Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Istanbulda shaharga oid ma’lumotlar barcha uchun ochilmoqda: bu azaliy siyosiy adovatni ham yo‘q qilishi mumkin
Turkiyaning eng yirik shahrida hukumat shaffofligini oshirish va innovatsiyalarni rag‘batlantirish uchun ochiq ma’lumotlar bo‘yicha bir qator tashabbuslar yo‘lga qo‘yilmoqda. Startaplarni turli partiyalarga mansub, bir-biriga nisbatan siyosiy adovatga ega amaldorlar ham qo‘llashmoqda.
Foto: Anadolu Agency/Getty Images
Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘li 2019 yilda o‘z lavozimiga kirishgach, uning ma’muriyati odamlar subsidiya bo‘yicha arzon non xarid qilish mumkin bo‘lgan joylar sonini oshirmoqchi bo‘lgan. Lekin bu g‘oya siyosiy raqiblar soni ko‘proq bo‘lgan shahar kengashi tomonidan darhol rad etilgan. Shundan so‘ng Imomo‘g‘lining raqamli xaritashunoslik bo‘yicha mutaxassislari ishga kirishgan. Ular Istanbul xaritasida barcha non do‘konlarini belgilab, 16 millionlik shaharda faqatgina 6,4 million kishi o‘z uyidan 500 metr uzoqlikda non do‘koniga ega ekaniga aniqlik kiritishgan, deb yozadi Bloomberg.
«Kengashdagilar buni ko‘rgach, taklifni qabul qilishga majbur bo‘lishdi, — deydi Turkiyaning eng yirik shaharini boshqaruvchi ma’muriy organ — Istanbul buyukshahar baladiyasining axboriy texnologiyalar bo‘yicha direktori Erol O‘zgunar. — Bu siyosiy chiqish emasdi, shunchaki raqamlar hamma narsani so‘zlab turgandi».
So‘nggi to‘rt yil ichida O‘zgunar shaharda ma’lumotlarga asoslangan siyosatni kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni boshqardi. 2020 yilda uning ofisi Ochiq ma’lumotlar portalini — shaharning 30 ta shu’ba kompaniyalari va o‘nlab agentlik tomonidan to‘plangan barcha ma’lumotlarni raqamlashtirish, anonimlashtirish va pirovard natijada, e’lon qilish bo‘yicha ambitsiyali urinishni taqdim etdi. Bugungi kunga kelib Istanbul buyukshahar baladiyasi mobillik, favqulodda vaziyatlarni boshqarish, atrof-muhit, energetika va ijtimoiy xizmatlarni qamrab oluvchi 330 ta ma’lumotlar dastasini omma uchun yuklab, shahar transportida yo‘lovchilar oqimi, istirohat bog‘larida yashillikni ta’minlash uchun sarflanayotgan yillik suv miqdori kabi detallarni ochiqlab qo‘ygan.
Foto: Yosin Oqgul / AFP
Hali juda ko‘p ma’lumotlarni e’lon qilish talab etilsa-da, tadbirkorlar, nodavlat tashkilotlar va alohida turg‘unlar bu ma’lumotlar dastasidan Istanbuldagi hamshaharlari hayotini yaxshilash bo‘yicha yangicha qarashlarni taqdim etishidan umid katta.
«Ochiq ma’lumotlar shaffoflik, hisobdorlik, hamkorlik va jamoatchilikning shahar hayotidan xabardor bo‘lib ishtirok etishi uchun xizmat qiladi», — deydi samarali boshqaruvni rag‘batlantirishni maqsad qilgan Turkiyaning TESEV mustaqil tahlil markazining tadqiqotlar bo‘yicha direktori Itir Oqdo‘g‘an.
Istanbuldagi raqamli ildamlash bo‘yicha obektlardan yana biri — Ma’lumotlar laboratoriyasidir. Bu o‘ziga xos stilga ega bo‘lgan obekt o‘tgan yili shaharning shiddat bilan rivojlanib borayotgan Boshoqshahr tumanida ochildi. Undan trening va tadbirlar o‘tkazish, shahar ma’lumotlaridan foydalanib ish olib borayotgan, endigina ish boshlagan kompaniyalarni joy bilan ta’minlash uchun foydalaniladi. Ochiq usulda rejalashtirilgan konferens-zallarda ishlab, startaplardan biri sun’iy intellektdan foydalanib parkovka qilish uchun ilova ishlab chiqqan. U shahardagi parkovkalardan ma’lumot olib, haydovchilarga bo‘sh joy topishga yordam beradi. Boshqa bir startap shahar avtobuslaridagi kameralar orqali tushirilgan tasvirlarni maxsus algoritm orqali qayta ishlab, yo‘ldagi chuqurlar, notekisliklar va boshqa muammolarni aniqlab bermoqda.
Akrom Imomo‘g‘li Istanbulning ma’lumotlar sohasidagi ushbu tashabbuslari boshqaruvga shaffof yondashuvning bir qismi ekaniga urg‘u berib, o‘zi a’zo bo‘lgan muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP)ning aksariyat yechimlari tanazzulli va yopiq deya tanqid qilinadigan hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP)dan farqlab turuvchi asosiy jihat ekanini ta’kidlagan. Biroq bunday sa’y-harakatlarni amalga oshirishga qiziqish partiya siyosati darajasidan ham oshib ketdi; Turkiyaning JXP va ATP vakillari boshqarayotgan to‘qqizta boshqa yirik shahri ham endilikda o‘zlarining ochiq ma’lumotlar portaliga ega.
Manba: Istanbul buyukshahar baladiyasi.
Shaharlar rivojlanib, kengayib borar ekan, ko‘payib borayotgan shahar aholisi ehtiyojlarini qondirish uchun ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish tobora muhim bo‘lib bormoqda.
«Shahar go‘yoki tinimsiz ishlayotgan dinamik mashinaga o‘xshaydi, ochiq ma’lumotlar esa undagi jarayonlarni monitoring qilishda va biror kor-hol ro‘y berishidan avval ogohlantirishda qo‘l keladi», — deydi Marmara shahar baladiyalari ittifoqi ma’lumotlar va texnologiyalar markazi direktori Samad Keskin. Bu Marmar dengiz atrofida joylashgan 190 ta shahar hokimiyatini mintaqaviy miqyosda rejalashtirish bo‘yicha hamkorlikka undaydi. U ma’lumotlarni o‘z ish jarayonlariga integratsiya qilishni istayotgan mahalliy amaldorlarga o‘qish, o‘rgatish va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlashni taklif etmoqda.
Turkiyadagi hokimiyatlar hanuzgacha bu borada Keskinning ta’biri bilan aytganda «bolalarcha qadam» bosishayotgan bo‘lsa-da, ish siyosat ishlab chiqishda ma’lumotlardan foydalanishga borib taqalganda, bunday tashabbuslar pirovard natijada hududiy muammolarni yechishning iqtisodiy jihatdan samarali usuliga aylanishiga uning ishonchi komil. U 2021 yilda Marmar dengizda «dengiz shillig‘i»ga sabab bo‘lgan sanoat ifloslanishini misol keltirdi. «Shaharlarning muammolari ko‘p joyda bir xil, ularni birgalikda hal qilishga intilish kerak; ochiq ma’lumotlar bu — yangidan yangi loyihalar yaratavermasdan, cheklangan resurslar bilan buni amalga oshirish usuli», — degan Samad Keskin.
U ilg‘or amaliyotga misol sifatida TESEV tomonidan ishlab chiqilgan xaritalar asosida yaratilgan Urban95 interaktiv platformasini keltirdi, u hokimiyatga infratuzilmalarni tartibga solish, kichik yoshli bolalar va oilalarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlar taqdim etishni baholashda yordam beradi. Platforma ishlayotgan besh shahardan biri bo‘lgan Istanbulda Urban95 yangi bolalar bog‘chasi qurilishi lozim bo‘lgan hududlarni aniqlashda foydalaniladi, deydi TESEV loyihasi koordinatori Burga Alvon Erginli. Erginli xonimga ko‘ra, Urban95 xaritalarida yashil zonalar kamligini ko‘rib qolgan ikkita tuman hokimiyati ko‘proq parklar va bog‘lar yaratishga qaror qilgan.
Foto: Yosin Oqgul / AFP
Biroq texnologik va siyosiy to‘siqlar Urban95 kabi ma’lumotlar asosida siyosiy ishlanmalar yaratish va joriy etishni sekinlashtirdi. Erginli xonimning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizimga qarshilik ko‘rsatayotgan idoralarga jo‘natilgan so‘rovlarga javob olish, ularni solishtirish, taqqoslash va standartlashtirish uchun juda ko‘p vaqt sarflanmoqda. Turkiyadagi u qadar katta bo‘lmagan OpenStreetMap hamjamiyatining faol a’zosi va injyener-geomatigi Said Turksevarning so‘zlariga ko‘ra, geoma’lumotlar borasida Istanbul buyukshahar baladiyasining Ochiq ma’lumotlar platformasi ham cheklangan. «Ular ma’lumot almashadigan format tasvirlab berishga hali tayyor emas, shuning uchun u bilan ishlash o‘ta samarasiz», degan u.
TESEV’dagi Oqdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya shaharlari o‘z ma’lumotlaridan barcha foydalana oladigan bo‘lishi uchun hali juda katta hajmdagi ishlarni amalga oshirish kerak. Agar ular sa’y-harakat qilmasa, munitsipal platformalar «fuqarolar oldida maqtanishga arzigulik bir narsa»dan bo‘lishdan ortig‘iga yaramay qoladi. Marmara shahar baladiyalari ittifoqidan Samad Keskin ham bu nuqtayi nazarni qo‘llab-quvvatlamoqda. «Baladiyaning ishi «yaxshi, mana, biz barcha ma’lumotlarni ochiqladik», deyish bilan bitmaydi. Bu hali hech narsani bildirmaydi; ma’lumotlar qachonki qayta ishlansa va undan foydalanishga yaroqli bo‘lsagina qadr-qimmatga ega bo‘ladi».
Favqulodda holatlarda to‘liq, tahlil qilingan va osongina yetishish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar katta ahamiyatga ega bo‘ladi, deydi Turksevar. Masalan, binolarning yuzasi va balandligi haqidagi ma’lumotlar odamlarga fevral oyida Turkiyaning janubiy-sharqiy qismida ro‘y bergan zilzila kabi holatlarda qancha odam zilzila natijasida jabr tortgan bo‘lishi mumkinligini baholashda qo‘l keladi. O‘sha falokat chog‘ida odamlar ijtimoiy tarmoqlarga zararlangan binolarning joylashgan o‘rni va qarindoshlari so‘nggi marta kirib qamalib qolgan joylar haqida qayg‘uli postlar joylab, xabar berishgan. Biroq ushbu chaqiriqlarni yig‘ish va tartibga soluvchi markazlashtirilgan platforma yo‘qligi sababli ko‘plab so‘rovlar qanoatlantirilmasdan qolib ketgan va fojiaviy oqibatlarga olib kelgan.
Foto: Natan Leyn / Bloomberg
TESEV’ning tadqiqotlar bo‘yicha direktori Oqdo‘g‘anning tan olishicha, «Turkiyadagi siyosiy madaniyat axborot va ma’lumotlar almashish uchun ochiq emas; hattoki bir baladiya doirasida turli bo‘linmalar boshqalarda qanday ma’lumotlar borligini bilmaydi». Lekin uning tashkiloti siyosatchilar va amaldorlarning siyosiy qarama-qarshiligiga qaramasdan birgalikda ishlashga yordam berish uchun ishning texnik tomoniga e’tibor qaratib, bu to‘siqlarni yengib o‘tish uchun harakat qilmoqda. COVID-19 pandemiyasi chog‘ida TESEV’ni krizisning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini tadqiq etish, ma’lumotlar asosida yechimlar taklif etish masalasida raqobatlashayotgan merlari turli partiyalardan bo‘lgan ikkita tumani hokimiyati qo‘llab-quvvatlagan.
Bunday hamkorlik ma’lumotlar bilan bog‘liq loyihalar Turkiyadagi shaharlarni samarali boshqarishda xalaqit beruvchi azaliy siyosiy mojarolarni yengib o‘tishda ham yordam qilishiga umid uyg‘otmoqda. «Biz ularga ma’lumotlar bilan bo‘lishishdan qo‘rqmaslik kerakligini ko‘rsatishga urinmoqdamiz, – degan Oqdo‘g‘an. – Aslida bu ularni yanada kuchliroq qiluvchi narsa».
Mavzuga oid
18:08 / 09.06.2026
Istanbulda o‘zbekistonlik 6 yoshli bola tramvay ostida qolib, vafot etdi
13:14 / 07.06.2026
Olti yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
15:36 / 07.04.2026
Istanbulda Isroil konsulxonasi oldida otishma ro‘y berdi
19:27 / 05.04.2026