O‘zbekiston | 12:04 / 21.06.2023
8037
3 daqiqa o‘qiladi

O‘qishga kirishda maktab baholari hisobga olinishi nega ortga surilayotganiga izoh berildi

Maktab baholari bu yilgi abituriyentlar natijalariga qo‘shilish ehtimoli past. Vazirlikning izoh berishicha, bu tizim orqaga surilayotganiga sabab abituriyentlar orasida 15 yil oldin maktabni tugatganlar va litsey, kollej o‘quvchilari ham borligi bo‘lyapti. Ularning ballini onlayn tizimga integratsiyalash to‘liq yakuniga yetgani yo‘q.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Bilim va malakalarni baholash agentligi mutasaddilari ishtirokida “2023/2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Kun.uz muxbiri mutassadilarga nega maktab baholarining o‘qishga kirish balliga qo‘shib berilishi haqidagi qaror ijrosi kechikib ketayotgani haqidagi savol bilan yuzlandi. Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori maslahatchisi Farhod Mirzayev maktab baholari inobatga olinishining hujjat topshirish jarayoniga hech qanday ta’siri yo‘qligini bildirib, agar bu inobatga olinadigan bo‘lsa, mandatgacha aniq bo‘lishini aytdi.

Bu yil bitiruvchilarimiz uchun ball qo‘shish imkoniyati yaratilgan. Lekin oldingi yildagi bitiruvchilar uchun alohida e’tiborga olinmay qolib ketyapti. Shuning uchun bu narsani qanday amalga oshirish mexanizmi yana chuqurroq o‘rganilyapti. Lekin tizim shu yildan kuchga kiradi”, – dedi u.

Biroq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov bu fikrni inkor qildi. Hatto bu jarayon hali beri joriy qilinishi imkonsiz ekanini ma’lum qildi.

Ko‘pchilik abituriyent deganda bu yilgi maktab bitiruvchilarini tushunadi, lekin 15 yil oldin maktabni bitirgan abituriyentlar ham bor. Ya’ni teng huquqlilik degan narsa buziladi. Chunki 15 yil oldingi maktab bitiruvchisi ballarining o‘rtachasini chiqarish uchun elektron baza yo‘q. Shu sabab bu jarayon 100 foiz barcha abituriyent uchun ishlaydigan holatga kelgandan keyin ishlatiladi. Bu yil ham ehtimoli kam. Chunki odingi yillarda tugatgan abituriyentlar soni juda ham ko‘p”, – dedi u.

Xoliqov jarayon kechikayotganining ikkinchi sababi sifatida litsey va kollej bitiruvchilari ballarini qo‘shish jarayoni ham ko‘p vaqt olishini aytdi.

Litsey bitiruvchilari 2 yil o‘qisa, uni 4 yilligi maktabida qolib ketgan. Yoki kasb hunar maktab o‘quvchilari bor. Uning 4 yili ham maktabda qolib ketgan. Ya’ni barchasining integratsiyasi to‘liq yakunlanganidan keyin bu jarayon hisobga olinadi. O‘shanda tenglik bo‘ladi. Shu sabab bu jarayon orqaga surilyapti, lekin qachondir ishlaydi bu tizim”, – dedi Xoliqov.

Eslatib o‘tamiz, maktab bitiruvchilarining o‘rtacha balli abituriyent to‘plagan balliga qo‘shib berilishi haqidagi qaror 2021 yilda qabul qilingan edi. Yaqinda Bilim va malakalarni baholash agentligi bu bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelinmagani va tizim qayta ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi

Mavzuga oid