Jahon | 12:00 / 22.06.2023
5003
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukraina iqtisodiyotini tiklash uchun yana 1,3 mlrd dollar ajratadi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainaga yordam berish uchun foydalanishni rejalashtirmoqda. AQSh Ukraina iqtisodiyotiga yana 1,3 milliard dollar sarmoya kiritadi.

Foto: AP

AQSh Ukraina iqtisodiyotini tiklash uchun yana 1,3 milliard dollar ajratadi. «Biz Ukrainani qayta tiklashga yordam berish uchun shu yerdamiz», dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 21 iyun, chorshanba kuni Londonda bo‘lib o‘tgan Ukrainani tiklash konferensiyasida.

AQShning Kiyevga ajratilgan yangi mablag‘larining yarmiga yaqini (520 million dollar) Ukrainada vayron bo‘lgan energetika infratuzilmasini tiklashga sarflanadi. Qolgan mablag‘ temiryo‘llar, ko‘priklar, chegaralar va «Ukrainani Yevropa bilan bog‘laydigan muhim infratuzilmani» yangilashga sarflanadi, dedi AQSh davlat kotibi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok joriy yilda Ukrainaga yana 381 million yevro humanitar yordam ajratishga va’da berdi. «Qayta tiklash pul bilan bog‘liq. Ammo Germaniya Ukraina kelajagini qurishda ishtirok etish va unga yashil energiyani rivojlantirishda yordam berish niyatida. Germaniya kompaniyalarini ham Ukrainaga sarmoya kiritishga rag‘batlantirish kerak», dedi u.

London konferensiyasida Berbokdan tashqari Germaniya Federativ Respublikasining iqtisodiy hamkorlik vaziri Svenya Shulse ham ishtirok etdi. London forumi ishida jami 61 davlatdan mingdan ortiq hukumat vakillari, shuningdek, investorlar va kompaniyalar qatnashdi.

Bu, birinchi navbatda, Ukrainani tiklash uchun xususiy investorlarni jalb qilishga qaratilgan ikkinchi shunday anjumandir. Keyingi konferensiya kelasi yili Germaniyada bo‘lib o‘tadi. 

Yevropa Komissiyasi (YeK) raisi Ursula fon der Lyayyen Londondagi yig‘ilishda Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainani tiklash uchun foydalanish rejalari haqida ma’lum qildi. YeK yozgi ta’til oldidan rejani taqdim etadi, deya va’da berdi u.

Ayni paytda, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukrainada normal hayot sharoitining tiklanishi «mafkuraviy g‘alaba» bo‘lishini aytdi. «Dunyoning ko‘zi Ukraina ittifoqchilar ko‘magida bu maqsadiga erisha oladimi yoki yo‘qmi, degan savolga qaramoqda. Ozodlik g‘alaba qozonishi kerak», - deya ta’kidladi u Londondagi konferensiyada video-aloqa orqali. 

Zelenskiy o‘tgan yili Ukraina yalpi ichki mahsuloti urush natijasida 29 foizga qisqarganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatga faqat va’dalar emas, balki aniq harakatlar kerak. Fon der Lyayyen va Blinken Ukrainaning sa’y-harakatlarini olqishlab, Kiyevga Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlardan doimiy yordam ko‘rsatishga va’da berdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid