O‘zbekiston | 13:37 / 15.06.2023
9765
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Farg‘onada ta’lim, sog‘liqni saqlash va uy-joy qurilishi bilan bog‘liq rejalarni ma’lum qildi

O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashuvda o‘z saylovoldi dasturidagi ijtimoiy yo‘nalishlar bo‘yicha rejalarga to‘xtaldi, deya tadbirdan xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Nomzodga ko‘ra:

- Farg‘ona viloyatida 2 mingta yangi davlat va xususiy bog‘chalar tashkil etish hisobiga maktabgacha ta’lim qamrovini 100 foizga yetkazish maqsad qilingan;
- 2030 yilga qadar  zamonaviy maktablar barpo etish, mavjudlarining quvvatini oshirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hisobiga qo‘shimcha 125 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Natijada, mavjud quvvatlarga nisbatan 2 baravar ko‘p o‘quvchiga ega bo‘lgan 175 ta maktab yuklamasi kamaytiriladi;
- viloyatdagi 350 ta maktab to‘liq ta’mirlanadi, barcha maktablar zamonaviy kompyuter sinflari bilan jihozlanadi.

Sog‘liqni saqlashga ham e’tibor yanada kuchaytiriladi. 2030 yilga qadar:
- Farg‘onada 100 dan ortiq tibbiyot muassasalari quriladi va ta’mirlanadi;
- sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish orqali, yana 300 dan ziyod xususiy klinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi (ularning soni 1 ming 100 taga yetkaziladi).
- viloyatdagi endokrinologiya, urologiya va kardiologiya markazlari, shuningdek ko‘p tarmoqli shifoxona va tez tibbiy yordam xizmatini o‘z ichiga qamrab olgan mazkur klasterni barpo etishga 150 million dollar yo‘naltiriladi.

Natijada, ushbu klaster tomonidan yiliga 100 ming nafar bemorlarga yuqori malakali tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi ta’minlanadi.

“Bugungi kunda viloyatdagi onkologik kasallikka chalingan 7 mingdan ortiq bemorlar nur terapiyasini olish uchun poytaxtga yoki qo‘shni viloyatlarga qatnashga majbur bo‘lmoqda. Shu bois, 10 million dollar sarmoya evaziga “Nur terapiya markazi” ishga tushiriladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, kelgusi yetti yilda viloyatda zamonaviy va hamyonbop uy-joylar qurish hajmi 3 karra oshiriladi.

“Xabaringiz bor, Farg‘ona shahrida 300 gektar maydonda yangi “Eko shahar” massivini barpo etishni boshlaganmiz. Ushbu hududning to‘rtdan bir qismi yoki 70 gektarida “Yangi O‘zbekiston bog‘i”, sun’iy ko‘l hamda istirohat bog‘i joylashadi. Bir so‘z bilan aytganda, bu shaharcha odamlarimiz yashashi uchun qulay, xavfsiz va bahavo maskanga aylanadi. Ushbu shaharchada 15 ming xonadonga mo‘ljallangan 300 ta ko‘p qavatli uy-joylar foydalanishga topshiriladi.

Umuman olganda, kelgusi yetti yilda viloyatda 2,5 mingta ko‘p qavatli uylar qurilishi hisobiga, 100 ming oila shinam uy-joyga ega bo‘ladi. Bunga barcha manbalar hisobidan 2,5 milliard dollar yo‘naltiriladi”, — dedi prezidentlikka nomzod.

Сардор Раҳмонқулов
Tayyorlagan Сардор Раҳмонқулов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid