Nursulton Nazarboyev yana bir maqomdan mahrum qilindi
Qozog‘istonda birinchi prezident Nursulton Nazarboyev «merosi»dan qutulish siyosati davom ettirilmoqda.
Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev «Nazarboyev universiteti», «Nazarboyev intellektual maktablari» va «Nazarboyev jamg‘armasi» oliy vasiylik kengashi rahbari maqomidan ayrildi.
Tegishli qoidalar payshanba kuni mamlakat parlamenti tomonidan qabul qilingan «Qozog‘iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kasbiy malaka, davlat mukofotlari, ijtimoiy ta’minot va ta’lim masalalari bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda keltirilgan.
«Davlat rahbarining avtonom ta’lim tashkilotlarining oliy vasiylik kengashini tuzish bo‘yicha vakolatlarini belgilashga o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilmoqda», deb xulosa qildi Senat.
Qonunga ko‘ra, oliy vasiylik kengashining raisi Qozog‘iston prezidenti yoki prezident tomonidan tayinlangan shaxs hisoblanadi. Oliy vasiylik kengashi to‘g‘risidagi nizom Oliy vasiylik kengashi raisi tomonidan tasdiqlanadi. Hozirgi tahrirda oliy vasiylik kengashining birinchi raisi birinchi prezident Nursulton Nazarboyev hisoblanadi.
Shuningdek, kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, iqtidorli bolalarning «Nazarboyev intellektual maktablari»da o‘qishi uchun to‘lovlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan «O‘rken» ta’lim granti endi birinchi prezident tomonidan emas, balki davlat rahbari tomonidan ta’sis etiladi.
Avvalroq Nazarboyev «Elboshi» maqomidan mahrum qilingan edi. 15 fevral kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev sobiq prezident Nazarboyev va uning oila a’zolari uchun qator imtiyozlar belgilangan «Birinchi prezident to‘g‘risida»gi qonunni bekor qiluvchi qonunni imzoladi.
2022 yil 5 iyun kuni Qozog‘istonda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Konstitutsiyadan respublikaning birinchi prezidenti Nazarboyevning roli va imtiyozlari haqidagi qoidalar chiqarib tashlandi.
Mavzuga oid
18:42 / 30.08.2024
Nazarboyevning sobiq kelini odam o‘g‘irlashda ayblanib, 12 yilga qamaldi
22:01 / 16.08.2024
Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldiuli qamoqdan ozod qilinadi
19:01 / 12.08.2024
Nazarboyevning jiyani davlatga 1,6 mlrd dollar qiymatli mulklarni qaytardi
18:39 / 15.02.2024