Tosh kesishdan yog‘och savdosigacha – “ikki qayiqning boshini tutgan” biznesmen hokimlar
Davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi qonunchilikda taqiqlangan bo‘lsa-da, ayrim tuman va shahar hokimlari firmalar rahbarligini ham o‘z qo‘llarida saqlab qolishmoqda. Ularning faoliyatida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishdan tortib ulgurji savdogacha bo‘lgan tadbirkorlik turlarini ko‘rish mumkin.
2022 yil 10 noyabrda kuchga kirgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar kiritilgan. Xususan, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, jumladan, tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’yektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga haqli emas.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 martdagi qarori bilan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining xodimlari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.
Ammo ochiq manbalarga e’tibor qaratiladigan bo‘lsa, ayrim tuman va shahar hokimlari bir vaqtning o‘zida tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanayotganini ko‘rish mumkin.
Bo‘ston tumanining “nonchi” hokimi
Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi Sanobar Nosirova tuman rahbarligi bilan bir qatorda 2021 yil 25 mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Ko‘mir sanoati” MChJning 50 foiz ulushiga egalik qiladi. MChJ ixtisoslashmagan ulgurji savdo bilan shug‘ullanadi.
Nosirova 100 foiz ulush bilan egalik qiladigan yana bir MChJ “Sabina issiq nonlari 777” nomi ostida 2020 yil davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Uning faoliyat turi non, xamirdan yangi tayyorlangan qandolat mahsulotlari, tort ishlab chiqarish.
Sanobar Nosirova respublikadagi sanoqli ayol hokimlardan biri hisoblanadi. U 2021 yilning avgust oyida Bo‘ston tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. Ungacha 5 yil davomida “El rizqi non” MChJni boshqargan.
Yakkasaroyning “bo‘yoqchi” hokimi
Toshkent shahri Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov ham ikkita MChJda ulushdor hisoblanadi.
Ulardan biri 2017 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “UV-MAX” MChJ bo‘lib, bo‘yoqlar, laklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Sayfutdinov ushbu MChJda 33,50 foiz ulushga egalik qiladi.
Biznesmen hokim 17 foiz ulushga ega bo‘lgan yana bir MChJ tosh kesish, ishlov berish va pardozlash faoliyat turi bilan shug‘ullanadi. “Sanico Group” nomli mazkur MChJ 2014 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Anvar Sayfutdinov 2019 yil sentabr oyidan buyon Yakkasaroy tumaniga rahbarlik qilib kelmoqda. U hokim bo‘lgunicha “Navro’z-FT” MChJ, “Sanico Trading” xususiy korxonasi, “Shinkonrakttorg” shu’ba korxonasi va “Sanico Group” MChJda rahbarlik lavozimida ishlagan.
Nukusning “duradgor” hokimi
Nukus shahar hokimi Utemurat Panayev “Pragama Up” MChJ ta’sischisi hisoblanadi. Yog‘och va qurilish materiallari ulgurji savdosi bo‘yicha agentlar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJ 2020 yil 23 iyunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Utemurat Panayev 2020 yil noyabr oyidan beri Nukus shahriga rahbarlik qilib keladi.
Buxoroning “oziq-ovqatchi” hokimi
2020 yil dekabr oyidan buyon Buxoro tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Xayrulla Jo‘rayev 2019 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, faoliyat turi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘lgan “Xurshidi Shohijaxon Fayz” MChJda 66,70 foiz ulushga ega.
Xayrulla Jo‘rayev Buxoro tumaniga hokim bo‘lgunga qadar “G‘ijduvon” EIZ rahbari vazifasida ishlagan.
Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi ko‘rsatilgan. Biroq bu qanday javobgarlikka sabab bo‘lishi yoki mumkin bo‘lmagan holatda tadbirkorlik bilan shug‘ullanganlik uchun qanday jazo qo‘llanilishi aniq belgilab qo‘yilmagan.
Aynan shu javobgarlik (jazo)ning yo‘qligi (yoki aniq belgilab qo‘yilmaganligi) hokimlar-u boshqa amaldorlarni bemalol “ikki qayiqning boshini tutib” yurishiga imkon bermoqda.
Qolaversa, mazkur hokimlar 3-4 yildan beri hokimlik lavozimida faoliyat yuritib keladi. Ular shuncha muddatdan beri rahbarlik bilan bir vaqtda tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanib kelishgan. Ammo Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi negadir ushbu holatga e’tibor qaratmagan.
Oldinroq Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov MChJ ta’sischisi ekani aniqlanib, firmani o‘g‘liga topshirishiga to‘g‘ri kelgandi.
Mavzuga oid
14:34 / 20.12.2024
Yangilangan Bojxona kodeksi loyihasi ishlab chiqiladi
14:30 / 20.12.2024
O‘zbekistonda kamida 100 mlrd so‘m soliq to‘layotgan 142 nafar “chempion” tadbirkor paydo bo‘ldi
14:14 / 20.12.2024
Tadbirkorlarning tashqi moliya bozorlariga chiqishiga ko‘maklashuvchi markaz ochiladi
14:12 / 20.12.2024