Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada tug‘ilish rekord darajada pasaymoqda: urush bu borada ertangi kunga ishonchni ham o‘ldirmoqda
2023 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiyada so‘nggi 25 yil ichida tug‘ilishning eng kam ko‘rsatkichi qayd etilishi mumkin. Rosstatning yanvar–aprel oylari uchun e’lon qilingan natijalarini qolgan sakkiz oy uchun taqsimlab shunday xulosaga kelish mumkin. Yaqin kelajakda tug‘ilish soni o‘sishi uchun sabab ham ko‘rinmayapti.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2023 yilning dastlabki to‘rt oyida Rossiyada 407 ming 188 nafar bola dunyoga kelgan. Bu 420 mingdan ziyod bola tug‘ilgan 2022 yilning shu davriga nisbatan 12 ming 885 nafarga kamroq.
Agar 2023 yilning qolgan oylarida ham tug‘ilish darajasi shunday bo‘lib qolaversa, 407 ming 188 sonini uchga ko‘paytirib, 1 mln 221 ming yangi tug‘ilgan chaqaloqlar sonini chiqarish mumkin.
Sovet va Rossiya rasmiy statistikasiga ko‘ra, 1980 yildan buyon Rossiyada faqat 1999 yilda bu ko‘rsatkichdan kam bola tug‘ilgan. O‘shanda 1 mln 215 ming tug‘ilish qayd etilgan va buning sababi 1998 yilgi o‘rta sinfga qaqshatqich zarba bergan defolt bilan tushuntirilgan.
Qayd etish lozimki, Rossiyada 2014 yildan buyon sakkiz yildirki, tug‘ilish darajasi paydar-pay kamayib bormoqda. 2014 yilda Rosstat 1 mln 912 ming chaqaloq dunyoga kelganini qayd etgandi — bu 1992 yildan keyingi eng rekord ko‘rsatkich bo‘lgan (2014 yilgi natijalarda Rossiyaning xalqaro tan olingan chegaralaridagi tug‘ilishgina emas, Qrimdagi tug‘ilishlar soni ham hisobga olingan; ikkinchidan, Putin davrining eng yaxshi ko‘rsatkichi shu holda ham sovet davridagi eng yaxshi ko‘rsatkichlarga yaqin kela olmagan: 1980-yillarda RSFSRda ayrim yillari 2,5 milliongacha bola dunyoga kelgan).
Tabiiyki, Rossiyada tug‘ilish darajasi aynan Ukrainaga hujum boshlangan 2014 yildan boshlab tusha boshlagani aslo tasodif emas.
Garchi avvalboshda — Qrim anneksiya qilinganida fuqarolar shapkasini osmonga otib, «ura» deb baqirishgan bo‘lsa-da, Putinning 2014 yilda Ukrainaga qarshi boshlagan urushi fuqarolarga ertangi kunga ishonch taqdim etmasligi tobora oydinlashmoqda. Mamlakatda tug‘ilish darajasiga ta’sir ko‘rsatgan jihat sanksiyalar va harbiy xarajatlarning o‘sishi tufayli aholining turmush darajasi yomonlashgani bo‘ldi. Boz ustiga, Rossiyada bir qator ijtimoiy kafolatlar pasaytirildi (jumladan, 2018 yilda pensiya chiqish yoshiga 5 yil qo‘shildi).
Rossiyada tug‘ilish ko‘rsatkichi bilan vaziyat bir qadar tushunarli bo‘lsa-da, aholi soni kamayishini hisoblashning boshqa bir asosiy ko‘rsatkichi — o‘lim darajasi bilan ishlar umuman pachava.
2015 yilda Rossiyada qabul qilingan qonunga ko‘ra, «tinchlik davrida» harbiy yo‘qotishlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni oshkor etish taqiqlanadi. Rossiya hozir rasman Ukrainaga qarshi urushga kirishmagan, shunchaki «maxsus harbiy amaliyot» o‘tkazayotgani sababli ulardagi vaziyat hamon «tinchlik davri» hisoblanadi, binobarin, harbiy yo‘qotishlar haqidagi ma’lumotlar ochiq axboriy makonga chiqarilmaydi.
Rosstat tomonidan e’lon qilinayotgan oddiy o‘lim ko‘rsatkichlariga ham ishonib bo‘lmaydi. Davlat idorasi avvalroq e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada o‘lim ko‘rsatkichi 2021 yildagi 2 mln 445 mingdan urush boshlangan 2022 yilda 1 mln 905 minggacha pasaygan va qariyb 540 mingga keskin qisqargan. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng eng qirg‘inbarot urushda qatnashayotgan mamlakatda bunaqasi qanday ro‘y berishi mumkin degan o‘rinli savol bir chetga surib qo‘yilganida ham, boshqa savollar ochiq qolaveradi.
O‘lim darajasi fantastik darajada yarim milliondan ko‘proqqa qisqarganini koronavirus pandemiyasi tugagani bilan tushuntirish mumkin: u 2020 va 2021 yillarda 300 mingdan ziyod «ortiqcha o‘lim» ko‘rsatkichlarini taqdim etgandi. Biz o‘sha 300 ming «ortiqcha» o‘limni 540 mingdan ayrib tashlaganimizda ham 240 ming soni noma’lumligicha qolmoqda. Demak, Rosstat versiyasiga ko‘ra, 2022 yildagi oddiy o‘lim ko‘rsatkichi aynan mana shunchaga qisqargan bo‘lib chiqmoqda. Bunaqasi bo‘lishi mumkinmi?
Bu savolga qat’iy ilmiy javob quyidagicha bo‘ladi: Rossiyada so‘nggi 40 yil ichida o‘lim darajasining bunday keng miqyosda pasayishi kuzatilmagan.
Albatta, turli yillarda o‘lim darajasining tebranishlari yuz berib turgan, lekin ular bir necha o‘n ming atrofida bo‘lgan. Rossiyada o‘lim darajasining eng ko‘p pasayishi 2006 yilda ro‘y bergan. O‘shanda 2005 yilga nisbatan ko‘rsatkich 137 mingga kamaygan. Bu hol Chechenistonda harbiy harakatlarning chindan ham tugatilgani, o‘sha yili qurollangan chechen muxolifatining amnistiya ostiga tushishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Lekin o‘shangacha ham, undan keyin ham — 2022 yilgacha Rossiyada o‘lim darajasining bu qadar keng miqyosda qisqarishi kuzatilmagan.
Endi esa Ukrainaga qarshi keng miqyosli urushning eng qizg‘in pallasi yuz bergan yilda Rossiyada o‘lim darajasi 240 mingga qisqarmoqda. 2022 yilda bunday voqea yuz berishi uchun hech bir qulay shart-sharoitlar yuz bermaganini eslatib o‘tish ortiqcha: mamlakatda ishsizlik soni va oziq-ovqatlar narxi oshib borishda, meditsina va ijtimoiy soha degradatsiyaga uchrashda davom etdi. Bular hali keng miqyosdagi urush bo‘layotganini hisobga olmaganda, deb yozadi jurnalist Aleksandr Jyelenin.
O‘z-o‘zidan tushunarliki, bunday raqamlar Rossiya rasmiy statistikasiga ishonchni mustahkamlamaydi. Ularga qarab Rossiyadagi demografiya bilan nimalar bo‘layotganini tushunish, qop-qorong‘i xonada qora mushukni tutishga harakat qilish bilan barobar, ayniqsa xonada mushukning o‘zi bo‘lmasa.
Bu vaziyatda Rossiya aholisining real kamayishini prognoz qilish bema’ni xatti-harakat, chunki kerakli natijani olish uchun asosiy ko‘rsatkichlardan biri tug‘ilish bilan birga aynan haqqoniy o‘lim darajasi lozim bo‘ladi, uni esa Rossiya statistikasi osmondan olib yozgan.
Biroq, Rosstatning rasmiy raqamlari asosida Rossiyaning 2023 yilgi aholi kamayishi natijalarini hisoblashga urinib ko‘rilsa, hattoki shunda ham natija optimistik ko‘rinish olmaydi.
Agar Rossiyada o‘lim darajasi 2023 yil oxiriga qadar yanvar–aprel oylari darajasida (596 ming) saqlanib qoladigan bo‘lsa, yil so‘ngiga borib u 1 mln 787 ming kishi atrofida bo‘ladi (596 ming × 3). Bu sondan tug‘iladigan bolalar soni — 1 mln 225 ming (407,2 ming × 3)ni ayirib tashlasak, Rossiyaning 2023 yilda kamayadigan aholisi soniga ega bo‘lamiz — taxminan 565 ming kishi.
Hattoki shu sonning o‘zi ham dahshatli ko‘rinishga ega. Boz ustiga, yuqorida zikr etilganidek, oddiy o‘lim ko‘rsatkichlari reallikka aslo mos emasligi hisobga olinsa.
Bunga hali urush shu yil tugamaydigan va hozirgidek intensivlikda davom etadigan bo‘lsa Rossiya Federatsiyasining tiklab bo‘lmas harbiy yo‘qotishlarini ham qo‘shing. 2022 yilning 25 noyabrida Novo-Ogaryovo qarorgohida Putin urushda halok bo‘lgan askarlarning onalari va bevalari bilan uchrashuvida Rossiyaning harbiy yo‘qotishlari miqyosini to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmagan shaklda ifoda etgan edi: «Bizda yo‘l-transport hodisalarida yiliga 30 ming odam o‘ladi, alkogoldan zaharlanib o‘ladiganlar miqdori ham qariyb shuncha».
Ya’ni, Putin urushning 9 oyida 60 ming kishi o‘lganini boshqacharoq qilib ochiqlagan. Tabiiyki, Putin o‘z yo‘qotishlari sonini oshirib ko‘rsatishini tasavvur etib bo‘lmaydi. Har qanday bosh qo‘mondon singari u ommaviy chiqishlarida imkon qadar ularni pasaytirib ko‘rsatadi. Binobarin, urushning bir yili ichida kamida 100 ming rossiyalik harbiylar o‘lganini taxmin qilish mumkin. Bu songa «oddiy» o‘lim ko‘rsatkichlari sonini qo‘shsak, 2023 yilda aholi soni 700 mingga kamayishini chiqaramiz. Bu soni «dahshatli 90-yillar» darajasida, boz ustiga, hisob-kitoblar rasman tilga olingan raqamlar asosida olib borilgan, tabiiyki, pasaytirilgan raqamlardan foydalanilgan.
Urushning chang-to‘zoni pasaygach, olovlar o‘chgach, o‘q ovozlari tingach, voqelik aslida bundan-da dahshatliroq bo‘lib chiqishi mumkin.
Mavzuga oid
08:27 / 04.06.2026
Eron bilan urush Kongressda ham bahslarga sabab bo‘lmoqda
16:56 / 03.06.2026
Saxalin oroli va Tinch okeani flotidan ayrilgan Rossiya – Rus-yapon urushi tarixi
18:35 / 05.05.2026
Telegram’dagi tuzoq – O‘zbekistonda Rossiya-Ukraina urushiga yollovchi shaxslar paydo bo‘lmoqda
22:39 / 30.03.2026