Jamiyat | 19:25 / 20.06.2023
27168
4 daqiqa o‘qiladi

Tushdan keyingi uyquning sog‘liq uchun foydalari haqida ma’lumot berildi

Kunduzgi muntazam uyqu miya uchun foydali - bu uni sog‘lom saqlaydi va shu bilan birga umrni uzaytiradi.

London Universitet kolleji tadqiqotchilari tushdan keyingi uyqu miya hajmini oshirishini aniqladi, bu esa yosh o‘tishi bilan qisqarib boradigan miyani yoshartirishi mumkin. Bu mavzuga bag‘ishlangan ish Sleep Health nashrida chop etildi.

Tadqiqot mualliflaridan biri, doktor Viktoriya Garfild so‘zlariga ko‘ra, kunduzgi uyqu jismoniy mashqlardan ko‘ra tiklanishning ancha jozibali va qulay shaklidir, garchi uning o‘zi, o‘z e’tirofiga ko‘ra, sport zalida yarim soatlik mashg‘ulotni afzal ko‘rsa-da.

Shu bilan birga, mutaxassislar tan olishadiki, tushdan keyingi uyqu — hashamat. Hamma ham biroz bo‘lsa-da mizg‘ib ololmaydi, ayniqsa ishlaydigan odamlarning bu ishi boshliqqa yoqmasligi mumkin.

Peshindan keyingi uyqu yosh bolalar uchun juda muhimdir, bu ularning normal rivojlanishiga imkon beradi. Ilgari bolalar bog‘chalarida, ayniqsa sovet davrida bu majburiy bo‘lgan. Bolalar xohlaydimi yoki yo‘qmi, albatta, to‘shakda qator yotqizib qo‘yilgan.

Voyaga yetganidan so‘ng, ko‘pchilik bu vaqtni sog‘inadi, chunki deyarli hech kim kun davomida uxlash uchun vaqt ajrata olmaydi. Ammo pensiyaga yaqinlashganda, bunday imkoniyat yana paydo bo‘ladi va endi bu vaqt boy berilmaydi: so‘rovlarga ko‘ra, 65 yoshdan oshgan odamlarning taxminan 27 foizi kunning yarmida uxlab oladi.

Ma’lumki, miya yosh o‘tishi bilan quriydi, bu esa turli, ba’zan tiklab bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi. Tadqiqotchilar muntazam uxlash Alsgeymer kabi kasalliklardan qutqarishi mumkinligiga ishonchi komil emas. Ammo ular uyqusizlik yoki sifatsiz uyqu vaqt o‘tishi bilan miyaga zarar yetkazishi, yallig‘lanishni keltirib chiqarishi va hujayralar o‘rtasidagi aloqani buzishini ta’kidlaydi.

Uyqu jarayonini tadqiq qilish oson emas. Kunduzgi uyqu sog‘liqni yaxshilashi mumkin, ammo boshqa tomondan, sog‘liq bilan bog‘liq muammolari odamni uyqusiratishi ham haqiqat. Buning sababi nima, oqibati nima ekanini qanday tushunish mumkin?

Peshingi uyquning foydasini isbotlash uchun britaniyalik olimlar DNK asosida ulkan tabiiy tajriba o‘tkazishdi. Avvalgi tadqiqotlar natijasida allaqachon uyqu yoki uyg‘onish tendensiyasi uchun mas’ul bo‘lgan 97 ta DNK segmenti aniqlangan edi.

Bu safar tadqiqotchilar 40 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan 35 ming kishi DNK ma’lumotlarini tahlil qilishdi va genetik jihatdan kunduzgi uyquga moyil bo‘lganlarning miya hajmini genetik «uyg‘oqlar» miyasi bilan taqqoslashdi.

Hajmdagi farq 15 kub santimetrni tashkil etdi, bu unchalik katta farq emas. Lekin aslida bu hayotning 2,6 dan 6,5 gacha qo‘shimcha yillarini anglatishi mumkin.

Tadqiqotchilar kunduzgi uyquning sog‘liqqa qanday ta’sir qilishini aytishga jur’at eta olmaydilar, lekin ular ishonch bilan aytishadiki, yarim soat uxlash orqali miya hajmini biroz bo‘lsa-da oshirish, uni va sog‘liqni mustahkamlash kafolatlanadi.

Mavzuga oid