Jahon | 11:04 / 09.06.2023
4393
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Trampga maxfiy hujjatlar bo‘yicha jinoiy ayblovlar qo‘yildi

AQSh Adliya vazirligi Trampga maxfiy hukumat hujjatlari bilan noto‘g‘ri ishlash bo‘yicha ayblovlar qo‘ydi. AQSh sobiq prezidenti kelasi hafta sudga kelishi kutilmoqda.

Foto: Reuters

Federal katta hakamlar hay’ati AQSh sobiq prezidenti Donald Trampni maxfiy hukumat hujjatlarini noto‘g‘ri saqlash va odil sudlovga to‘sqinlik qilishda aybladi, deb xabar berdi Reuters bu masaladan xabardor manbasiga tayanib. Trampning o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda 13 iyun, seshanba kuni Mayamidagi federal sudga chaqirilganini ma’lum qildi.  

«Men begunoh odamman», deb yozgan AQSh sobiq prezidenti o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida. U ishning boshqa tafsilotlarini ochiqlamadi. Tramp advokatlari agentlikning izoh berish so‘roviga javob qaytarmadi. Rasmiylarga yopiq sudyalar hay’ati ishi bo‘yicha ochiq izoh berish taqiqlangan. Ishni tergov qilayotgan maxsus prokuror Jyek Smitning vakili ham izoh berishdan bosh tortdi. 

Trampga yetti band bo‘yicha ayblov qo‘yildi, dedi ismi sir qolishini istagan manba. Trampning o‘zi hali ayblov xulosasini ko‘rmagan, advokatlar guruhi va sobiq prezident Trampga sudga kelishni buyurgan chaqiruv qog‘ozi doirasida yettita banddan xabardor qilingan, dedi manba. 

2022 yilda FTB xodimi sudda qasamyod keltirib, bir nechta jinoyatlar, jumladan, maxfiy hujjatlarni noqonuniy egallash va adolatga to‘sqinlik qilish kabi jinoyatlar sodir etilgan, deb aytishga asos borligini bildirgandi. 

Mavzuga oid