Jahon | 11:53 / 28.06.2023
15396
5 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘arbiy sohildagi aholi manzillarini kengaytirmoqda. AQSh bunga keskin qarshi

Isroil G‘arbiy sohildagi aholi manzillarini katta ko‘lamda kengaytirish rejasini e’lon qildi. AQSh okkupatsiya qilingan hududdagi aholi yashash manzillarida minglab yangi uylar qurish bo‘yicha ulkan rejalarga javoban G‘arbiy sohildagi Isroil universitetlarini moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi.

Foto: Getty Images

Mamlakat tarixidagi eng ultra-konservativ hukumat hisoblanuvchi hozirgi Isroil hukumati G‘arbiy sohilda ko‘chib boruvchilar uchun 6 mingga yaqin yangi uy qurish rejasini ma’qulladi. Bu juda katta qurilish loyihasi.

G‘arbiy sohilda kuchayib borayotgan zo‘ravonlik to‘lqini fonida qabul qilingan bu qaror nafaqat Falastin, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham qoralandi. Hatto Isroilning eng yaqin ittifoqchisi AQSh ham bu qadamga keskin qarshi chiqdi va agar yangi aholi yashash manzillari qurilishiga yashil chiroq yoqilsa, G‘arbiy sohildagi Isroil universitetlarini moliyalashtirishni to‘xtatish bilan tahdid qildi.

Qattiq norozilik va kuchli ishtiyoq

G‘arbiy sohildag Falastin qishlog‘ida yoqib yuborilgan avtomobillar

Falastin hududlarida yangi aholi yashash manzillari qurilishiga qarshi chiqqan Isroilning Peace Now tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan beri G‘arbiy sohilda 13 mingga yaqin turli qurilish bosqichidagi uy bo‘lgan. Bu butun 2022 yildagidan uch barobar ko‘p.

«Isroil hukumati bizni juda tezkor sur’atda G‘arbiy sohilni to‘liq anneksiya qilish tomon yetaklamoqda», deyiladi tashkilot bayonotida.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, bosib olingan hududlarda bunday qurilishni amalga oshirish noqonuniy hisoblanadi, biroq Isroil masalaning bu yechimiga rozi emas.

Eli qishlog‘ida minglab yangi uylar qurishni nazarda tutuvchi yangi rejalar falastinliklar hujumi oqibatida bu yerga ko‘chib kelgan bir necha kishi halok bo‘lganidan bir hafta o‘tib e’lon qilindi.

Hujumga javoban qurollangan ko‘chib kelganlar Falastinning bir necha qishloqlarini vayron qildi va yoqib yubordi. Shundan so‘ng mamlakat harbiy rahbariyati va Shin Bet xavfsizlik xizmati kuchlari qo‘shma bayonot chiqarib, Isroildan kelgan ko‘chmanchilarga murojaat qildi va ulardan bunday qasos harakatlarini to‘xtatishni talab qildi.

Ko‘chmanchilarning o‘zi hukumatning yangi qurilishlar to‘g‘risidagi qarorini katta ishtiyoq bilan qabul qildi.

G‘arbiy sohildagi qishloqda armiya blokposti

«Men Isroil hukumatiga Isroil aholi yashash manzillarini doimiy ravishda kengaytirish tashabbusi uchun minnatdorchilik bildiraman. Ayniqsa, hozir, mana shu og‘ir kunlarda, bu bizni yo‘q qilishni xohlovchi barchaga sionistlarning eng munosib javobi bo‘ladi», deydi mahalliy kengash rahbari Gush-Etsion Shlomo Neyeman.

O‘z navbatida, bosh vazir Binyamin Netanyahuning yangi hukumati bilan munosabatlari yaxshi ketmayotgan, Isroilga ham ochiq, ham shaxsiy tarzda bosib olingan hududlarda aholi yashash manzillarini kengaytirish siyosatidan noroziligini bir necha bor bildirgan Vashington yangi voqealardan chuqur xavotirda ekanini ma’lum qildi.

«Aholi yashash punktlari kengayishi ikki davlat g‘oyasining geografik mavjudligini buzadi, keskinlikni oshiradi va ikki tomon o‘rtasidagi ishonchga yanada putur yetkazadi», deydi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller.

Ilm-fanga zarba

Amerika sanksiyalaridan birinchi navbatda Ariel universiteti jabr ko‘rishi mumkin

Oq uy bayonotlaridan so‘ng aniq qadamlar tashlandi. AQSh G‘arbiy sohildagi Isroil universitetlari va institutlarida olib boriladigan ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishni to‘xtatishini e’lon qildi va bu bilan ular Falastin hududlarini bosib olishni ma’qullamasliklari haqida aniq tushuncha berdi.

Bu qaror 1982 yilda, G‘arbiy sohildagi yangi aholi yashash manzilida tashkil etilgan yirik tadqiqot markazi bo‘lmish Ariyel universitetiga eng katta ta’sir ko‘rsatadi.

Metyu Millerning ta’kidlashicha, AQSh «Isroil bilan ilmiy va texnologik hamkorlikni juda qadrlaydi», ammo G‘arbiy sohildagi ilm-fanni subsidiyalashga qo‘yilgan cheklovlar «Amerikaning uzoq yillik pozitsiyasini aks ettiradi».

Darhaqiqat, Jo Bayden ma’muriyatining yangi qadami Donald Trampning Isroil G‘arbiy sohil hududini noqonuniy egallab turgani haqidagi xalqaro nuqtayi nazarga bepisand bo‘lish va hatto G‘arbiy sohilda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni «Isroilda ishlab chiqarilgan» deb belgilash g‘oyasini tasdiqlash siyosatini bekor qiladi.

Biroq, Oq uyning «ilmiy tashabbusi» allaqachon ichki qarshilikka duch kelgan. Misol uchun, Baydenning ashaddiy tanqidchisi, senator Ted Kruz prezident ma’muriyatini G‘arbiy sohilda yashovchi yahudiylarga qarshi «antisemit diskriminatsiya» va «Isroilni o‘nglanmaydigan tarzda sindirish kayfiyati»da ayblagan.

Mavzuga oid