Shavkat Mirziyoyev Italiya ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi
Italiyaga rasmiy tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Milan shahrida ushbu mamlakatning investorlari va yirik biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Italiya tomonidan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana, “Italiya - O‘zbekiston” savdo palatasi prezidenti Jorjo Veronezi, shuningdek, Eni, Enel, Pietro Fiorentini, Saipem, Energy System, Imagro Group, HT Holding, Danieli, SACE, Ferroli Group, Arsenale Group, Pirelli kabi yetakchi kompaniya va korporatsiyalar, uyushma va moliyaviy institutlarning 25 nafardan ziyod rahbarlari ishtirok etdi.
- Jahon sivilizatsiyasining qadimiy beshiklaridan biri, boy madaniy meros va yuqori texnologiyalar markazi, rassom va shoirlarning bir necha avlodi uchun ilhom manbai bo‘lgan betakror yurtingizga bu mening birinchi tashrifim, - dedi prezident tadbir avvalida. – Uchrashuvimiz aynan Milanda – faol ishbilarmonlik jarayonlari qizg‘in kechayotgan, innovatsiya va texnologiyalar kashf etilayotgan, sanoatning yangi tarmoqlari rivojlanayotgan zamonaviy iqtisodiy markazda o‘tayotgani ramziy ma’noga ega.
Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi. Davlat rahbari Italiya prezidenti Serjo Mattarella va bosh vaziri Jorja Meloni bilan o‘tkazilgan muzokaralar sermahsul va konstruktiv bo‘lganini qayd etdi.
– Mohiyatan, biz mamlakatlarimiz munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘tarib, ularning tarixida yangi bosqichni boshladik. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga, biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishning moslashuvchan mexanizmlarini joriy etishga, tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldik. Shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun yo‘nalishlarni belgilab oldik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuv davomida davlat rahbari jahon iqtisodiyotidagi jiddiy tebranishlar va global yetkazib berish zanjirlari buzilishi sharoitida ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan konstruktiv, ochiq muloqot muhimligini qayd etib, O‘zbekiston Italiya biznesiga yurtimizda faoliyat yuritishi uchun keng qo‘llab-quvvatlash choralari va samarali maydon taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Prezident O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlarga alohida to‘xtaldi. Erkin bozor mexanizmlarini joriy etish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, samarali davlat boshqaruvi tizimini joriy etish borasida qilinayotgan izchil ishlar hamda biznes yuritish uchun maksimal qulayliklar yaratishga qaratilgan boshqa ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi.
- Bugun bizda biznesingiz rivoji va ravnaqi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Barqarorlik, ishonchli kafolatlar, qulay investitsiya muhiti ta’minlangan. Har biringizni Yangi O‘zbekiston – haqiqatan cheksiz imkoniyatlarga ega betakror mamlakat ekanligiga ishonch hosil qilish uchun yurtimizga kelishni taklif qilaman, – dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari va malakali kadrlarini Italiyaning texnologik va sanoat salohiyati bilan birlashtirishdan hosil bo‘ladigan sinergiya qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarish va ularni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish imkonini beradi. Shu ma’noda, energetika, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, kimyo va avtomobilsozlik, elektrotexnika va ko‘plab boshqa sohalar hamkorlik uchun istiqbolli ekani ta’kidlandi.
Sheriklikni kengaytirish bo‘yicha rejalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Italiya ishbilarmon doiralari vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yuqori baholab, ular uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladilar. O‘zbekiston Italiya kompaniyalari uchun istiqbolli Markaziy Osiyo mintaqasi bilan ishlash imkoniyatlarini ochadigan strategik hamkor ekani qayd etildi.
Italiya tadbirkor va sarmoyadorlari O‘zbekistonda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, bunda yuqori texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy qilish bo‘yicha aniq taklif va rejalarini bayon qildilar.
Misol uchun, Lombardiya viloyati bilan hududlararo hamkorlik dasturlarini kengaytirish, O‘zbekistonda gaz taqsimoti tizimini va Toshkent shahrida elektr taqsimot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasini texnologik jihatdan qayta jihozlash, bir qator zavodlar qurish, shu jumladan chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, kaliy xlorni tozalash, kaliy gidroksidi, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, za’faron plantatsiyalarini kengaytirish, “O‘zmetkombinat” ishlab chiqarish quvvatini oshirish, Turin politexnika universiteti bilan birgalikda Italiya texnologiya va innovatsiyalari markazini tashkil etish va boshqa loyihalar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Bundan tashqari, sanoat uchun kadrlar tayyorlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston yetakchisi uchrashuvda aytilgan har bir tashabbusni kompleks “yo‘l xaritasi”ga kiritishga ko‘rsatma berdi. O‘zbekiston vazirlik va idoralari rahbarlariga italiyalik hamkorlarga mamlakatimizdagi joriy va yangi loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashish topshirildi.
Mavzuga oid
18:01 / 10.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni va Ozarboyjonga boradi
19:07 / 07.11.2024
2025 yilda kanallarni betonlashtirishga 800 milliard so‘m ajratiladi
18:23 / 07.11.2024
Chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tadi
18:21 / 07.11.2024