O‘zbekiston | 20:38 / 26.06.2023
15393
6 daqiqa o‘qiladi

Blinkenning tashrifiga Xitoyning diplomatik yutuqlari sababmi? Siyosatshunoslar bilan suhbat

18 iyun kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Pekinga borib, Xitoy amaldorlari, xususan XXR raisi Si Jinping bilan uchrashdi. O‘zaro sovuq munosabatdagi ikki gigant davlat amaldorlari o‘rtasida bunday darajadagi uchrashuv ancha vaqtdan beri bo‘lmagan edi. Kun.uz muxbiri AQSh–Xitoy munosabatlari mavzusida siyosatshunoslar Xayrulla Umarov va Kamoliddin Rabbimovni intervyuga taklif qildi.

— AQShning yuqori martabali amaldori 5 yilda ilk marta Xitoyga bordi. Tashrifning asosiy maqsadi nima edi?

Xayrulla Umarov: Bir qancha sabablarni ko‘rsatish mumkin. 2019 yilda tarqala boshlagan koronavirus masalasida ikki tomon bir-birini ayblagan edi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy masalalarning ortib borishi, Osiyo Tinch okeani mintaqasidagi munozarali orollar, Xitoyning Yaqin Sharq mintaqasidagi diplomatik yutuqlari, Falastin–Isroil mojarosiga Xitoyning munosabati va Ukraina urushi bilan bog‘liq masalalar. Ya’ni Blinkenning tashrifida muhokama qilinadigan mavzular yig‘ilib qolgandi.

Blinken aslida fevral oyida Pekinga kelishi kutilayotgan edi, biroq o‘sha vaqtda Xitoyning havo shari AQSh hududida paydo bo‘lgani yangi taranglikni keltirib chiqargandi. AQSh buni josuslik shari desa, Xitoy aksincha kosmik maqsadlarda foydalanishini ma’lum qilgandi.

Kamoliddin Rabbimov: Uchrashuvda albatta Rossiya-Ukraina urushi va Tayvan masalasi ham muhokama qilingan. AQSh ham, Xitoy ham buni har xil ko‘rinishda bildirdi. Ya’ni Qo‘shma Shtatlar Ukraina-Rossiya urushi jarayonida XXR Moskvaga qurol yetkazib bermasligini so‘rab keladi. AQSh bu borada Xitoyning qurol yetkazib bergani haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan. AQSh va Xitoy hozirda dunyoning ikki qudratli davlati va ularning o‘zaro iqtisodiy bog‘liqligi nihoyatda yuqori darajada. Lekin AQSh so‘nggi yillarda Rossiyani dushman davlat deb belgilasa, Xitoyni asosiy raqib davlat sifatida ko‘rsatadi.

— AQShdagi elita va siyosatshunoslarning Xitoyga munosabati o‘zgarmoqdami?

Xayrulla Umarov: AQShning tashqi siyosati tizimli ravishda ishlaydi, hokimiyatga demokratlar kelsa ham, respublikachi kelsa ham, Rossiya va Xitoy raqib bo‘lib qolaveradi. Shuningdek, AQShning harbiy samolyotlari Xitoy chegaralari atrofida aylanib yurishi bevosita harbiy razvedka maqsadida aylanib yuradi va bu ham Xitoyning AQShga nisbatan shakllanadigan siyosatiga ta’sir o‘tkazadi.

Kamoliddin Rabbimov: AQShdagi elita va siyosatshunoslarning Xitoyga munosabati o‘zgargani yo‘q va o‘zgarmaydi ham. XXI asrning eng asosiy masalasi – AQSh va Xitoy o‘rtasida muqarrar bo‘ladigan to‘qnashuvda kim g‘alaba qozonadi degan savol. O‘ylaymanki yaqin o‘n yilliklar o‘rtasida mazkur ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki gibrid to‘qnashuv albatta yuz beradi.

— Xitoy-AQSh munosabatlariga Rossiya-Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi vaziyat qanday ta’sir etishi mumkin?

Kamoliddin Rabbimov: Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasida sifat jihatdan yangi bir raqobat boshlangan. Fevral oyida Blinkenning Pekinga safari qoldirildi va Xitoy Yaqin Sharqda bir qancha diplomatik tashabbuslarga erishdi.

Xususan, Eron va Saudiyani yarashtirishi, arab hamjamiyatini ko‘proq o‘z tomoniga og‘dirishi, Sianda Markaziy Osiyo va Xitoy rahbarlarining ilk forumi o‘tkazilishi, Honduras davlati Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib o‘z elchixonasini Pekinga ko‘chirganini aytishimiz mumkin. Shuningdek, Falastin rahbari Pekinga bordi va bir qancha foydali takliflarni qabul qildi. Bu bayonotlar esa Isroilni qo‘rqitadi va Amerika tomoniga otilgan toshdir.

AQSh tomonidan esa uyg‘urlar masalasi ko‘tarilyapti va Xitoy bunga javoban musulmon dunyosi uchun ramziy ma’noga ega Falastinni qo‘llamoqda. Demak, AQSh va Xitoy uzoq muddatli tirashuvga tayyorlanishmoqda.

Xayrulla Umarov: AQShda yahudiy lobbisi katta kuchga ega va yahudiylar uchun Quddus muhim masala hisoblanadi. Blinken nega Mahmud Abbosdan keyinoq keldi? Chunki Xitoy global siyosatda ilgarilab ketmoqda. Saudiya-Eron, Pokistondagi tashabbuslar, Afrikadagi bir qator masalalarda ham o‘zini ko‘rsatmoqda. Bu esa tabiiyki AQShni tashvishga solishi aniq.

Xitoy 90-yillarda asosan ishlab chiqarishga urg‘u bergan bo‘lsa, hozirda yangi avlod texnologiyalariga o‘tmoqda. Agar Ukrainadagi urushda Rossiya mag‘lubiyatga uchrasa va Qo‘shma Shtatlar Rossiya hududiga tartib o‘rnatish uchun qo‘shin kiritsa, tabiiyki, NATO Xitoyning chegaralariga yaqin keladi. Shuning uchun ham Xitoy urushni kuzatib, o‘zining salohiyatini kuchaytiradi.

— AQSh va Xitoyning Markaziy Osiyodagi manfaatlari to‘qnashishi mumkinmi?

Xayrulla Umarov: To‘qnashuv bor, Markaziy Osiyo dunyoning yuragi hisoblanadi (hartlend). Markaziy Osiyoda Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Xitoy, Eron, Qo‘shma Shtatlarning manfaati bor. Markaziy Osiyodan Rossiya va Xitoyga zarba berish mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: Markaziy Osiyo geosiyosiy chorrahada joylashgan. Keyingi 3-4 yil ichida Rossiyaning Qozog‘istonga bosimi yuqori va To‘qayev bilan Putinning munosabatini yaxshi bilamiz. Sharqiy tomondan Xitoyning mintaqamizdagi ishtiroki yildan yilga ortib boryapti va keyingi yillarda Xitoy Markaziy Osiyoning birinchi savdo-iqtisodiy hamkoriga aylangan. AQSh va Xitoy o‘rtasidagi raqobat ohista kristallashib bormoqda.

·       Suhbatni to‘liq tarzda video orqali tomosha qiling.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid