Jahon | 09:32 / 30.06.2023
8367
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya tartibsizliklar munosabati bilan 40 ming politsiyachini safarbar qilmoqda

Fransiyada politsiyachining o‘smir yigitni o‘ldirishi bilan bog‘liq tartibsizliklardan so‘ng o‘nlab odamlar qo‘lga olindi. Parij jamoat transporti faoliyatini cheklaydi. Poytaxt chekkalaridan birida komendantlik soati joriy etildi.

Foto: pbs.org

Fransiyada o‘smirning politsiyachi tomonidan o‘ldirilishi tufayli qator shaharlarda davom etayotgan tartibsizliklar munosabati bilan ko‘chalarda xavfsizlikni ta’minlash uchun 40 ming politsiyachi safarbar qilinadi. Bu haqda 29 iyun, payshanba kuni respublika ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen ma’lum qildi. Birgina Parij va uning chekkasida 5000 politsiyachi tartibni ta’minlaydi, dedi ichki ishlar vaziri.

Katta Parij aglomeratsiyasidagi jamoat transporti vaqtincha ish vaqtini o‘zgartirdi va uni mahalliy vaqt bilan 21:00 (Toshkent vaqti bilan 24:00) da yakunlaydi. Rasmiylar buni tartibsizliklar tufayli transport kompaniyalari xodimlari va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash zarurligi bilan izohladi. 

Ayni paytda, poytaxtdan 10 km janubi-g‘arbda joylashgan Klamar shahrida komendantlik soati joriy etildi. U 29 iyundan 3 iyulgacha mahalliy vaqt bilan 21:00 dan 06:00 gacha (Toshkent vaqti bilan 24:00-09:00) amal qiladi. Tartibsizliklar bu aholi punktini ham chetlab o‘tmadi - kechasi Klamarda tramvay yoqib yuborildi. 

27 iyun kuni fojiali voqea sodir bo‘lgan Nanterda marhum yigit xotirasiga marsh bo‘lib o‘tdi. Le Monde gazetasining yozishicha, yurishda 6200 kishi to‘plangan. Namoyishchilarning bir qismi politsiyaga tosh otishni boshladi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan javob bergan. 

O‘smir bilan bog‘liq fojia 27 iyun kuni yuz bergan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mashinani boshqarayotgan Nael M. ismli yigit uning talablarini bajarishdan bosh tortgan. Fransiyaning Rfi internet nashri xabariga ko‘ra, yosh haydovchini otgan 38 yoshli politsiyachi qasddan qotillikda gumon qilinib, hibsga olingan. 

27 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda voqea aks etgan video tarqaldi. Undan ko‘rinib turibdiki, sariq rangli mashinani tekshirish vaqtida politsiyachilardan biri haydovchiga qurol o‘qtalib turgan. Mashina uzoqlashayotganda politsiyachi o‘q uzgan va haydovchining ko‘kragini nishonga olgan. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar Naelni qutqara olmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u bilan birga mashinada yana ikki kishi bo‘lgan. Ulardan biri qochishga muvaffaq bo‘lgan, ikkinchisi - voyaga yetmagan shaxs, qo‘lga olingan, ammo 29 iyun kuni erta tongda qo‘yib yuborilgan. 

Mavzuga oid