatlar” deb nomlandi.

Yevropa Ittifoqi rasmiy vakillarining fikricha, yangi strategiyani qabul qilish zarurati mintaqada yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik, hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan bugungi kun talabi va bu boradagi imkoniyatlarning yuqoriligi bilan belgilanadi.

Strategiyada Osiyoning Yevropa uchun, o‘z navbatida, Yevropaning Osiyo uchun muhim ahamiyat kasb etishi, Yevropa Ittifoqi tashkiloti doirasidagi rivojlanishni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun Osiyo mamlakatlaridagi tinchlik va barqarorlik muhim omil ekani, shu bois iqtisodiy diplomatiya va Osiyoda xavfsizlik sohasidagi ishtirokni faollashtirish zarurligi qayd etilgan. Osiyo mamlakatlarining turli iqtisodiyotga ega ekani sabab Yevropa Ittifoqining uchta asosiy soha bo‘yicha hamkorlik qilishi belgilab qo‘yilgan: – transport aloqalari, energetika va raqamli tarmoqlar yaratish, insonlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlash; – Osiyo mamlakatlari va tashkilotlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini taklif etish; – turli moliyaviy vositalardan foydalangan holda barqaror moliyalashtirishni rivojlantirish.

Hozirgi ziddiyatli geosiyosiy vaziyatda, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari munosabatlarida Rossiya va Ukraina urushi fonida bu hamkorlikning ahamiyati qanday?

— 2 iyun kuni bo‘lib o‘tgan cammitda Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Yevroittifoq Markaziy Osiyo davlatlarining Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini hurmat qilishini va Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya bilan yaqin aloqalarini tushunishini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Rossiyaga qarshi sanksiyalar mamlakat urushni tezroq to‘xtatishi uchun kiritilganini tushuntirib, «ularni qo‘llab-quvvatlayotgan hamkorlarga» minnatdorchilik bildirdi.

Alohida ta’kidlash lozimki, Rossiya va uning atrofida kechayotgan muammoli vaziyat MOni yanada e’tiborliroq bo‘lishga, tashqi siyosatda, xususan, iqtisodiy munosabatlarda mustahkam kafolatlarga ega bo‘lishga undaydi. YeI va AQSh tomonidan Ukraina urushi sabab Rossiya uchun doimiy e’lon qilinayotgan sanksiyalar o‘z-o‘zidan MOni ham hushyorlikka chaqirishi turgan gap.

2023 yil 27 aprel kuni Toshkentda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus elchisi Devid O’Sallivan va davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida elchi O‘zbekistondan Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun yordam bermaslik kafolatini oldi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zaro bog‘langan transport yo‘laklarini shakllantirish haqida taklif kiritdi. Canksiyalar yomg‘iri davrida bu jarayonni qaysi yo‘laklar orqali amalga oshirish mumkin?

— Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlarning ikkinchisi – barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida o‘zaro bog‘langan transport yo‘laklarini shakllantirishdan iborat ekanligi ta’kidlandi. Bunda Markaziy Osiyo va Yevropaning transport-kommunikatsiyaviy bog‘liqligini, eng avvalo, “O‘rta marshrut” deb nom olgan Transkaspiy tranzit yo‘lagini shakllantirish orqali rivojlantirish maqsadga muvofiqligi aytildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu loyiha yaqinda Samarqandda o‘tgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchilari uchrashuvida puxta tahlil qilingandi. Afsuski, ushbu magistral raqobatbardoshligini oshirish masalasida o‘zaro muvofiqlashgan yondashuv hanuzgacha mavjud emas. Bugun yuk tashishning asosiy hajmini hosil qilayotgan biznes uchun manfaatli bo‘lgan tariflar kerak. Biroq tahlillar ko‘rsatayotganidek, ushbu yo‘nalishdagi joriy tarif va yig‘imlar, masalan, muqobil bo‘lgan Shimol – Janub yo‘nalishlaridagidan 1,5 barobar baland. Transport-logistika va port infratuzilmalarini yuklar oqimining prognoz qilinayotgan o‘sishiga mos ravishda kengaytirish hamda yo‘l qoplamasining texnik holatini yaxshilash masalalari ham muhim ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan Transkaspiy yo‘lagi salohiyatidan foydalanishning doimiy, ta’sirchan mexanizmini yaratish maqsadga muvofiq. Bu mamlakatlarimiz transport idoralari vakolatli vakillarining doimiy uchrashuvlarini o‘tkazib borishni talab etadi. Shuningdek, yevropalik hamkorlar tomonidan Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida barqaror transport yo‘laklarini shakllantirish yuzasidan tadqiqotlarga zarurat ortadi.

Qozog‘iston davlat rahbari ham transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishni ikkinchi ustuvor vazifa deb atadi. Prezidentning ta’kidlashicha, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi hozirgi vaqtda strategik ahamiyatga ega. Qozog‘iston prezidentining Xitoyga qilgan davlat tashrifi chog‘ida xitoylik hamkorlari bilan birgalikda Sian shahrida logistika terminaliga poydevor qo‘yildi. Bu port konteyner poyezdlarini Markaziy Osiyo hududi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropaga jo‘natish uchun muhim markaz bo‘ladi. Shuningdek, Transkaspiy yo‘nalishini Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusi bilan birlashtirish taklifi ham mavjud.

— Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston masalasida qanday takliflarni ilgari surishi mumkin, Afg‘onistondagi humanitar vaziyatga ular qanday fokusda qarashmoqda?

— Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash Yevropa Ittifoqining Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun zarur sharoit yaratadi. Shu maqsadda oxirgi bo‘lib o‘tgan sammitda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning yangi kun tartibi” mavzusida ekspertlar konferensiyasini o‘tkazish taklifi berildi.

Ming afsuski, Afg‘onistondagi humanitar vaziyat tez sur’atda yomonlashib bormoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi vaqtda millionlab afg‘onlar halokat yoqasida turibdi. Shu munosabat bilan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari butun dunyoni afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami hajmini kamaytirmaslikka chaqiradi. Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish va uning tinch taraqqiyotiga ko‘maklashish borasidagi dolzarb masalalar yechimi yuzasidan umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun maxsus vakillarning muntazam maslahatlashuvlarini davom ettirish taklifi ham ilgari surilgani bejiz emas.

Joriy yilning 26 may kuni Ashxobodda «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» formatida Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarning to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Yevropa Ittifoqi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchilarining qo‘shma bayonoti qabul qilindi va ular Afg‘onistonni barqaror, tinch va farovon, uzoq muddatli tinchlik istiqboliga ega mamlakatga aylantirishga intilishlarini tasdiqladi.

Hujjatda Toshkent, Olmaota va Bryusselda ushbu formatda bo‘lib o‘tgan muhokamalar yakunlari bo‘yicha avvalgi bayonotlarda, jumladan, inson huquqlari va xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha belgilangan tamoyillar va kutilmalar qayd etilgan. Inklyuziv va vakillik hukumatini yaratish, barcha afg‘onlarning fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy huquqlarini himoya qilish muhimligi ta’kidlandi. Bayonotda, shuningdek, «Tolibon» afg‘on qizlari va ayollarining ta’lim olish, ishlash va jamoat hayotida ishtirok etish huquqlarini cheklovchi taqiqlarni bekor qilishga chaqiriladi.

Afg‘onistonda iqtisodiy faoliyat, moliya-bank sektori va ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani tiklash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligi qayd etilgan. Umumiy maqsad – Afg‘oniston va mintaqada tinchlik va barqarorlikni o‘rnatishga intilishdan kelib chiqib, ishtirokchilar ushbu formatda hamda kengroq xalqaro hamjamiyat bilan muloqot va hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar. Ishtirokchilar Afg‘onistondagi vaziyatning yomonlashuvidan umumiy xavotirda ekanliklarini bildirdi va Afg‘onistonni xavfsiz, tinch, barqaror va gullab-yashnagan mamlakatga aylantirishga qat’iyliklarini tasdiqladi. Shu munosabat bilan ular og‘ir sharoitlarga qaramay, xalqaro hamjamiyatning Afg‘oniston xalqiga radikal asosda va xalqaro huquq va umume’tirof etilgan me’yor va tamoyillarga muvofiq yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etdi.

2 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sammitda O‘zbekiston prezidenti BMT shafeligida Xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini ilgari surdi va bu tashabbus delegatsiyalar tomonidan ijobiy baholandi. Bu BMTning Afg‘oniston bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishda ushbu formatdagi umumiy takliflarning bir qismi yoki boshlang‘ich nuqtasi ham bo‘lishi mumkin.

— O‘zbekiston bunday uchrashuvlardan qanchalik manfaatdor?

— Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (ShB) 1999 yildan beri amal qiladi. Ushbu bitimning imzolanishi siyosiy o‘zaro muloqotlar, samarali boshqaruv, adolat va ichki ishlar, demokratiya va inson huquqlari, savdo, biznes va sarmoyaviy munosabatlar, iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik va texnik yordam bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha o‘zaro aloqalarning keng doirasini shakllantirishga zamin yaratadi.

2018 yil oxiridan boshlab Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Kengaytirilgan Sheriklik va Hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim (KShHB) bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu Yevropa Ittifoqi va O‘zbekistonning o‘zaro munosabatlarini mustahkamlash va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, shu jumladan savdo sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdagi umumiy manfaatlarni aks ettiradi. 2019 yilgi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi hamkorlikning mintaqaviy asosini ta’minlaydi.

Yevropa Komissiyasining ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq, Yevropa Ittifoqining 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari va sohalariga quyidagilar kiradi: samarali boshqaruv va raqamli transformatsiyalar; inklyuziv, raqamli va yashil o‘sish; ekologik toza qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat sektorini rivojlantirish.

Shu ma’noda, joriy yilning 10 aprelidan O‘zbekiston uchun YeIning barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus preferensiyalar tizimi (“GSP+”) kuchga kirishini muhim tarixiy voqea sifatida e’tirof etish mumkin. Unga ko‘ra, O‘zbekiston mazkur tizimga Preferensiyalar bosh tizimi (“GSP+”) doirasida benefitsiar mamlakat sifatida qabul qilindi. Bu YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda muhim bosqich bo‘lib, tomonlar o‘rtasidagi muloqotni hamda savdo almashinuvini yanada chuqurlashtirishga imkon beradi. Ushbu sana YeI va O‘zbekistondagi ko‘plab manfaatdor tomonlar, jumladan, mahalliy hokimiyat organlari, ishbilarmonlar doiralari hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan sheriklikda yangi yo‘lning boshlanishi demakdir.

Shuni alohida ta’kidlashni xohlardimki, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston o‘rtasida salohiyat va majburiyatni uyg‘unlashtirish vaqti keldi. Yevropa Ittifoqi chuqur islohotlar va demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirayotgan O‘zbekistonga katta qiziqish bilan qaramoqda. Mamlakatning xalqaro tuzilmalarga integratsiyalashuvi hamda Yevropa hamjamiyati bilan munosabatlarini chuqurlashtirishga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatmoqchi. Zotan, o‘zaro manfaatli aloqalarning bugungi yuksak darajasini saqlash va mustahkamlash har doimgidan ham dolzarbdir.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid