Jahon | 22:17 / 12.06.2023
12479
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy G‘alaba kunini 8 mayga ko‘chirish haqidagi qonunni imzoladi

Endi 8 may Ukrainada Xotira va 1939-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan qozonilgan g‘alaba kuni, 9 may esa Yevropa kuni sifatida nishonlanadi. 

Foto: Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 8 mayni Xotira va 1939-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan qozonilgan g‘alaba kuni sifatida belgilovchi qonunni imzoladi. Bu haqda Oliy Rada sayti xabar berdi. 

May oyining oxirida qonun loyihasi Rada tomonidan qabul qilingan edi. Uni 317 deputat qo‘llab-quvvatladi, faqat bir nafari qarshi chiqdi, yana 35 nafari ovoz bermadi. 

Hujjatga muvofiq, 8 may Ukrainada dam olish kuni deb e’lon qilindi. 

2015 yildan beri Ukrainada 9 may Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan g‘alaba qozonilgan kun, 8 may esa Xotira va yarashish kuni sifatida rasman nishonlanar edi. 

Natsizm ustidan qozonilgan g‘alaba bayramini 8 mayga o‘tkazish tashabbuskori Zelenskiy bo‘ldi. U 8 may kuni «dunyo urushda halok bo‘lganlarning xotirasini hurmat qilishini» va bu «mafkuraviy qo‘shimchalardan xoli bo‘lgan sof tarix» ekanini tushuntirgan edi. 

Shuningdek, u 9 mayni Ukrainada Yevropa kuni sifatida nishonlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu ish kuni hisoblanadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid