21 iyun kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Bilim va malakalarni baholash agentligi mutasaddilari ishtirokida 2023/2024 o‘quv yili qabuliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Mas’ullar bu yil qabulda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi, savol varaqalarining tarqalib ketmasligi uchun ko‘rilayotgan choralar, qabulda maktab baholarining inobatga olinishi kabi masalalarda savollarga javob berdi.
Bu yil bakalavriat uchun kunduzgi ta’lim to‘lov-kontrakt qabul kvotalari 92 254 tani tashkil etmoqda, davlat granti esa 34860 ta etib belgilangan.
“O‘tgan yilgiga nisbatan 2023/2024 o‘quv yilida qabul kvotalari soni grant uchun 10 foizga, to‘lov-kontraktga 1 foizga oshirilgan. Bu yerda grantda ko‘proq o‘sish bor”, – deydi vazirlik departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov.
Ma’lumot berilishicha, imtiyozlar asosida o‘qishga kirish uchun umumiy tasdiqlangan kvotadan tashqari 15 mingta qo‘shimcha kvota ajratilgan.
Shuningdek, anjumanda imtihon nazoratchilari qanday tanlov asosida olingani masalasiga ham to‘xtab o‘tildi. Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori maslahatchisi Farhod Mirzayevning bergan ma’lumotiga ko‘ra, bu yil guruh nazoratchilarini tanlab olish ochiq platformaga hujjat topshirish asosida tashkil qilingan bo‘lib, 8956 nafar talabgor guruh nazoratchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
“Maxsus o‘quv kurslaridan o‘tganidan keyin, test va suhbat orqali 4000ga yaqin guruh nazoratchisi tanlab olingan. Shartnoma asosida ularga har kunlik to‘lov va tushlik uchun pul berilishi belgilangan”, – dedi Mirzayev.
Imtihon natijalari chiqishida maktab baholarining inobatga olinish masalasi nega ortga surilayotganiga ham izoh berildi. Vazirlik departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov bu jarayon hali beri joriy qilinishi imkonsiz ekanini ham ma’lum qildi. U bu jarayon kechikayotganiga sabab sifatida abituriyentlar orasida 15 yil oldin maktabni tugatganlar va litsey, kollej o‘quvchilari ham borligi ekanini aytdi.










